Jamiyat | 12:37 / 13.04.2018
33076
10 daqiqa o‘qiladi

Biri quraman desa, ikkinchisi buzasan deydi: kim haq?

KUN.UZ sayti xalq orasiga kirib, ularni qiynab kelayotgan muammolar, dardu-tashvishini o‘rganib, keng jamoatchilik e'tiboriga havola etib keladi. Maxsus sayyor guruhimiz shunday murojaatlardan birini o‘rganish maqsadida Toshkent viloyati Bekobod shahriga bordi. 

Shaharning Beruniy ko‘chasi 21-A uyda istiqomat qilib keluvchi fuqaro Abdurazzoq Umarqulov o‘z murojaatida bir necha oila yashab kelayotgan uylarning orqa tomonida, “Qorasuv-Bo‘ka-Bekobod” yo‘lining 104-kilometrida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etilayotgani, bu o‘z navbatida shaharsozlik me'yorlariga zid ekanini aytib, vaziyatni joyida o‘rganishni so‘ragan. Biz ushbu holatni yaqindan o‘rganish maqsadida murojaatchilar bilan uchrashdik.

“Bizning yashash mintaqamiz yo‘l bo‘yida joylashganini hisobga olinsa, qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 26 dekabrdagi 342-son qarori talablariga tamoman zid ravishda, qarorni mensimagan holda qurilish ishlari olib borilmoqda. Shahar hokimining 2015 yil 30 oktabrdagi 452-son qarori g‘ayriqonuniy chiqarilgan. Chunki Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan me'yorlariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Shaharsozlik me'yorlariga muvofiq, qurilayotgan bino 1- va 2-darajali yo‘l o‘qidan 49.5 metrdan 61 metrgacha uzoqlikda bo‘lishi, ya'ni shahar bosh planidagi qizil chiziqdan tashqarida joylashishi kerak. Ammo bizning holatda shu talablarga rioya qilinmayapti”, - deydi Abdurazzoq aka. 

Ma'lum bo‘lishicha, ayni holat Toshkent viloyati “Avtomagistral” ixtisoslashgan avtomobil yo‘llarini qurish-ta'mirlash davlat birlashmasi (IAYQTDB) tomonidan 2009 yil 11 avgustdagi 145-son texnik shartlarida ham aks etilgan. 

Bizning e'tiborimizni tortgan jihati shundaki, ro‘yxatdan o‘tkazilgan qismi umuman aniq bo‘lmagan ushbu hujjatning nusxasi barcha tomonlarda bo‘lsa-da, uning original nusxasini shahar hokimligi mutasaddilari taqdim eta olishmadi. Bundan tashqari, mazkur texnik shart 2009 yil 11 avgustida 2 yil muddatga berilgan, ya'ni u 2011 yil 10 avgustida o‘z kuchini yo‘qotgan. Hujjat o‘z kuchini yo‘qotganidan keyin oradan salkam 2 yil o‘tganidan so‘ng, 2013 yil 25 aprelda qayta ko‘rib chiqilmoqda va uning amal qilish muddati 2014 yil 31 dekabrgacha uzaytirilmoqda. Bizningcha, bu holatda yangi texnik shart berilishi lozim edi. 

Hujjatlarni o‘rganar ekanmiz, yana bir qiziq holatga duch keldik. Bekobod shahar prokuraturasining fuqaro A.Umarqulov arizasiga yozgan javobi haqida bormoqda. 2016 yil 4 fevral kuni ro‘yxatdan o‘tkazilgan 10/244-M-16-sonli javob maktubida “Komissiyaning 2013 yil 23 avgustdagi 32-son bayoni 1.20-bandida Bekabod shahar Buyuk Ipak yo‘li (sobiq G‘alaba) ko‘chasida 0,10 ga yer maydonida Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilishi uchun ruxsat berilgan”i qayd etilgan. 

Shahar prokuraturasi javobining davomida “Toshkent viloyati “Avtomagistral” IAYQTDB tomonidan 2009 yil 11 avgustda 145-son texnik shart hamda viloyat IIB YHXB tomonidan 2010 yil 29 martda “Bekobod shahar 4R-20 raqamli “Qorasuv-Bo‘ka-Bekobod avtomobil yo‘lining 99-kilometrida yo‘nalish bo‘yicha chap tomonida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilishiga 115-10-sonli xulosa berilgan”, deyiladi. 

Tushunishimizcha, javob maktubini yo‘llashda prokuratura xodimlari “Avtomagistral” IAYQTDB tomonidan 2009 yil 11 avgustda 145-son texnik shartni jiddiy o‘rganishmagan ko‘rinadi. Aks holda, mazkur texnik shart o‘z kuchini yo‘qotganiga bir yildan oshiq vaqt o‘tganini sezishgan bo‘lishardi. 

Bundan tashqari, javob xatida “arizangizni ko‘rib chiqish jarayonida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasining aynan qayerida qurilishi rejalashtirilayotgani hozirgi kunga qadar ma'lum emasligi” ta'kidlanadi. Shu bilan navbatdagi mantiqsizlik ko‘zga tashlanadi. Chunki ayni javob maktubida shoxobchalar “Qorasuv-Bo‘ka-Bekobod avtomobil yo‘lining 99-kilometrida yo‘nalish bo‘yicha chap tomonida ekani qayd etilgan. 

