Jamiyat | 15:53 / 23.01.2019
35316
31 daqiqa o‘qiladi

Antimonopoliya - davlatning «ko‘rinar qo‘li» haqida

Yaponiyaning Kobe universiteti huquq fakulteti doktoranti Husain Rajapov yangi tuzilgan «Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi» qaysi tamoyillarga suyanishi lozimligi xususida o‘z fikrlarini «Gazeta.uz» nashrida e'lon qilingan tahliliy maqolasida bayon etdi.

Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan «Davlat raqobat qo‘mitasi» asosida «Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi» (Antimonopoliya qo‘mitasi) tashkil etilgani to‘g‘risidagi yangilik kishini quvontirdi. Alohida va mustaqil monopoliyaga qarshi kurashuvchi idora joriy iqtisodiy islohotlar zanjirida yetishmayotgan edi.

Bu kabi islohot mamlakatda 2000 yilda ham amalga oshirilgan — Moliya vazirligi tarkibidan mustaqil «Monopoliyadan chiqarish davlat qo‘mitasi» ajratilgan edi. Biroq hukumatning 2012 yildagi qarori bilan «Monopoliyadan chiqarish davlat qo‘mitasi» va «Davlat mulk qo‘mitasi» yangi idoraga — «Davlat raqobat qo‘mitasi»ga aylantirildi.

Afsuski, bu yangi tashkil etilgan qo‘mita faoliyatida bevosita raqobatni rivojlantirish va monopoliyaga qarshi yo‘nalish oz o‘rin olgan edi. Davlat raqobat qo‘mitasining 2012 yildan keyingi hisobotlari bunga dalolat bo‘la oladi. Ularda asosan davlat aktivlarini xususiylashtirish, sotish, boshqarish, nochor korxonalar bilan ishlash va hokazolar yoritilgan.

Ya'ni, aytish mumkinki, 2012 yilda Davlat mulk qo‘mitasi Monopoliyadan chiqarish davlat qo‘mitasini «yutib yubordi». Bu esa mamlakatdagi raqobatni himoya qilishga salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Shu sababdan, mustaqil Antimonopoliya qo‘mitasi tashkil qilinishini bozor iqtisodiyotini qurishdagi to‘g‘ri qadam, deb hisoblayman.

«Ko‘rinmas qo‘l»

Odamlarning o‘z manfaatlarini ko‘zlab qiladigan, ammo pirovardida butun jamiyatga foyda bo‘ladigan sa'y-harakatlari iqtisodiyotning «ko‘rinmas qo‘li» deyiladi. Zamonaviy iqtisodiyot otasi sanalmish Adam Smitning «ko‘rinmas qo‘l» nazariyasiga asosan, inson o‘z tabiatiga ko‘ra xudbin va manfaatparastdir. Ammo u o‘z foydasini ko‘zlab faoliyat yuritsa-da, beixtiyor jamiyatga foyda keltiradi.

Eng qizig‘i — u bu bilan «jamiyatni boyityapman» degan fikrni xayoliga ham keltirmaydi. Lekin «ko‘rinmas qo‘l» shunday natijalarga olib keladiki, bundan nafaqat u odam — butun jamiyat manfaat ko‘radi. Iqtisodiyot nazariyasiga ko‘ra, bozorning bunday «ko‘rinmas qo‘li» moddiy resurslarni taqsimlashda eng samarali instrument hisoblanadi. Biroq, turli xil tashqi sabablarga ko‘ra, bu nazariya ba'zida ish bermay qoladi.

Bozorning «ko‘rinmas qo‘li» ojiz bo‘lib qolgan paytda, iqtisodiyot tamoyillaridan biriga ko‘ra, davlat iqtisodiy holatni yaxshilash imkoniyatini ishga solishi kerak. Klassik misol — kimyoviy zavodlarning atrof-muhitni ifloslantirishi. Bunday holatda davlat tabiatni muhofaza qilish borasidagi qonunchilik vositasida vaziyatni yaxshilash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bozorni nochor holatga keltiradigan omillarga yana bir misol — bozor ustidan hukmronlik o‘rnatish (monopoliya, kartellar). Bularning natijasida iqtisodiy samaradorlik pasayadi. Bu holatda davlat o‘zining bevosita aralashuvi orqali bozordagi nosog‘lom holatni yaxshilashi mumkin. Davlatning bunday — bozordagi nosog‘lom raqobatni yo‘q qilishga yo‘naltirilgan ijobiy aralashuvi adabiyotda «davlatning ko‘rinar qo‘li» deb ham nomlanadi.

