O‘zbekiston | 19:24 / 11.03.2020
162060
12 daqiqa o‘qiladi

«Endi olmayman, ataylab olmayman. Achchiq qilib ham olmayman» – Siyosatchilar avtomobil narxi oshishi borasida qanday fikrda?

O‘zbekistondagi siyosiy partiya liderlari va senatorlar Kun.uz muxbiri bilan suhbatda UzAuto Motors tomonidan avtomobillar narxining oshirilishini bir ovozdan qoraladi hamda bu borada o‘z noroziliklarini bildirishdi.

UzAuto Motors yengil avtomobillar narxini keskin oshirishi katta noroziliklarga sabab bo‘lmoqda.

Kun.uz muxbiri O‘zbekistondagi bir qancha siyosiy partiyalar rahbarlari va senatorlardan birining avtomobil narxlari oshishiga munosabati bilan qiziqdi.

Narimon Umarov: «Bu holat monopoliya yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning o‘ndan biri»

 «Adolat» SDP lideri Narimon Umarov fikricha, UzAuto Motors tomonidan xalqimiz orasida eng talabgir hisoblangan bir nechta mahsulotlarning narxi hech qanday ogohlantirishsiz 21 foizgacha oshirilishi monopoliya yuzaga keltirish mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning 10 dan birini amalda ifodalab berdi.

«Hech qanday muhokamalarsiz, o‘rganishlarsiz bu singari qarorning qabul qilinishi aholi o‘rtasida ertangi kuniga bo‘lgan ishonchsizlikka olib keladi.

Avtomobillar tannarxining oshishi katta ehtimol bilan import qilinayotgan butlovchi qismlar narxi oshgani bilan bog‘lansa kerak (suhbat UzAuto Motors yangilikka izoh berishidan oldin yozib olindi. – tahr).

Bu holat haligacha mahalliylashtirish bo‘yicha korxona oldiga qo‘yilgan vazifalar yetarli darajada bajarilmaganini yoki faqat qog‘ozda bajarilganini ko‘rsatadi», dedi partiya lideri.

Narimon Umarov so‘zida davom etarkan, UzAuto Motors`dan qachongacha korxona foydasini va ortiqcha xarajatlarni xalqimiz bo‘yniga yuklash bilan kun ko‘rishi bo‘yicha izoh talab qildi.

«Mahsulotlar uchun yangi bozorlar qidirish, marketingni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, korxonaning ortiqcha xarajatlarini cheklash, rahbariyatni, xodimlarni ortiqcha rag‘batlantirishlarni cheklash orqali ham foydani ko‘paytirish mumkin-ku.

Shu bilan birga, UzAuto Motors ochiqlik, oshkoralik, raqamli iqtisodiyot kabi tushunchalar kun tartibiga chiqqan sharoitda hanuzgacha butlovchi qismlar yetkazib beruvchilar o‘rtasida ochiq tanlov e'lon qilmayapti. Shu yo‘l bilan ham mahsulot tannarxi ancha kamayishiga erishish mumkin.

Bir million so‘m ham pul deb hisoblovchi aholining o‘rtahol qatlami orasida xaridorgir bo‘lgan mashinalar narxini oshirib, pul topish asosiy muammosi hisoblanmaydigan aholi xarid qiladigan mashinalar narxini oshmasligini qanday tushunish mumkin? Bu aholi qatlamlari o‘rtasidagi tengsizlik kuchayishiga olib keladi.

Umuman, UzAuto Motors tomonidan qabul qilingan mazkur qaror noo‘rin qabul qilingan va bu islohotlarga aholining ishonchi pasayishiga sabab bo‘lishiga olib keladi», – dedi Umarov.

Ulug‘bek Inoyatov: «Muammo narxning oshirilishida emas, balki oqibatni keltirib chiqarayotgan sabablardadir»

XDP rahbari Ulug‘bek Inoyatov so‘zini o‘zi boshchilik qilayotgan partiya har qanday sohadagi monopoliyaga qarshiligini ta'kidlashdan boshladi.

«Bizningcha, asosiy muammo – narxning oshirilishida emas, balki oqibatni keltirib chiqarayotgan sabablardadir», dedi u.

Partiya rahbari shuningdek, monopoliyaning jiddiy oqibatlari va uni tugatish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirib o‘tdi.

