O‘zbekiston | 00:03 / 18.03.2020
24172
4 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar hukumatdan shifokorlarning oyligini oshirishni so‘rashdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Shuhrat Polvonov hamda Gulbahor Saidg‘aniyeva hukumatdan tibbiyot xodimlarining oyligini oshirishni, ish haqi miqdorlarini qayta ko‘rib chiqishni so‘rashmoqda.

“Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lash, ularni moddiy rag‘batlantirishning amaldagi tizimini qayta ko‘rib chiqish kerak. Tibbiyot xodimi bajarayotgan ishlarning murakkabligi, ish hajmi hamda ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatiga qarab ularga oylik to‘lanishi, qolaversa, ish haqi miqdori sezilarli darajada oshirilishi zarur.

“Adolat” partiyasi o‘zining saylovoldi dasturida sog‘liqni saqlash tizimida islohotlar qilish va shifokor maqomini oshirishga katta o‘rin ajratgan edi. Biz saylovchilarga bergan va'damizni bajarishga harakat qilyapmiz.

Tibbiyot sohasida shtatlarning qisqarib ketishi kimga kerak bo‘lgan edi? Qaysi saylov okrugiga borsak, bizga tibbiy xizmatni yaxshilab bering, bizga tibbiyot punkti ochib bering, bizga shifokor yetishmayapti degan murojaatlar bo‘ladi. Afsuski, bu kabi murojaatlarni shu paytgacha hech kim eshitishni istamadi.

Shundan kelib chiqqan holda tibbiyot xodimlariga respublika, viloyat, shahar-tuman darajasida barcha sharoitlar teng yaratilishi, sohadagi barcha xodimlarning oylik maoshlari oshirilishi zarur deb hisoblaymiz. Hukumat taklifimizni ko‘rib chiqib, ijobiy qaror qabul qiladi deb ishonamiz”, dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Shuhrat Polvonov

Deputatlar ayni paytda dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham kuzatilayotgan epimidiologik vaziyatga ham e'tibor qaratishib, mazkur jarayonda tibbiyot xodimlarining o‘rni yuqori ekanini ta'kidlashdi. Ularga ko‘ra, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib zimmasidagi burchini bajarayotgan shifokorlar mehnati munosib qadrlanishi kerak.

“Koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha hukumat tomonidan olib borilayotgan ishlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Xalqimiz ham bu choralarni to‘g‘ri tushunib qabul qilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining aksariyat qismi o‘z saylov okruglariga birlamchi tibbiyot muassasalariga amaliy yordam berish uchun chiqib ketishdi. Tibbiyot xodimlarini nimalar qiynayapti, epidemiya tarqalmasligi uchun 24 soat ishlashi kerak bo‘layotgan tibbiyot xodimlari uchun sharoitlar tayyormi, binolarning ahvoli qanday, dori-darmon vositalari, tibbiyot anjomlari shaymi, budjetdan ajratilgan pullar o‘z o‘rniga sarf bo‘lganmi, bularni o‘rganish va joyiga qo‘yish uchun bugun parlament va deputatlik nazorati juda muhim.

Yuqumli kasalliklar bilan bog‘liq bo‘limlarda faoliyat olib boradigan vrachlar, o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari, bemorlarga xizmat ko‘rsatuvchi barcha kasblardagi xodimlar uchun yanayam alohida shartlarda oylik maoshlari oshirilishi bugungi kun talabidir. mamlakatimizdagi hozirgi vaziyatni hisobga olib, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib el xizmatida bo‘layotgan shifokor mehnatini qadrlash bo‘yicha zudlik bilan aniq tadbirlar amalga oshirilishi kerak”, deydi quyi palataning innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a'zosi Gulbahor Saidg‘aniyeva.

Gulbahor Saidg‘aniyeva Foto: Daryo

Deputatlarning e'tirof etishicha, faqatgina oylik maoshlarni oshirish bilan muammo o‘z yechimini topib qolmaydi, balki tibbiyot xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, kasb darajasi va malakasini uzluksiz oshirib borishlari uchun rag‘batlantiruvchi tizimni yanada takomillashtirish ham jamiyat oldida turgan asosiy vazifalar hisoblanadi.

Mavzuga oid