«Ko‘rinar qo‘l»

Mazkur maqola doirasida biz davlatning aynan shunday — «ko‘rinar qo‘li» — monopopoliyaga qarshi kurashish faoliyatini ko‘rib chiqamiz. O‘zbekistonda kechayotgan iqtisodiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish yo‘lida antimonopoliya idorasining roli qanday? Monopoliyaga qarshi kurash haqiqatan ham samarali bo‘lishi uchun qanday choralarni qo‘llash kerak? Ana shu savollarga javob berishga harakat qilamiz.

Monopoliyaga qarshi kurash va islohotlar

Keling, ayni vaqtda davlat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning tom ma'nodagi atimonopol siyosat bilan aloqasini ko‘rib chiqamiz.

A) Proteksionizm

Mahalliy sanoatni rivojlantirish iqtisodiy rivojlanishning muhim elementlaridan biri hisoblanadi. Mahalliy korxonalarni himoya qilish uchun davlat proteksionizm (import o‘rnini bosish) siyosatini qo‘llaydi. Proteksionizm tarafdorlari mahalliy korxonalarni xorijiy raqobatdan vaqtinchalik himoya qilish «ularning dunyo bozorida raqobatbardoshligini oshirish uchun zarur chora» ekanini ta'kidlashadi. Ularning nazarida bu chora «mahalliy sanoatni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash-ta'minlash hamda yangi texnologiyalarni o‘rganish imkonini beradi».

Biroq proteksionizmni qo‘llagan ko‘plab mamlakatlarning tajribasiga nazar solinsa, bunday — mahalliy korxonalarni himoya qilish siyosati ish bermaganiga guvoh bo‘lamiz. Chunki, bu mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun «betashvish hayot»ni yuzaga keltiradi, bu esa mahalliy tadbirkorlarda texnologik rivojlanishga bo‘lgan rag‘batni susaytiradi.

Ko‘pchilik iqtisodchilar proteksionizmga qarshi chiqishining asosiy sabablaridan biri shu. Avtosanoatimiz bunga klassik bir misol bo‘la oladi.

Proteksionizm siyosati foyda keltirishining yagona sharti — mahalliy korxonalarga xotirjam bo‘lib qolish imkonini bermaslikdir. Buni esa faqat mamlakatda ichki raqobatni rivojlantirish orqaligina amalga oshirish mumkin. Bunday strategiyani Yaponiya va Janubiy Koreya tajribasida kuzatish mumkin. Rivojlanishning erta bosqichlarida mazkur mamlakatlar hukumatlari mahalliy korxonalarni xorijiy raqobatdan himoya qilish bilan birga ichki raqobatni kuchaytirishgan va shu orqali mahalliy korxonalar orasidan eng raqobatbardoshlarini (chempionlari) yetishtirib, xalqaro bozorga chiqishga rag‘batlantirishgan.

Albatta, biror sohada ichki raqobatni rivojlantirish iqtisodiyot va bozor hajmiga bog‘liq. Bu masalani, yaxshisi, iqtisodchilarga qoldiramiz.

B) Davlat korxonalari

Davlat korxonalari xususiy korxonalarga nisbatan kam samaraga ega ekani iqtisodiy jihatdan isbotlangan. Davlat odatda ish o‘rinlari sonini saqlab qolish yoki boshqa — o‘z manfaatlariga mos keladigan ijtimoiy maqsadlar yo‘lida, samarali bo‘lmasa-da, davlat korxonalarini qo‘llab-quvvatlab turadi.

Samarali antimonopol siyosat noteng bo‘lgan davlat kafolatlari (imtiyozlar) taqdim etilishini qisqartiradi, davlat korxonalarini raqobatga undaydi va eng muhimi, davlat va xususiy korxonalar o‘rtasida teng va tekis o‘yin maydonini ta'minlaydi. Davlat korxonalari mulkchilik shakli tufayligina qandaydir afzalliklarga ega bo‘lishi noto‘g‘ri.

Bu boradagi Antimonopoliya qo‘mitasining faoliyati xususiy sektorga davlat korxonalari bilan teng ravishda resurslar, imtiyoz va infratuzilmadan foydalanish imkoniyatini ta'minlashga qaratilishi lozim.

C) Investitsiyalar

Monopoliyaga qarshi samarali kurash to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishga turtki bo‘lishi va ularning ichki raqobatga salbiy ta'sirini oldini olishi lozim. Qanday qilib?

Birinchidan, investorlar samarali antimonopol qonunchilik va antimonopol siyosatga himoya sifatida qaraydilar — mahalliy korxonalar tomonidan ustun (monopol) mavqe'ini suiiste'mol qilish hamda mahalliy kartellar tuzish yoki korrupsion holatlar kabi to‘siqlar paydo qilishidan himoya sifatida.

