O‘zbekiston | 19:54 / 21.08.2020
11723
8 daqiqa o‘qiladi

Mehnat muhofazasi sohasidagi xizmatlar bozorida ham monopoliya bor. Mas'ul vazirlik nega jim?

Foto: Getty Images

Bugungi kunda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan yuritib kelinayotgan mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorining professional ishtirokchilari yagona reyestrida 24 ta yuridik shaxs 32 ta yo‘nalishda, shundan, mehnatni muhofaza qilish sohasida qayta tayyorlash va malaka oshirish bo‘yicha 6 ta yuridik shaxs reyestrga kiritilgan.

Ushbu sohani tartibga solish maqsadida 2017 yil 27 aprelda Vazirlar Mahkamasining «Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorini yanada rivojlantirish to‘g‘risida»gi 246-sonli qarori qabul qilindi. Qaror nomiga e'tibor bering: «Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorini yanada rivojlantirish to‘g‘risida».

Garchi, qaror nomida «yanada rivojlantirish» degan jarangdor so‘zlardan foydalanilgan bo‘lsa-da, ushbu qaror bilan tasdiqlangan Mehnatni muhofaza qilish sohasida qayta tayyorlash va malaka oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomda mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorini orqaga tortadigan, ta'bir joiz bo‘lsa, monopoliya tegirmoniga suv quyayotgan normalarni uchratish mumkin.

Jumladan, Nizomning 14-bandiga ko‘ra, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislik malaka sertifikatini oluvchi nomzodlar, davlat mehnat texnik inspektorlari va mehnat sharoitlari ekspertlari, kasaba uyushmasi tashkilotlarining mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislari Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazida malaka oshirishdan o‘tishlari belgilab qo‘yilgan.

O‘z navbatida, Hukumatning yuqorida qayd etilgan qarori bilan tasdiqlangan Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorining professional ishtirokchilari faoliyatini tashkil etish va ularning yagona reyestrini yuritish tartibi to‘g‘risida nizomning 19- va 20-bandlariga ko‘ra, yagona reyestrga kiritish uchun mehnat muhofazasi sohasida malaka oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatmoqchi bo‘lgan arizachilarning Ilmiy markazga haddan oshiq ko‘p hujjatlarni topshirishi lozimligi belgilab qo‘yilgan va bu ham byurokratik to‘siq hosil qilishi tayin.

Yana bir e'tiborli jihati shundaki, Ilmiy markaz o‘zi korxona va tashkilotlar xodimlarini mehnat muhofazasi yo‘nalishida malaka oshirish faoliyatini olib borish bilan bir vaqtda xodimlarni o‘qitish bilan shug‘ullanuvchi va o‘ziga raqobatchi hisoblanadigan yuridik shaxslar xodimlariga sertifikat berish bilan ham shug‘ullanib kelmoqda. Sodda til bilan aytganda, Ilmiy markaz «o‘zi yeb turgan nonini boshqalar bilan ham bo‘lishishi» kerak bo‘ladi.

Ushbu sohada ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun qancha haq to‘lanishiga oydinlik kiritish maqsadida yagona reyestriga kirgan tashkilotlardan biri bilan bog‘landik. Ma'lum bo‘lishicha, bir nafar xodimni malaka oshirish bo‘yicha o‘qitganlik uchun o‘rtacha 500-600 ming so‘m atrofida haq olinarkan.

Endi respublika bo‘yicha minglab shunday xodimlar malaka oshirishi lozimligini inobatga olgan holda, xolis fikr yuritib ko‘raylik, shunday sharoitda Ilmiy markaz o‘ziga raqobatchi bo‘ladigan yuridik shaxslar xodimlariga sertifikat berishda beg‘araz ish tuta oladimi? Ushbu holat sohada manfaatlar to‘qnashuvi-yu nosog‘lom raqobatni vujudga keltirib, sertifikat olishni yanada qiyinlashtirib, yakunda korrupsiya holatlarini ham keltirib chiqarmaydimi?

Vaholanki, «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 12-moddasiga asosan, davlat boshqaruvi organlari ayrim xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklarni asossiz ravishda berishi taqiqlanadi.

Bugungi kunda bor-yo‘g‘i 6 ta tashkilot mehnatni muhofaza qilish sohasida qayta tayyorlash, malaka oshirish bo‘yicha faoliyat yuritish huquqiga ega, xolos. Butun respublika uchun bu yo‘nalishda yo‘nalishida atigi 6 ta tashkilot kamlik qilmaydimi? Nima uchun ularning soni kengaymasdan qolmoqda?

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 martdagi 241-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nodavlat ta'lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 2-bandiga muvofiq, nodavlat ta'lim muassasalariga litsenziya berish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Bundan kelib chiqadiki, mehnatni muhofaza qilish sohasida malaka oshirish va qayta tayyorlash faoliyatini amalga oshirish uchun bir davlat tashkilotidan litsenziya, boshqasidan sertifikat olish hamda reyestrga kirish uchun bir dunyo hujjat to‘plashday qiyin jarayonlardan o‘tish kerakligi ham o‘z-o‘zidan ushbu sohadagi xizmatlar bozoridagi raqobatni cheklashga xizmat qiladi.

Shularni inobatga olib, mehnatni muhofaza qilish sohasida ta'lim berish faoliyatini amalga oshirish jarayonida barcha sub'yektlar uchun teng sharoitlar yaratish maqsadida Hukumat qaroriga Ilmiy markazning monopol huquqlarini hamda sohadagi byurokratik to‘siqlarni bekor qiluvchi tegishli o‘zgartirishlar kiritish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Bu – mazkur yo‘nalishdagi nodavlat ta'lim sohasida raqobat muhiti rivojlanishiga, yangi tashkil etiladigan nodavlat ta'lim tashkilotlari soni ortishiga va butun respublika hududidagi xodimlarning mehnat muhofazasi bo‘yicha bilimlari oshishiga ham xizmat qilgan bo‘lardi.

Ma'lum bo‘lishicha, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi mazkur holatlarni bartaraf etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi va soha bo‘yicha mas'ul bo‘lgan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga shu yilning fevral oyidayoq aniq takliflar kiritgan. Ammo oradan 7 oy o‘tibdiki, negadir Qo‘mitaning takliflari hamon e'tiborsiz qolib ketmoqda.

Bundan tashqari, Savdo-sanoat palatasi ham Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga murojaat qilib, Yagona reyestrni shakllantiruvchi vakolatli organ hamda ushbu sohada pullik xizmatlarni ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan Ilmiy markaz bir tizimga kiruvchi sub'yektlar ekani, bu o‘z navbatida Ilmiy markazni boshqa nodavlat ta'lim muassasalariga nisbatan afzal holatga qo‘yishi va bu amaliyotda muammolar keltirib chiqarishi mumkinligini ta'kidlab, bu muammolarni bartaraf etishga chaqirgan.

Shu o‘rinda, Adliya vazirligining qonun hujjatlaridagi huquqiy nuqsonlarni, korrupsiyaga, boshqa huquqbuzarliklarni sodir etishga shart-sharoit yaratuvchi, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslar uchun ortiqcha ma'muriy va boshqa cheklovlarni joriy etuvchi qoidalar va normalarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar tayyorlashiga oid funksiyasi mavjudligini esga olishni lozim topdik.

Masala yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va boshqa mas'ul idoralarning munosabatini kutib qolamiz.

Abbos Salaydinov,
huquqshunos

Mavzuga oid