Iqtisodiyot | 19:36 / 29.10.2019
24267
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi MDHning ko‘p davlatlariga nisbatan kam – Odilbek Isoqov

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi miqdori MDHning ko‘p davlatlariga nisbatan past. Bu haqda Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Tashqi qarzimiz MDHning ko‘p mamlakatlariga nisbatan past. Jadal rivojlanayotgan davlatlardan biri Gruziyaning tashqi qarzi YaIMning 38,7 foizini tashkil etadi», – dedi Isoqov seshanba kuni bo‘lib o‘tgan davra suhbatida.

O‘zbekistonda esa davlat tashqi qarzi YaIMning 23,5 foizini tashkil qiladi.

«Tashqi qarzning miqdori albatta muhim. [Lekin] qarz qanday ishlatilyapti, qanday sohalarga pul tikilyapti va buning iqtisodiyotga, xalqimizning farovonligi uchun ta'siri qanday bo‘layotgani ko‘proq muhim deb hisoblayman», – deb qo‘shimcha qildi Moliya vaziri o‘rinbosari.

Vazirlik taqdim etgan ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yilning 1-yarim yil holatiga ayrim davlatlarda davlat tashqi qarzining YaIMga nisbati quyidagicha: Armaniston – 43,3 foiz, Tojikiston – 38 foiz, Belarus – 33,5 foiz, Ozarbayjon – 29,7 foiz, Ukraina – 27,7 foiz, Vetnam – 21,7 foiz, Turkiya  - 15,8 foiz, Qozog‘iston – 14,2 foiz.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Odilbek Isoqov o‘zbekistonliklarni davlat qarzlari masalasida xavotirlanmaslikka chaqirgani xabar qilingan edi.

Mavzuga oid