Ikkinchidan, samarali antimonopol siyosat investorga alohida — preferensial rejim, ya'ni hukumat tomonidan kafolatlanadigan alohida huquqlarni taqdim etish orqali investitsiyalar sababidan ichki raqobatni cheklash holatlariga yo‘l qo‘ymaydi.

D) Korrupsiya

Samarali antimonopol siyosat ba'zi noinsof tadbirkorlar va davlat xizmatchilari o‘rtasida korrupsion kelishuvlar oldini olish instrumenti bo‘lib xizmat qiladi. Masalan, «Raqobat to‘g‘risidagi qonunning 14-moddasiga ko‘ra, Antimonopoliya qo‘mitasining asosiy vazifalaridan biri — davlat xaridlari, auksionlar, tanlovlar va tenderlar shaffof va haqqoniy o‘tkazilishini ta'minlash. Shuningdek, bu idora litsenziyalash va ruxsat berish tartiblari orqali bozorga kirishni asossiz cheklashga yo‘l qo‘ymaydi.

E) Tashqi savdoni erkinlashtirish

Tashqi savdoni erkinlashtirish ichki bozordagi raqobatni kuchaytirishda asosiy rollardan birini o‘ynaydi. Biroq tashqi savdoni erkinlashtirish iqtisodiyotdagi raqobatni to‘liq rivojlantirish uchun yetarli chora sanalmaydi.

Bu fikrni ikki sabab bilan asoslash mumkin. Birinchidan, iqtisodiyotning barcha sohalari ham tashqi savdoni erkinlashtirish oqibatida import raqobati bilan to‘qnashmaydi. Shuning uchun ham boshqa vosita — monopoliyaga qarshi kurash kabi chora zarur. Ikkinchidan, savdoning erkinlashtirilishi oqibatida narxlarni sun'iy o‘rnatish va ko‘tarish, hamda bozorni taqsimlab olish maqsadida mahalliy tadbirkorlar va xorijiy tadbirkorlar o‘rtasida xalqaro kartel kelishuvlari tuzilish xavfi mavjud.

F) Xususiylashtirish

Shubhasiz, xususiylashtirish bozor iqtisodiyotini qurish yo‘lida muhim qadam sanaladi, chunki bozor iqtisodiyotining asosi — xususiy mulk. Biroq tashqi savdoning erkinlashtirilishi kabi xususiylashtirish ham bozordagi raqobatni to‘liq ta'minlash uchun mukammal instrument sanalmaydi. Aksincha, agar monopoliyaga qarshi samarali kurashilmasa, xususiylashtirish faqatgina xususiy monopoliyalarning paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Ya'ni, xususiylashtirish monopoliyalarning davlat mulkidan xususiy mulk shakliga o‘tishini anglatishi mumkin, xolos. Bu esa mohiyatan hech narsani yaxshi tarafga o‘zgartirmaydi. Shuningdek, shuni qayd etish lozimki, nafaqat xususiylashtirishning o‘zi raqobatga teskari oqibatlarga olib kelishi mumkin, balki xususiylashtirish jarayoni ham raqobatga qarshi bo‘lishi mumkin.

Ya'ni, agar xususiylashtirish jarayonining o‘zi haqqoniy va sog‘lom raqobat asosida amalga oshirilmas ekan, bu holda ayrim nufuzli kishilar xususiylashtirilayotgan obektlarga asosiy da'vogar bo‘lib olishi mumkin. Bu esa jamiyatni xususiylashtirish islohotining foydasidan mahrum qiladi.

G) Soliqlar

Ma'lumki, soliqlar davlat budjeti tushumining asosiy manbai hisoblanadi. Shu bilan birga, soliqlarning tadbirkorlik faoliyatiga bo‘lgan ta'siri ham katta. Yuqori stavkali va diskriminatsion soliqlar, ayrim soliq imtiyozlar yangi tadbirkorlarning bozorga kirishiga to‘siq bo‘lishi, mavjudlarini esa bozordan chiqishiga olib kelishi, noteng raqobat muhiti paydo bo‘lishi va oqibatda qora bozorning o‘sishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bularning barchasi bozordagi sog‘lom raqobat muhitiga salbiy ta'sir qiladi. Shu sababdan Antimonopoliya qo‘mitasi yangi Soliq kodeksini ishlab chiqishda o‘ta faol ishtirok etishi va raqobat cheklanishiga olib boruvchi soliqlar joriy qilinishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim.

Monopoliyaga qarshi samarali kurash

Yuqorida «monopoliyaga qarshi samarali kurash» iborasi ko‘p bora qo‘llandi, biroq bu iboradagi «samarali» tushunchasi nimani anglatadi? Albatta, «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun va Antimonopoliya qo‘mitasi mavjudligining o‘zi monopoliyaga qarshi kurash samarali bo‘lishini anglatmaydi.

