O‘zbekiston | 16:30 / 07.11.2019
70687
2 daqiqa o‘qiladi

Svetlana Ortiqova Bosh prokuraturaga qaytdi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi rahbariyatida yangi tayinlov amalga oshirildi.

Kun.uz’ning hukumatdagi manbasi xabar berishicha, O‘zbekiston Senati raisi o‘rinbosari Svetlana Boymirzayevna Ortiqova O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari etib tayinlandi.

Svetlana Ortiqova 1962 yili Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 1987 yili hozirgi Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi bo‘yicha huquqshunos, 1993 yildan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida turli lavozimlarda ishlagan. 

U 2010-2014 yillari Oliy Majlis Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi vazifasida faoliyat ko‘rsatgan, shuningdek, 2010 yildan 2015 yilgacha Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari lavozimini egallagan.

Svetlana Ortiqova Senatda 2015 yildan 2019 yilga qadar Senatga raislik qilgan Nig‘matilla Yo‘ldoshevga o‘rinbosarlik qilgan edi. Nig‘matilla Yo‘ldoshev 2019 yil iyunida O‘zbekiston bosh prokurori etib tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Erkaboy Tojiyev Qashqadaryo viloyati prokurori etib tayinlangandi.

UPD: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 noyabrdagi Farmoniga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi Svetlana Boymirzayevna Ortiqovaning vakolati muddatidan avval tugatildi. Prezidentning yana bir farmoniga asosan Svetlana Ortiqova O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Mavzuga oid