Jahon | 16:19 / 18.07.2017
38169
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi birinchi lazer quroli sinoviga doir video namoyish etildi

Foto: CNN

Fors ko‘rfazida xizmat vazifasini o‘tayotgan amerikalik harbiylar lazer qurolining navbatdagi sinovini o‘tkazdi. Qurol yordamida uchuvchisiz uchar qurilma (UUQ) urib tushirildi, deb xabar qilmoqda CNN telekanali.

Telekanalga ko‘ra, lazer quroli Ponce desant kemasiga o‘rnatilgan. CNN o‘z saytida sinovdan ayrim lavhalarni namoyish etgan. Xususan, lazer yordamida suzib ketayotgan kema bortidagi uncha katta bo‘lmagan jihozlarni nishonga olish holatlari aks etgan. CNN telekanalining uqdirishicha, gap "dunyodagi birinchi faol lazer quroli" haqida bormoqda.

Amerika harbiy-dengiz kuchlari kapitani Kristofer Uellning qayd etishicha, lazer qurolidan otilganda o‘qotar qurolga qaraganda nishonga tegish aniqligi oshadi. Uning aytishicha, sinalgan qurilma "universal bo‘lib, turli nishonlarga qarshi qo‘llanilishi mumkin".

CNN so‘roqqa tutgan harbiy xizmatchilarning so‘zlariga ko‘ra, ob-havo sharoiti lazer quroli samaradorligiga ta'sir ko‘rsatmaydi. U uzoq masofalardagi tez harakatlanayotgan nishonlarni ham ura oladi. Harbiylarning aytishicha, quroldan chiqadigan lazer nuri shovqinsiz va insonga ko‘rinmaydi. 

Telekanal ma'lumotlariga qaraganda, lazer quroli taxminan 40 mln dollar atrofida turadi. Bir marta o‘q uzish esa 1 dollarga aylanadi. Unga 3 kishi xizmat ko‘rsatadi. Lavhada ta'kidlanishicha, AQSh HDK ayni vaqtda raketalarni havoda urib tushira oladigan lazer quroli ustida ish olib bormoqda.

Mavzuga oid