Quyida, monopoliyaga qarshi kurashning ayrim muammolarini qayd etgan holda, ularning samaradorligini yaxshilash bo‘yicha o‘z takliflarimni berishga harakat qilaman.

A) «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun

Joriy «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun mamlakatimizning o‘ziga xos iqtisodiy va ijtimoiy jihatlarini to‘liq hisobga olmaydi. Kartel, qo‘shib yuborish/olish, davlat reyestrini yuritish va ustun mavqeni suiiste'mol qilish borasidagi me'yor va standartlarni qayta ko‘rib chiqish zarur. Chunki ular zamon talablariga javob bermaydi.

Masalan, «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 11-moddasi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning umumiy bozor ulushi 35 foizdan oshmasa, raqobatni chetga surib qo‘yib, bemalol narxlarni o‘zaro kelishgan holda asossiz ko‘tarish, bozorlar hududlarini o‘zaro bo‘lib olish kabi kartel kelishuvlarini tuzishga ruxsat beradi. Shuningdek, davlat-xususiy sherikchiligi asosida tashkil qilingan korxonalar ham bozor ulushidan qat'i nazar, kartel kelishuvlarini tuzishlari mumkin, deyilgan.

Kartel kelishuvlar bozor iqtisodiyoti tizimini buzadigan eng xavfli qonunbuzarlik hisoblanadi. Kartellarni «maxfiy monopoliya» deb ham atashadi, chunki bunda tadbirkorlar raqobatchidek ko‘rinsa-da, aslida raqobat qilmasdan o‘zaro kelishgan holda bir butun monopoliya kabi harakat qilishadi. Ya'ni, deyarli monopoliya kabi narxlarni xohlagan paytda o‘zaro kelishib, baravariga ko‘tarib qo‘yishga qodir bo‘lishadi.

Shuning uchun bunday istisnolar kartellarga qarshi kurashni samarasiz qiladi. Istisno qilinishi mumkin bo‘lgan kartel turlari sifatida eksport kartellariga ruxsat berilsa bo‘ladi, ammo bunda ham bir shart bilan — kartel kelishuvlari eksportni maqsad qilgan raqobatchi korxonalarning mamlakatdagi ichki raqobatiga ta'sir etmasligi lozim.

Ikkinchidan, dunyoda kartel kelishuvlariga qarshi eng samarali vosita — «Jazodan ozod qilish dasturi»ni (leniency program) amalda joriy etish mexanizmini ishlab chiqish kerak. Bu dasturning huquqiy asosi 2012 yili «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 27-moddasida belgilangan bo‘lsada, shu paytgacha amaliyotga tatbiq etilmagan. Bu dasturning mexanizmini ishlab chiqishda Yaponiya tajribasiga murojat qilishni taklif qilgan bo‘lardim, chunki Yaponiya AQSh va Yevropaning «Jazodan ozod qilish dastur»larining eng yaxshi taraflarini o‘z ichiga olgan va korrupsiyaga eng chidamli dastur hisoblanadi.

Uchinchidan, raqobatga qarshi harakatlar, ayniqsa kartel va ustun mavqeni suiiste'mol qilganlik uchun jazoni kuchaytirish lozim. Aks holda monopoliyaga qarshi kurashni tartibga solish muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.

Taklif sifatida jismoniy shaxslar bilan bir qatorda yuridik shaxslarning javobgarligini ham joriy qilishni tavsiya qilaman. Hozirgi vaqtda bizda faqat jismoniy shaxslar (tadbirkor va amaldor) javobgarligi mavjud. Bu «Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi Kodeksning 178-moddasi bilan tartibga solinadi.

Bundan tashqari, raqobatga zid harakatlar uchun ma'muriy jarima tadbirkorlar olishi mumkin bo‘lgan noqonuniy foydaga taqqoslanganda juda kam. Tadbirkorlar kartellar yordamida millionlab va hatto milliardlab pul topadi, holat aniqlanganda esa bor-yo‘g‘i besh minimal ish haqi miqdorida jarima to‘lab qutuladi. Endi o‘ylab ko‘ring, tadbirkor bo‘lganingizda bir tomonda millionlab foyda tursa-yu, ikkinchi tomonda arzimagan 5 minimal ish haqiga teng jarima tursa, sizni kartel tuzmaslikdan nima to‘xtatishi mumkin? Ya'ni, aytmoqchi bo‘lganim, hozirgi jarimalar raqobat qonunchiligi buzilishi oldini olish funksiyasini umuman bajarolmaydi. Ma'lumot uchun: kartel bitimlari mavjud bozorlarda mahsulot narxlari kartel yo‘q bozorlarga nisbatan kamida 15–20 foiz balandroq bo‘ladi.

