Jamiyat | 00:08 / 14.09.2017
111145
6 daqiqa o‘qiladi

«Otin oyining so‘nggi ovi» ko‘rsatuvi ijtimoiy tarmoqda norozilik keltirib chiqardi

Foto: brecorder.com

11 sentabr kuni «O‘zbekiston» telekanalida namoyish etilgan «Otin oyining so‘nggi ovi» nomli ko‘rsatuv ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan to‘xtovsiz muhokama qilinmoqda, deb yozadi azon.uz sayti.

Fikr bildiruvchilarning ko‘p qismi ko‘rsatuvdan g‘azablanganlarini yashirib o‘tirmayapti. «Bu bechora munis onalarimiz bunday narsalarni yetti uxlab tushlarida ham ko‘rmagan bo‘lsalar kerak. Bu ketishda endi choyxonada kitob o‘qib o‘tirgan chollarni ham hibsga olinglar, janob izquvarlar! Ular ham jamiyatimiz uchun o‘ta xavfli «huquqbuzarlar» bo‘lishi mumkin», — deb yozadi foydalanuvchilardan biri.

«Bizning bolalik paytlarimizda «huquqbuzar» deb aroq ichib mushtlashgan yoki yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchi kabi shaxslarga nisbatan aytilardi. Endi esa, bu atama din-diyonatli pensioner keksa ayollarga nisbatan qo‘llaniladigan bo‘libdi. Na kulishni bilasan, na yig‘lashni...», — deb yozadi boshqa bir foydalanuvchi.

Foydalanuvchilardan yana biri «Jinoyat"ning oldini olishga yordam so‘ragan.

Jumladan u o‘z so‘zida, «Men sohamda ko‘p yutuqlarga erishgan O‘zbekiston fuqarosiman. Musulmonman. Endi men ish faoliyatimdan tashqari, bo‘sh vaqtimda Qur'on o‘qishni o‘rganmoqchiman. Qayga boray? Qani qonuniy ta'lim? Qayerda bor qonuniy ta'lim? Men fuqaro o‘laroq O‘zbekiston hukumatidan diniy ta'lim uchun mening ehtiyojimni qondirishini talab qilaman! Men fuqaro o‘laroq O‘zbekiston hukumatini mana bunday «jinoyat»larning oldini olish uchun butun mamlakat bo‘ylab qonuniy Qur'on ta'limini yo‘lga qo‘yishni talab qilaman. Shu davlat fuqarosimanmi? Boshqa nima qilay, ayting! Otinga borib o‘rgansam — jinoyatchiman, chetga chiqib o‘rgansam — xiyonatchiman. Nima qilay? Ta'lim olish huquqimni talab qilsam maylimi? Jinoyatning oldini olishga yordam beringlar!» deb yozadi.

O‘sha foydalanuvchi o‘z so‘zlarini davom ettirar ekan ko‘rsatuv ijodkorlariga o‘zining savollarini yo‘llaydi:

«Ko‘rsatuvda fohishadan ham battar jinoyatchi qilib ko‘rsatilayotgan yoshi katta ayollar shunday ko‘rsatuvga loyiqmidi? O‘zbekistondagi konstitutsion tuzumga tahdid qilmagan, odam o‘ldirmagan, tanasini sotmagan, davlatning pulini yeb ketmagan. Ular ham kimningdir onasi, kimningdir mahrami-ku! Bular nima qilib millatni sharmanda qildiki, ularni millat oldiga olib chiqib sharmanda qilinyapti? Nega ro‘molda yurganlar qora ranglarda jinoyatchidek ko‘rsatilyapti? Nimaga ommaning fikri bunday razil usulda boshqarilyapti? Qonunni buzgan bo‘lsa, jazosini olgandir. Nega bunday qabih yo‘l bilan ko‘rsatuv tayyorlanyapti? Jinoyat sababini o‘rganadigan davlat institutlari qani? «Bu nima uchun noqonuniy ta'lim olyapti», degan savol qachon kun tartibiga qo‘yiladi? Kim qo‘yadi buni?»

Foydalanuvchilarning ba'zilari esa qonunga itoat qilishga chaqirib, aybdorlar jazosini olganligini aytadi. Lekin ular ham mo‘'tabar yoshdagi onaxonlarni televideniye orqali sharmanda qilish yaxshi ish bo‘lmaganini aytishadi.

Ijtimoiy tarmoqni kuzatgan yana bir foydalanuvchi «Alhamdulillah, xalqim kim jinoyatchi, kim jinoyatchi emas, farqiga boradigan bo‘libdi», deb yozadi.

* * *

Alisher Nazar ismli foydalanuvchi ayrim foydalanuvchilar ko‘rsatuvda so‘zlari berilgan Toshkent shahar bosh imom xatibi Anvar qori Tursunov sha'niga ham xunuk gaplar yozishayotganini hazm qila olmasdan, shunday xitob qiladi:

«Bugun bir odamni yomon otliq qilishdan osonroq ish qolmadi. Ikki kundirki, muborak Islomning «himoyachi»lari Toshkent shahar bosh imom xatibi Anvar qori Tursunov haqida aytmagan haqorati qolmadi. Lekin biror musulmon yo‘qki, «to‘xta, Anvar qori bu gapni qachon gapirgan, kim haqida gapirgan, oldin bir surishtirib ko‘raylik», demaydi. «Bir ilm ahlining orqasidan bunaqa bo‘hton gaplarni gapirish, haqoratlash, mo‘minga yarashmaydi», deb o‘ylamaydi. Yana tag‘in shu odob-axloqi bilan komil mo‘minlik da'vosida! Bugun qori aka bilan shu haqda gaplashdik. TVchilar domladan bu intervyuni yozib olganiga kamida 5–6 oy bo‘lgan. Umuman boshqa vaziyatda va boshqa mavzu uchun yozilgan suhbat «Otinoyining so‘nggi ovi»ga yamoq qilib yuborilgan, xolos. Insof qilish kerak, azizlar! Bilib-bilmay birovni yomon otliqqa chiqarish musulmonning ishi emas!»

* * *

1998 yil qayta tahrir qilingan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning 9-moddasida «Diniy o‘quv yurtlarida diniy fanlarni o‘qitayotgan shaxslar diniy ta'lim olgan bo‘lishlari va o‘z faoliyatlarini tegishli markaziy boshqaruv organining ruxsati bilan amalga oshirishlari lozim. Xususiy tartibda diniy ta'lim berish man etiladi», deb qayd etilgan, deb yozadi sayt.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 1 sentabr kuni Hazrati Imom (Xastimom) majmuasiga tashrifi chog‘ida mutasaddilardan nechta o‘rta maxsus islom bilim yurti kerakligi haqida so‘rab, Qur'oni karimning suralarini yetkazish bo‘yicha menga taklif bersangizlar, degan edi.

Mavzuga oid