O‘zbekiston | 21:53 / 15.01.2025
1343
6 daqiqa o‘qiladi

15 yanvar yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Avtobus yo‘laklaridan yurganlik uchun jarima, hokimning o‘g‘lini jazodan ozod etgan ibratli sudya, yolg‘on xabar tarqatgan blogerlarga 7,5 mln so‘m jarima va Shavkat Mirziyoyevning Abu-Dabidagi uchrashuvlari — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Avtobus yo‘laklaridan yurganlik uchun jarima belgilanadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yo‘nalishli transport vositalari uchun ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish tartibini buzgan haydovchilar uchun javobgarlik kiritilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasini qabul qildi. Qonun loyihasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga 128-7-moddani qo‘shishni ko‘zda tutadi.

Bunda tezkor va maxsus xizmat transportlari uchun, shuningdek, yo‘nalishli transport harakatiga xalaqit bermaslik sharti bilan yo‘lovchi tushirish yoki chiqarish kabi holatlarda qoidadan istisnolar belgilangan.

Ma’muriy jarimalar miqdori bevosita huquqbuzarliklarning joyi va holatlariga bog‘liq. Dastlab BHMning 3 baravari (1,125 mln so‘m), takror holatlarda esa 5 baravari (1,875 mln so‘m) miqdorida jarima taklif etilgan.

Jarimalar miqdorini belgilashda xalqaro tajribalar o‘rganilgan.

Hokimning o‘g‘lini qamoqdan ozod qilgan sudya «Ibratli sudya» deb topildi

Sudyalar oliy kengashi 2024 yil yakunlari bo‘yicha alohida faollik ko‘rsatgan 18 nafar sudyani «Ibratli sudya» mukofoti bilan taqdirladi. Ular orasida Namangan viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Avazbek Inomov ham bor. U elektr energiyasini o‘g‘irlagan Pop tumani hokimining o‘g‘li G‘ulom Sultonovni apellyatsiyada ozodlikka chiqargani bilan tanilgan.

Sultonov hokim A’zamjon Sultonovning o‘g‘li bo‘lib, 200 mln so‘mdan oshiq elektr energiyasini o‘g‘irlaganlikda ayblanib, 2,5 yilga qamalgan edi.

Avazbek Inomov raislik qilgan apellyatsiya sudi uni qamoqdan ozod qilgan, ammo bu qaror jamoatchilik tanqidlariga uchradi. Taftish instansiyasi apellyatsiya ajrimini bekor qilib, birinchi hukmni o‘z kuchida qoldirdi va Sultonov qayta qamaldi.

Sudlangan sobiq hokim kasaba uyushmasi raisi bo‘ldi

Andijon tumanining sobiq hokimi Abdujabbor Egamberdiyev O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Andijon viloyati kengashi raisi lavozimiga tayinlandi. Tayinlov 2024 yil 18 dekabr kuni kengashning yil yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida e’lon qilingan.

Egamberdiyev 2021-2022 yillarda Andijon tumani hokimi sifatida faoliyat yuritgan. U fuqarolarga poygakdan joy ajratish bilan tanilgan va davlat xizmatchisi etikasiga zid harakatlari tufayli lavozimidan ozod qilingan. 2023 yilda mansab vakolatini suiiste’mol qilgani uchun sudlangan va 2 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etilgan edi.

Sud qaroriga ko‘ra, Egamberdiyev shartli ravishda muddatidan ilgari ozod qilingan. U tayinlovga qadar kasaba uyushmalari tizimida ishlagan. Ma’lumot uchun, kasaba uyushmalari nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi.

Yolg‘on xabar tarqatganlarga 7,5 mln so‘mdan jarima

Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida joylashgan Oqdaryo suv ombori haqida yolg‘on xabar tarqatgan ikki fuqaro jarimaga tortildi. Ular omborda suv sathi oshgani va yoriqlar paydo bo‘lgani haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgan. Aslida suv omborida joriy ta’mirlash ishlari olib borilgan, hech qanday nosozlik aniqlanmagan.

Tuman hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, ombor va uning infratuzilmalari barqaror ishlamoqda. Yolg‘on xabar tarqatgan ikki shaxs – 1988 yilda tug‘ilgan J.H. va 1989 yilda tug‘ilgan M.P. – 10 yanvar kuni ta’mir ishlarini tasvirga olib, videoni noto‘g‘ri mazmunda tarqatgan.

Sud ularga BHMning 20 baravari, ya’ni 7,5 mln so‘mdan jarima jazosi tayinladi.

Mirziyoyev Abu-Dabida chiqish qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 yanvar kuni Birlashgan Arab Amirliklaridagi «Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi»da nutq so‘zladi. U iqlim o‘zgarishini yumshatish va global xavfsizlikni ta’minlash uchun energiya manbalarini diversifikatsiya qilish va uglevodorod ulushini kamaytirish muhimligini ta’kidladi.

Mirziyoyev Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadini – ekologik barqarorlik va resurs tejamkor “yashil” rivojlanish modelini qayd etdi. U yaqin kelajakda 9,6 gigavatt energiya quvvatlari ishga tushirilib, qayta tiklanuvchi energiya ulushini 2030 yilga qadar 54 foizga yetkazish rejasi haqida gapirdi. Hozir bu borada O‘zbekistonda 26 mlrd dollarlik 50 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.

Mirziyoyev, shuningdek, Markaziy Osiyoni “toza energiya” markaziga aylantirish muhimligini ta’kidladi.

Yirik energetika loyihalari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklarida BAA energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad al-Mazruiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda Masdar, TAQA va Etihad Water & Electricity kabi yetakchi kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Muloqotda shamol elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini qurish, neft-kimyo va suv ta’minoti sohasidagi loyihalar muhokama qilindi.

AMEA Power kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalari muvaffaqiyatli rivojlanayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, genomika yo‘nalishida M42 kompaniyasi va oziq-ovqat sanoati hamda maishiy kimyo sohalarida IFFCO Group bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.

Mirziyoyevning tashrifi davomida O‘zbekiston va BAA o‘rtasida strategik sheriklikni yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator amaliy choralar muhokama qilindi.

Mavzuga oid