O‘zbekiston | 17:48 / 19.02.2020
93344
2 daqiqa o‘qiladi

Elmira Bositxonova yangi lavozimga tayinlandi

Xotin-qizlar qo‘mitasining endilikda sobiq raisi Elmira Bositxonova yangi tuzilgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligida vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, «Nuroniy» jamg‘armasi raisi Sodiqjon Turdiyev ham yangi vazirlikda vazir o‘rinbosariga aylangan.

Kun.uz manbasi xabar berishicha, Elmira Bositxonova yangi tashkil etilgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Elmira Bositxonova 1958 yilda tug‘ilgan, 1981 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutining «davolash ishi» yo‘nalishini tamomlagan. 1981-2011 yillarda shifokor-intern, anesteziolog-reanimatolog, bo‘lim boshlig‘i, Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi bosh shifokori.

2011-2016 yillarda Bosh vazir o‘rinbosari – Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan, keyin Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgan Elmira Bositxonova 2019 yilning yozida yana hukumat a'zoligiga qaytarilgan, 2020 yilning yanvarida lavozimga qayta tasdiqlangandi.

Eslatib o‘tamiz, 18 fevral kuni O‘zbekiston Prezidentining «Jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq Bosh vazir o‘rinbosari – Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimi tugatildi.

Xuddi shu farmon bilan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tuzilgan.

  • 18 fevral kuni Qonunchilik palatasi deputatlari «Mahalla» kengashi raisi Rahmat Mamatovni Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri lavozimiga nomzod sifatida ma'qullashgandi.
  • 19 fevral kuni Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aziz Ikromov o‘z lavozimini saqlab qolgan holda vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan, shuningdek, «Mahalla» kengashi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Botir Parpiyev vazir o‘rinbosarlaridan biriga aylangan.

Mavzuga oid