To‘rtinchidan, qo‘shib olish va aksiyalarni sotib olish borasidagi monopoliyaga qarshi idoradan oldindan rozilik olish standartlarini ham bozorda iqtisodiy konsentratsiyaning kuchayishini oldini olish uchun qayta ko‘rib chiqish lozim. Masalan, Davlat raqobat qo‘mitasining hisobotlariga ko‘ra, amaliyotda birlashish va aksiyalarni xarid qilish uchun arizalarning 98 foizi monopoliyaga qarshi organ tomonidan ma'qullanib kelinadi. Bu esa bozorda raqobatchi korxonalar soni kamayib, kartel bitimlarini tuzish osonlashishiga va dominant korxonalari yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, bu qonunni davlat va xususiy korxonalarni teng imkoniyatlar bilan ta'minlash borasidagi normalar bilan to‘ldirish lozim. Monopoliyaga qarshi qonunchilikni mukammallashtirishni kelgusi maqolada batafsil ko‘rib chiqamiz.

B) Monopoliyaga qarshi mustaqil idora

Birinchidan, Monopoliyaga qarshi kurashish (antimonopoliya) qo‘mitasi bevosita prezident va parlamentga hisobot topshiradigan mustaqil ma'muriy organ bo‘lishi kerak. Antimonopoliya qo‘mitasi neytral bo‘lishi va hukumat idoralari faoliyati va islohotlar o‘rtasidagi muvozanatni ta'minlaydigan referi rolini bajarishi lozim.

Antimonopoliya idorasining mustaqilligi borasida yapon hamkasblarimizdan o‘rnak olishni tavsiya etaman. O‘tgan asrning 60-70-yillarida arab-isroil urushlari sabab yuz bergan neft inqirozi davrida kuchli benzin tanqisligi yuzaga keldi. Bu esa neftning jahon narxlari o‘sishiga olib keldi. Narxlarning o‘sishidan xavotirga tushgan neft kompaniyalari benzin narxini oshirishni iqtisodiyot vazirligi bilan kelishishga qaror qilishdi. Yig‘ilishda Yaponiya iqtisodiyot vazirligi neft kompaniyalari tomonidan taklif etilgan narxni ma'qulladi. Ertasi kuni benzin narxi butun Yaponiyada bir xilda oshdi. Bunga javoban Yaponiyaning monopoliyaga qarshi idorasi neft kompaniyalari ustidan «benzin narxini o‘zaro kelishgan holda belgilash, ya'ni kartel tuzish» aybi bilan ish qo‘zg‘adi.

Narxni oshirishga Yaponiya iqtisodiyot vazirligi shaxsan rozilik berganiga Antimonopoliya idorasi umuman parvo qilmadi. Natijada, kartel ishtirokchilari raqobat qonunchiligini buzganliklari uchun javobgarlikka tortilishdi. Yaponiyaning antimonopol organi tashkil etilishidan boshlab hozirgacha Yaponiya iqtisodiyot vazirligi bilan bo‘lgan qarama-qarshiliklarini OAVda kuzatish mumkin.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Prezidenti farmonida aytilganidek, kartel bitimlarini aniqlash yangi Antimonopoliya qo‘mitasining ustuvor vazifalaridan biriga aylandi. Kartel bitimlarini fosh qilish va isbotlash uchun Antimonopoliya qo‘mitasi prokuratura kabi tezkor-qidiruv vakolatlariga ega bo‘lishi lozim. Chunki kartel bitimlari maxfiy bo‘lib, ularni aniqlash va isbotlash — murakkab jarayon.

Antimonopoliya qo‘mitasini tezkor qidiruv vakolatlari bilan ta'minlash davlatning kun tartibida turgan-turmaganini bilmayman. Biroq vakolatlarning bu tariqa kengaytirilishi iqtisodiy islohotlarning hozirgi bosqichida qay darajada maqsadga muvofiqligini yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak. Sababi, raqobat qonunchiligi korrupsiya, vakolatlarni suiistemol qilish va ayrim shaxslar manfaatlarini himoya qilishning yana bir vositasiga aylanishi xavfi bor.

