O‘zbekiston | 20:00 / 15.05.2018
94286
4 daqiqa o‘qiladi

«Ikkichilar voqeasi» ortidan yana bir maktabda direktor va o‘qituvchilar ishdan ketdi

Keyingi kunlarda internetda Toshkent viloyati Bekobod shahridagi 5-maktabning Muborak ismli o‘qituvchisi tomonidan darsni o‘zlashtirmagan 1-sinf o‘quvchilarining peshonasiga ruchka bilan «2» raqamini katta qilib yozgani ko‘rsatilgan surat tarqaldi.

Foto: Facebook

14 may kuni Bekobod shahri prokuraturasi Toshkent viloyati xalq ta'limi boshqarmasi bilan hamkorlikda ushbu holat yuzasidan tekshirish boshladi.

Xalq ta'limi vazirligi ushbu holatni o‘rganib chiqqan.

Vazirlik matbuot xizmatining «Kun.uz»ga ma'lum qilishicha, voqea shu yilning may oyi boshida Bekobod shahridagi 5-sonli umumta'lim maktabining 1-«J» sinfida sodir bo‘lgan. Toshkent viloyati xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan muassasada xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, o‘quvchilarning kamsitilishiga yo‘l qo‘ygani uchun barcha mas'ul xodimlarga tegishlicha chora ko‘rilgan.

Xususan, muassasada o‘quvchilarning huquqlari poymol etilishi, ularning qadr-qimmati kamsitilishiga sharoit yaratib bergani, maktabda nazoratni izdan chiqarib, ta'lim-tarbiya jarayonini qoniqarsiz holatga keltirgani, o‘zining lavozim majburiyatlarini qo‘pol ravishda buzgani uchun maktab direktori D.Babamuratova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

O‘z vazifasiga mas'uliyatsizlik bilan yondashgani, qator xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari H.Razzoqova, G.Baymatova, O.Abdullayeva, ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlar I.Mo‘minov, M.Ro‘ziyeva hamda pedagogga xos bo‘lmagan xatti-harakatlari, o‘z o‘quvchisining kamsitilishiga yo‘l qo‘ygani uchun boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari S.Rahmonova hamda M.Hamdamova bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan.

Shuningdek, o‘z xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragani, tasarrufidagi ta'lim muassasalarida o‘quv jarayonlarini nazorat qilmagani uchun Bekobod shahar xalq ta'limi bo‘limi mudiri M.Qo‘zibayevga «hayfsan» berilgan, Bekobod shahar xalq ta'limi bo‘limi ma'naviy-ma'rifiy tarbiya va bolalarning ijtimoiy himoyasi bo‘yicha sho‘'ba mudiri N.Musakova egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Toshkent viloyati xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Shukur Burxonov o‘quvchilarning ota-onalari bilan uchrashib, ulardan bo‘lgan voqea uchun uzr so‘ragan.

«Mazkur holat tizimdagi barcha ta'lim muassasalarida pedagoglar, mahalla faollari va keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi. Voqea yuzasidan aniqlangan xato va kamchiliklarga huquqiy baho berish uchun tegishli tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga ma'lumot kiritildi.

Xalq ta'limi vazirligi har bir o‘quvchining bepul va sifatli umumiy o‘rta ta'lim olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlari so‘zsiz ta'minlanishiga ko‘maklashadi va o‘quvchi huquqlari buzilishining har qanday ko‘rinishiga nisbatan qat'iy chora ko‘radi. Shu o‘rinda, vazirlik ota-onalar va jamoatchilikdan ta'lim-tarbiya jarayonlarida faol bo‘lishni so‘ragan holda hamkorlikka doim tayyorligini ma'lum qiladi», deyiladi Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Aprel oyida Xorazm viloyati, Urganch shahridagi Avtomobil yo‘llari kasb-hunar kollejining biologiya fani o‘qituvchisi o‘quvchi oyoq kiyimi bilan kaltaklangani videosi tarqalgach, o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida o‘qituvchi ishdan ketgandi.

Mavzuga oid