Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Prezident maktablari agentligiga direktor bo‘ldi
Prezident qaroriga ko‘ra, Sarvar Nadjimovich Boboxo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi.
Shu munosabat bilan, Sarvar Boboxo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirining o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
Sarvar Boboxo‘jayev 1978 yilda tug‘ilgan, 1998 yilda Toshkent davlat texnika universitetini, 2002 yilda Yaponiya xalqaro universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1997 yili «Bakri Uzbekistan Telekom» xorijiy korxonasida tarjimon sifatida boshlagan. 1998-2016 yillarda «O‘zbekinvest» kompaniyasi tizimi, Jizzax davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent Singapur menejmentni rivojlantirish institutida turli mas'ul lavozimlarda ishlagan.
Boboxo‘jayev 2016-2018 yillarda Toshkentdagi Inha universitetiga rektorlik qilgan, 2017 yil martidan hozirgi kunga qadar «O‘zbekiston—Janubiy Koreya» do‘stlik jamiyati kengashi raisi hisoblanadi.
U 2017 yildan buyon O‘zbekiston xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan edi.
Bundan avvalroq Vazirlar Mahkamasining 13 sentyabrdagi qarori bilan Nozima Fayziboyeva Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangani xabar qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, yangi agentlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 9 sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoni va «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan tashkil etilgan edi.
Farmonga ko‘ra, quyidagilar Agentlikning idoraviy bo‘ysunuviga o‘tkazildi:
• Prezident maktablari;
• ijod maktablari;
• Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internati va Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati.
Mavzuga oid
12:40 / 19.12.2024
Jizzax viloyatiga yangi hokim tayinlandi
17:52 / 11.12.2024
Timur Ishmetov Markaziy Bank raisi etib tayinlandi
15:57 / 10.12.2024
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziriga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi
18:28 / 06.12.2024