Ammo, mamlakatimizda sud mustaqilligi bilan bog‘liq muammolar bartaraf qilinsa, Antimonopoliya qo‘mitasini tezkor qidiruv vakolatlari bilan ta'minlashning hech qanday xavfi yo‘q. Chunki, antimonopol idoralarining noto‘g‘ri va asossiz qarorlaridan va noqonuniy harakatlaridan tadbirkorlarni himoya qilish uchun faqat sud kafil bo‘la oladi. Shu sababdan, raqobat qonunchiligini yaxshi biladigan malakali va halol sudyalarni tayyorlash zarur. Nizolarni samarali hal etish uchun bu o‘ta ahamiyatlidir. Raqobat qonunchiligi va iqtisodiy asoslar bo‘yicha sudyalarning bilimlar yetarli bo‘lmasa, sudlar monopoliyaga qarshi organning ayblov qarorlarini tasdiqlab beraverishdan nariga o‘tmaydi.

Shu bilan birga, Antimonopoliya qo‘mitasi xodimlarining vijdonliligi, halolligi hamda professionalligi muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, raqobatga zid noqonuniy holatlarni aniqlash va isbotlash me'yorlari aniq va tiniq bo‘lishi kerak.

Uchinchidan, monopoliyaga qarshi organ xalqaro kartellarni aniqlash uchun xorijiy va qo‘shni mamlakatlar bilan mintaqaviy hamkorlikni o‘rnatishi kerak bo‘ladi. Chunki Markaziy Osiyo va boshqa MDH mamlakatlari bilan o‘zaro iqtisodiy integratsiyalashuvimiz tobora kuchayib bormoqda. Bunday hamkorlik iste'molchilar huquqlarini xalqaro kartellarning sun'iy narx oshirishlaridan himoya qilish uchun zarurdir.

To‘rtinchidan, Antimonopoliya qo‘mitasi o‘z faoliyatini boshlashda o‘zini ijobiy tomondan nomoyon qilishi, xalqni va xususiy sektorning ishonchini qozona olishi juda muhim. Chunki hozirda xususiy sektorda davlat idoralariga nisbatan ishonchsizlik (skeptitsizm) yuqori.

Ba'zi davlatlarda yangi tashkil qilingan antimonopol idoralar sodir qilgan xatolarni O‘zbekiston Antimonopoliya qo‘mitasi sodir etmasligi kerak. Ya'ni, Antimonopoliya qo‘mitasi kichik va o‘rta biznes yo‘l qo‘ygan raqobat qonunbuzarliklariga qattiq yopishib, katta korxonalarning raqobatga zid harakatlariga nisbatan ko‘z yumishi yoki sustkashlik qilishi sodir bo‘lmasligi kerak. Aksincha, kichik va o‘rta biznes Antimonopoliya qo‘mitasini katta, monopol korxonalarning noqonuniy harakatlaridan himoya qiladigan davlat organi sifatida ko‘rishi kerak. Bu borada yana Yaponiya tajribasini o‘rganish juda o‘rinli deb hisoblayman.

Ana o‘shanda monopoliyaga qarshi kurash samarali bo‘ladi va Antimonopoliya qo‘mitasi halol tadbirkorlar uchun noinsof tadbirkorlarning raqobatga qarshi harakatlaridan hamda davlat hokimiyati organlarining asossiz qarorlaridan himoya qila oladigan tayanchga aylanadi.

C) Raqobat (antimonopol) siyosati

Ko‘pchiligimiz raqobatbardosh bozor deganda bozorda ko‘plab xaridor va sotuvchilarning mavjudligini tushunamiz. Ha, bu to‘g‘ri, biroq ushbu tushuncha mukammal emas. Aslida, haqiqiy raqobat bu — tadbirkorlarning bozorga erkin kirib, uni erkin tark eta olishidir. Aynan bozorga kirishdagi to‘siqlarning mavjudligi monopoliya yuzaga kelishi uchun asosiy omil hisoblanadi. Bozorga kirishdagi to‘siqlar, o‘z navbatida, quyidagi holatlarda yuzaga keladi:

  • yagona korxona ishlab chiqarishning asosiy resurslariga ega bo‘lganda;
  • hukumat ayrim mahsulotlarni ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha bitta xo‘jalik sub'yektiga mutlaq huquqlar taqdim etganda;
  • ishlab chiqarish xarajatlari shundayki, bozorda yagona ishlab chiqaruvchi bo‘lgandagina ishlab chiqarish maksimal darajada samarali bo‘ladi (tabiiy monopoliyalar).

Aslida, bozorga yangi xo‘jalik sub'yektlarining kirish imkoniyati doim mavjud bo‘lsa, zararkunanda monopoliya paydo bo‘lmaydi. Chunki bozorga kirishda to‘siqlar bo‘lmasa hamda biznes daromadli bo‘lsa, unga kirishni istaydigan tadbirkorlar albatta topiladi, bu esa monopoliyani o‘z o‘zidan yo‘q qiladi.