«Narxning oshirilishiga eng katta asosiy sabab – monopoliyadir. Bozorimizda unga nisbatan raqobatning yo‘qligi narx oshirilishi, mahsulot sifati bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqaryapti. Bozor iqtisodiyotining eng asosiy qonuniyati – bu raqobatning rivojlanishidir. Raqobat bo‘lmagan tizimdan birinchi navbatda oddiy xalq vakillariga jabr yetadi.

Sohada raqobat muhitini tashkil qilish lozim. Boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga ham imkoniyat berilishi lozim. Buning uchun chetdan kirib keladigan avtomashinalarga boj miqdorini qayta ko‘rib chiqish, hozirgidan pasaytirish zarur.

Eng asosiysi, fuqarolarga tanlov imkoniyati yaratilishi shart. Qayerda ishlab chiqarilganidan qat'i nazar, ular o‘zlari istagan avtomashinalarni xarid qila olishlari kerak.

Agar shu masalalar hal etilsa, o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan avtomashinalar narxi va sifatida ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishi aniq», – dedi Ulug‘bek Inoyatov.

Aktam Hayitov: «Monopol korxonalar o‘zi bilganicha ish qilishni qachon to‘xtatadi?»

UzAuto Motorsʼning o‘z bilganicha narx oshiraverish siyosati liberal-demokratlar yetakchisi Aktam Hayitovni ancha asabiylashtirgani suhbat davomida sezilib turdi.

«Monopol korxonalar o‘zi bilganicha ish qilishni qachon to‘xtatadi?», deya asabiy tarzda so‘zlarini boshladi Hayitov.

Unga ko‘ra, UzAuto Motorsʼning narxlarni xalq bilan maslahatlashmay oshirishi partiya elektoratini ham, O‘zLiDeP deputatlarini ham norozi qilgan.

«Vaholanki, taraqqiyotimizning yangi davrida har bir tashkilot o‘z qarorini xalq muhokamasiga qo‘yishga o‘rgandi. Hattoki, qonun loyihalari ham xalq «ekspertiza»sidan o‘tkazilayotgani fikrimizga yaqqol dalil. UzAuto Motors esa ana shu yangi tendensiyani nazar-pisand qilmadi. Narxlarni o‘zi bilganicha oshirdi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan chetda qolib ketyapsizlar, deguvchilarga aytmoqchimiz: O‘zLiDeP saylovoldi dasturida monopol korxonalarga qarshi kurashish ustuvor vazifa etib belgilangan. Partiyamiz barcha tadbirkorlik sub'yektlari uchun teng, halol, adolatli, tizim yaratish tarafdori. Ana shunday demokratik-liberal tamoyil odamlarni ham, tadbirkorlarni ham davlatdan rozi bo‘lib yashashiga zamin yaratadi.

UzAuto Motors yaqin orada avtomobillarga o‘rnatilgan yangi narxlar bo‘yicha bayonot berishi ma'lum qilindi. Ochig‘ini aytsak, biz ham boshqalar qatori mazkur bayonotni kutyapmiz. Negaki, UzAuto Motors`ning yangi bahonalari biz uchun ham qiziq. Ular o‘zini nima deb oqlaydi, nega aynan «Damas», «Spark», «Nexia» kabi mashinalar narxlarida keskin o‘zgarishlar bo‘lganini qanday izohlar ekan?

UzAuto Motors qanday bayonot berishidan qat'i nazar, bir fikrda qat'iymiz: xalq va xalq vakillari – deputatlarni hurmat qilgan har qanday tashkilot narxni oshirmasdan oldin buni xalq muhokamasidan o‘tkazishi lozim edi.

Xulosa o‘rnida aytmoqchi bo‘lgan fikrimiz quyidagicha: bundan buyon O‘zLiDeP o‘zi bilgancha ish qiladigan monopol korxonalarni o‘z holiga tashlab qo‘ymaydi», – dedi Aktam Xayitov.

Boriy Alixonov: «Har qanday monopol tashkilot narxlarni oshirishdan oldin jamoatchilik fikrini o‘rganishi lozim»

Ekologik partiya rahbari Boriy Alixonov o‘z fikrlarini qisqacha ifodalab qo‘ya qoldi.

Uning aytishicha, har qanday monopol tashkilot – qaysi sohada bo‘lishidan qat'i nazar – narxlarni oshirishdan oldin keng jamoatchilik fikrini o‘rganishi lozim.

«UzAuto Motors narxlarni oshirishi haqida OAV va ijtimoiy tarmoqlarda asoslantirilgan bayonot bilan chiqishi lozim.