O‘rganish jarayonimizda hujjatlardagi yana bir noqislikka shohid bo‘ldik. U ham bo‘lsa shahar hokimining 2015 yil 30 oktabrdagi 452-son qarorida “Bekobod shahar “Buyuk Ipak yo‘li” (sobiq “G‘alaba”) ko‘chasi bo‘yida joylashgan yer maydoni” haqida gap ketgan bo‘lsa-da, tushunmovchilik keltirmasligi uchun yer maydoni ko‘chaning nechanchi kilometrida ekaniga yoxud boshqa tanish belgilariga oydinlik kiritilmagan. Shuningdek, hokim qaroriga asos qilinayotgan hujjatlardan biri bo‘lgan Toshkent viloyatida jismoniy va yuridik shaxslarga qonunchilik, shaharsozlik normalari va qoidalari asosida yer uchastkalari berish amaliyotini o‘rganish Komissiyasining 2013 yil 25 avgustdagi yig‘ilishining 32-son Bayonida ham tadbirkorlarga berilishi ko‘zda tutilgan yer maydonining aniq manzili belgilanmagan. Ayni shu narsa tomonlarda tushunmovchiliklarga sabab bo‘layotgan omillardan biri bo‘lmoqda. 

Shu bilan birga, ikki tomon o‘rtasidagi tortishuv sabablaridan biri shuki, “Avtomagistral” IAYQTDB shahar hokimining qaroriga ilova qilingan dalolatnomada qurilishga o‘z roziligini bildirgan bo‘lsa, keyinchalik, ya'ni 2016 yil 12 apreldagi 05/01-364 sonli maktubida “1b-toifaga ega bo‘lgan Bekobod shahri, Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi (avvalgi G‘alaba ko‘chasi) hududidan o‘tuvchi 4R-20 “Qorasuv-Bo‘ka-Bekobod” avtomobil yo‘lining 104-kilometri (avvalgi 99-km) chap tomonidan joylashgan yer maydonida “Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmua obektining joylashishi maqsadga muvofiq, deb hisoblanishini ta'kidlagan. 

Shu o‘rinda ta'kidlash o‘rinliki, mazkur masala yuzasidan ikki marta sud majlisi ham bo‘lib o‘tgan. Toshkent viloyati Bekobod shahar ma'muriy sudi 2017 yil 24 iyuldagi sudya B.Ablahatov raisligida bo‘lib o‘tgan sud majlisida Bekobod shahar hokimining 2015 yil 30 oktabrdagi “Buyuk Ipak yo‘li” ko‘chasi bo‘yidagi shahar bosh rejasi asosida 2 qavatli “Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi qurilishi to‘g‘risidagi 452-sonli qaroriga asosan “Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi” qurilishini to‘xtatishga doir ajrim chiqarib, ajrim darhol ijroga qaratilishi belgilangan. Ammo ayni ma'muriy sudda, ayni sudya raisligida 2017 yil 11 avgust kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi sud majlisida “shahar hokimining 2015 yil 30 oktabrdagi 452-son qarori qonuniy qabul qilingan, deb hisoblaydi” degan xulosaga kelingan. 

Foto: Bekobod shahar bosh arxitektori Abdurauf Burhonov/Kun.uz

Biz ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Bekobod shahar bosh arxitektori Abdurauf Burhonov bilan uchrashdik hamda yuqoridagi bir-biriga zid jihatlar bo‘yicha uni savolga tutdik.

 

Shahar bosh arxitektori, yuqoridagi bir-biriga zid jihatlarni izohlay olmagan bo‘lsa-da, shaharning ayni shu qismiga doir bosh plani bilan tanishtirdi. “Unga muvofiq, qurilish ishlari qonun doirasidan chiqmagan holda amalga oshirilmoqda. Garchi “Buyuk Ipak yo‘li” ko‘chasi 1b-darajali yo‘l hisoblanib, eni belgilangan me'yorga javob berishi lozim bo‘lsa-da, ayrim istisno holatlarda yo‘lning qisqarishiga ruxsat beriladi. Masalan, shu yo‘l Bo‘ka shahri hududida eniga qisqargan. Bekobod shahrida ham shunday qilinmoqda”, - deya ta'kidladi A.Burhonov. Biz unga keyinchalik yo‘l kengaytiriladigan bo‘lsa, tadbirkorlarning yangi qurgan binolarini buzishga to‘g‘ri kelishi mumkinligi haqida savol berdik. Bunga javoban shahar bosh arxitektori Bekobod shahar bosh plani 50 yil muddat uchun ishlab chiqilganini qayd etdi.

Xullas, o‘rganishlarimiz shu yerda to‘xtadi. Aholi majmuaning qurilishi bilan ularning huquqlari buzilishi, yomg‘irli-qorli mavsumlarda bino tomidan tushadigan suvlar natijasida ularning uylari zax bosishini e'tiborga olishlarini, shu sababli majmua qurilishini to‘xtatish zarurligini talab qilishmoqda. Garchi biz borgan vaqtda qurilish ishlari olib borilmayotganiga qaramay, aholi keyinchalik qurilish ishlari jadal sur'atlarda davom ettirilishi ehtimolidan xavotirda. 

Bizningcha ham ushbu majmuani yo‘l yoqasida barpo qilish maqsadga muvofiq emas. Chunki, majmua qurilganidan keyin, tabiiyki, bu yer mijozlar bilan gavjum bo‘lgan hududga aylanadi. Unga yaqin joyda temir yo‘l kesishmasi borligi, yo‘lning tor qismi ekani e'tiborga olinsa, xavfsizlik nuqtai-nazaridan ham qurilishni to‘xtatish lozim. Aks holda, keyinchalik shu joy bilan bog‘liq turli ko‘ngilsizliklar sodir bo‘la boshlasa, keskin choralar ko‘rishga baribir majbur bo‘linadi. O‘ylaymizki, mazkur masalani mutasaddi tashkilotlar jiddiy ravishda o‘rganib, o‘z so‘zini aytadi. 
 

Mavzuga oid