Tan olish kerakki, mamlakatimizda monopoliyalarning paydo bo‘lishiga davlatning o‘zi asosiy sababchi hisoblanadi. Shuning uchun Antimonopoliya qo‘mitasining ustuvor faoliyatidan biri — proteksionistik maqsadlar va raqobatni cheklash maqsadida davlat organlari va yuridik shaxslar birlashmalari yaratadigan bozorga kirish to‘siqlarini qisqartirish.

Ikkinchidan, Antimonopoliya qo‘mitasi raqobatning holati va iste'molchilar farovonligiga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan davlat subsidiyalari, imtiyozlari va proteksionizm choralarini sinchkovlik bilan qayta ko‘rib chiqishi lozim.

Uchinchidan, Antimonopoliya qo‘mitasi davlat idoralari va yuridik shaxslar birlashmalari (sanoat va savdo assotsiatsiyalari) tomonidan narxlarni nazorat qilishdagi funksiyalarini ham qayta ko‘rib chiqishi kerak. Ijtimoiy maqsadlarni ko‘zlagan holda ayrim hollarda vazirlik, idora va mahalliy hukumat organlari ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar uchun narxlarni qat'iy yoki maksimal miqdorini belgilash holatlari uchrab turadi. Biroq davlat idoralari tanganing faqat bir tomonini ko‘rgani uchun ularning bunday harakatlari raqobatga ham, iste'molchilarga ham zarar yetkazadi.

Masalan, davlat idoralari tomonidan go‘sht, muayyan dorilar, benzin kabi mahsulotlar narxining qat'iy belgilanishi oxir-oqibat raqobat holati va umuman iste'molchilar farovonligiga salbiy ta'sir ko‘rsatib, bozordagi mahsulotlar tanqisligini yoki sifati buzilishini keltirib chiqaradi.

To‘rtinchidan, qisman xususiylashtirish yoki qismlarga bo‘lish mumkin bo‘lgan sohalarni aniqlash uchun tabiiy monopoliya tushunchasini toraytirishni taklif etaman. Bunga aeroportlarni «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniya tarkibidan ajratish yaxshi misol bo‘ladi. Xuddi shunga o‘xshab tabiiy monopoliyaning boshqa sohalarida demonopolizatsiyani amalga oshirish mumkin. Misol uchun, elektr uzatishning yuqori voltli liniyalarini davlat boshqaruvida qoldirib, tizimlarni esa o‘zaro raqobat qiluvchi xususiy yetkazib beruvchilar uchun ochiq qilib qo‘yish mumkin. Bu xuddi mahalliy telefon kompaniyalari o‘z liniyalariga xalqaro aloqa kompaniyalari kirishiga imkon berishiga o‘xshaydi. Ko‘mir bo‘yicha ham shunga o‘xshash ishlarni amalga oshirsa bo‘ladi. To‘g‘ri, narxlar biroz oshishi mumkin, ammo transformator bilan bog‘liq bahonalar, ko‘mirning past sifati va elektr oqimidagi uzilishlar barham topadi.

Aytib o‘tmasdan iloji yo‘q: GM Uzbekistan avtokorxonasi tabiiy monopoliya hisoblanmasa-da, hozirda monopol holatda. Ammo avtosalonlar avtosanoat tarkibidan ajratilib, xususiy sektorga berish ehtimolini ko‘rib chiqish kerak. Ana shunda avtosalondagi «shapkalar» o‘z-o‘zidan yechim topadi.

Yuqorida aytib o‘tilgan vazifalarni samarali bajarish uchun monopoliyaga qarshi idora zarur va u yetarlicha moddiy va texnik bazaga ega bo‘lishi lozim. Shuningdek, Antimonopoliya qo‘mitasi xodimlarining maoshi ham mos darajada huquqni muhofaza qiluvchi idoralardagi maoshlardan kam bo‘lmasligi kerak.

D) Ta'lim va targ‘ibot

Birinchidan, samaradorlik Antimonopoliya qo‘mitasi xodimlarining raqobat qonunchiligini qay darajada puxta bilishi va tushunishiga bog‘liq. Raqobat qonunchiligi juda serqirra soha, chunki bozorning turlari ko‘p. Shu sababdan xorijiy tajribani o‘rganish va xorijiy yurisdiksiyadagi bevosita treninglar, xalqaro tashkilotlarni (donorlar) jalb etish katta ahamiyatga ega.