Shu nuqtayi nazardan olib qaraganda, UzAuto Motors`ning avtomobillar narxini oshirgani sababini izohlay olmaymiz», – dedi Alixonov.

Abduqodir Toshqulov: «Bu – hukumatning omadsiz zavodni to‘xtab qolishidan qo‘rqib qilayotgan ishi»

Taniqli senatorlardan biri Abduqodir Toshqulovga avtomobillar narxi oshirilishi bo‘yicha fikrlarini so‘rab bog‘langanimizda, u bir necha kun avval ish yuzasidan Ozarboyjon safaridan qaytgani va avtomobil sanoati bo‘yicha amaldagi holatimizni boshqalarniki bilan solishtirish imkoniyati bo‘lgani haqida aytdi.

Uning aytishicha, bu boradagi ahvolimiz juda achinarlidir.

«Yevropa va dunyoning rivojlangan boshqa davlatlari haqida gapirmayman. Ozarboyjon va Tojikistonda ham bizning «Matiz», «Nexia» va «Lacetti»ga o‘xshash mashinalar qolmagan. Hammasi inomarkalar. Biz kambag‘al hisoblaydigan Tojikistonda ham hamma avtomashinalar chet elniki.

Bu davlatlarda aholiga xizmat ko‘rsatadigan taksilar ham inomarka. Masalan, Bokuda Angliyada chiqarilgan bir xil kuperlar, Tojikistonda esa hammasi Hyundai. Bizda esa xatto poytaxtdagi taksilarning hammasi «Matiz».

Senator UzAuto Motors tomonidan oddiy xalq ko‘proq xarid qiladigan mashinalarning narxini oshirish biror bir mezonga to‘g‘ri kelmasligini aytdi.

«Bizdagi avtomashinalar dunyo bozorinikidan ikki barobar qimmat. Bu hukumatning omadsiz zavodni to‘xtab qolishidan qo‘rqib qilayotgan ishi, deb o‘ylayman.

Bu narx oshirishdan butun jamiyat junbushga keldi», dedi u.

Abduqodir Toshqulovning aytishicha, uning o‘zi ham bir necha yildan buyon «Nexia» avtomobili xarid qilishni reja qilib yurgan. Ammo yangi narxlar tufayli bu reja yanada uzoqroqqa cho‘ziladigan bo‘ldi.

«Endi ololmayman. Ataylab olmayman. Achchiq qilib ham olmayman. Bu juda qimmat axir. Buni qoralayman.

Qimmat avtomobillarning narxi oshirilmadi, deyildi. Lekin bular dastlabki narxi o‘rnatilganda ham dunyo bozoridan ikki barobar qimmat edi. Bularni o‘zgartirishga hojat ham yo‘q. Xalqqa jabr, judayam jabr.

Aslida hozir narxi oshirilayotgan avtomobillarni ishlab chiqarishdan olib tashlash kerak. Bu avtomobillar xavfsizlikni ham ta'minlay olmaydi, zamon talablariga ham javob bermaydi. GM normalariga qanday javob berayotganiga hayronman. Balki GM bizni standartlardan chiqarib tashlagandir. Tushunib bo‘lmayapti», – deya asabiy gapirdi senator Abduqodir Toshqulov.

Nuriddin Murodov: «8 yil oldin rahmatli deputat Boykulov «O‘zavtosanoat» faoliyatini qoniqarsiz, deb aytganida, xoin va sotqinlar dastidan baloga qolgan»

Foto: Xalqaro press klub

Oliy sud mas'ul xodimi Nuriddin Murodovning aytishicha, bir necha yillar avval «O‘zavtosanoat»ni tanqid qilish xavfli bo‘lgan.

«8 yil oldin gapirganimiz esimda. Rahmatli deputat A.Boykulov «O‘zavtosanoat» faoliyatini qoniqarsiz, deb aytganda, xoin va sotqinlar dastidan baloga qolgan edi. Yaxshiyam zamon o‘zgardi. Hozir eslab o‘sha «omon-omon» zamonlarda qoniqarsiz, deb qaror qilgan deputatlarimizga ta'zim qilaman. O‘sha paytdagi sotqinlarga esa la'natlar bo‘lsin, ayrimlari hozir ham deputat bo‘lib yuribdi», deya esladi Murodov.

O‘zbekistondagi yana bir siyosiy partiya – «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan masala bo‘yicha hali izoh ola olganimiz yo‘q.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid