O‘zbekiston | 14:35 / 22.10.2020
19582
3 daqiqa o‘qiladi

Xonobod shahriga yangi hokim tayinlandi

Andijon viloyatining Xonobod shahriga yangi hokim tayinlandi. 

Bugun, 22 oktabr kuni Andijon viloyati Xonobod shahrida xalq deputatlari shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi.

Sessiyada viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etdi. Ushbu sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi va shaharga yangi rahbar tayinlandi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, Mash'al Xurmamatovich Tojiboyev Xonobodning yangi hokimi etib tayinlangan.

Mash'al Tojiboyev 1984 yilda Andijon shahrida tug‘ilgan, 2007 yilda Toshkent arxitektura qurilish institutini tamomlagan (sirtqi).

U 2003-2004 yillarda Andijon pudrat savdolarini tashkil etish va o‘tkazish Andijon viloyat boshqarmasi mutaxassisi, 2004-2010 yillarda Qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish hududiy konsalting markazi yetakchi mutaxassisi, bo‘lim boshlig‘i, bosh mutaxassisi, tanlov savdolarini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i, markaz yetakchi mutaxassisi, 2010 yilda «Qishloq qurilish invest» ixtisoslashtirilgan sho‘'ba injiniring kompaniyasi Andijon filiali uy-joy marketing sho‘'basi bosh mutaxassisi bo‘lgan.

2010 yilda Andijon viloyati hokimligida ish boshlagan va 2016 yilga qadar viloyat hokimligi kapital qurilish, kommunikatsiyalar va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha kotibiyati yetakchi mutaxassisi, kotibiyat mudiri vazifasini vaqtincha bajaruvchi, mudir, 2016 yilda hokimlikda sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha kotibiyat mudiri bo‘lgan. 2016-2017 yillarda Andijon shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari (2016 yil 8 maydan 2016 yil 17 dekabrgacha Andijon shahar hokimi vazifasini bajaruvchisi) sifatida ishlagan.

2017 yildan hozirgi vaqtgacha Andijon viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi.

  • Eslatib o‘tamiz, Xonobod shahrining avvalgi hokimi Musaxon Mamadaliyev shu yilning sentabr oyi oxirida pnevmoniyaga chalinish oqibatida vafot etgandi.
  • Bugun kun davomida Andijon viloyatining Oltinko‘l tumaniga ham yangi hokim tayinlandi. Oktabr oyi boshida vafot etgan Nazirjon O‘rinboyev o‘rnini 2018 yildan buyon Andijon viloyati Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan Iqbolbek Matro‘ziyev egalladi.

Mavzuga oid