Ikkinchidan, samarali monopoliyaga qarshi kurashni tartibga solish uchun «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning ahamiyati, mohiyati va me'yorlarini xususiy sektorga tushuntirish uchun Antimonopoliya qo‘mitasi tomonidan har xil seminar va konferensiyalar o‘tkazib borish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Tadbirkorlar o‘zlarining qanday harakatlari raqobat qonunchiligini buzishini (kartellar, ustun mavqeni suiiste'mol qilish, noinsof raqobat va h.k ) va aksincha davlat organlarining qaysi harakatlari tadbirkorlarning huquqlarini buzishi mumkinligini bilishlari lozim. Bu esa, o‘z navbatida, qonunbuzarlik holatlarini o‘z vaqtida aniqlash va oldini olish imkoniyatini beradi. Masalan, dominant korxona o‘zining ustun mavqeini suiiste'mol qilishining ko‘plab usullari mavjud bo‘lib, ular haqida tadbirkor bilmasligi yoki uni raqobatning normal usuli, deb hisoblashi mumkin. Aytaylik, hokimlik tadbirkorni biror tashkilotga (sportni rivojlantirish, madaniy tadbirlar) pul o‘tkazishga majbur qilishi «Raqobat to‘g‘risidagi» qonunning 12-moddasini buzish ekanini hamma tadbirkor ham bilmasa kerak.

Uchinchidan, kadrlar tayorlash uchun oliy ta'lim muassasalarida «Raqobat huquqi», «Qiyosiy va xalqaro raqobat huquqi» fanlarini kiritish kerak. Shuningdek, dissertatsiya ishlarini rag‘batlantirish va turli ilmiy konferensiyalarni o‘tkazish ham maqsadga muvofiq bo‘ladi.

To‘rtinchidan, monopoliyaga qarshi qonunchilikka ixtisoslashtirilgan advokatlik faoliyatini rivojlantirish lozim. Xususiy sektor uchun bu katta ahamiyatga ega. Advokatlar tadbirkorlarni antimonopol idoraning asossiz qarorlaridan nafaqat sudlarda himoya qilishi, balki tadbirkorlar o‘rtasidagi raqobat qonunchiligi buzilishi bilan bog‘liq nizolarni hal qilishda ishtirok etishi va buni qo‘shimcha foyda manbaiga aylantirishi mumkin. Misol uchun, «Raqobat to‘g‘risidagi» qonunning 10- va 13-moddalarida belgilangan raqobatni cheklaydigan holatlar oqibatida kelib chiqadigan zararni undirish bo‘yicha nizolarda tadbirkorlarning manfaatlarini xo‘jalik sudlarida himoya qilishlari mumkin. Ko‘p davlatlarda, ayniqsa AQShda, advokatlik faoliyatining bu yo‘nalishi (private litigation) ancha rivojlangan.

AMMO! Agarda siyosiy iroda mavjud bo‘lmasa, antimonopoliya qo‘mitasini tashkil qilishning va «Raqobat to‘g‘risida»gi yangi qonunni qabul qilishning hech qanday foydasi bo‘lmaydi.

Odatda islohotchilar antimonopoliya idorasi kuchayishini istamaydilar, chunki ular raqobat siyosati iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ularning qo‘lini bog‘lab qo‘yadi, deb hisoblashadi. Ammo raqobat siyosati va samarali antimonopoliya idorasi bu — iqtisodiy taraqqiyot uchun asosiy va zaruriy elementlardan biri ekanini tushunish lozim.

Siyosiy iroda bo‘lmas ekan, hukumat o‘zining sanoat siyosatiga zid keladigan antimonopoliya idorasining qarorlarini bloklashni odat qilib oladi — bunday holatlar o‘tmishdagi antimonopol qo‘mita amaliyotida bo‘lgan. Umid qilamizki, Antimonopoliya qo‘mitasining tuzilishi bunday siyosiy iroda yetilayotganining dalolatidir.

So‘zim yakunida mustaqil antimonopoliya qo‘mitasi yaratilishi iqtisodiy farovonlikka erishish yo‘lida muhim qadam ekanini yana bir bor qayd etmoqchiman. Biroq rivojlanishning hozirgi bosqichida antimonopoliya idorasi faqatgina nazorat organiga aylanib qolmasdan, balki ko‘proq himoya qiluvchi va huquqbuzarliklar oldini oluvchi idora bo‘lishi lozim. Antimonopoliya qo‘mitasi himoyaviy va oldini olish funksiyalarini amalga oshira olishi uchun boshqa vazirlik va idoralarning raqobatni cheklaydigan harakat va qarorlariga qarshi chiqa oladigan, neytral va mustaqil idoraga aylanishi kerak. Buning uchun raqobat siyosatining huquqiy va institutsional bazasini takomillashtirish zarur.

Muallif haqida: Husain Rajapov — Kobe universitetining (Yaponiya) huquq fakulteti doktoranti. Toshkent Davlat yuridik universiteti bitiruvchisi (bakalavr). Tadqiqot sohalari: raqobat huquqi, xalqaro iqtisodiyot huquqi (Jahon Savdo Tashkiloti).

Mavzuga oid