O‘zbekiston | 21:17 / 28.10.2020
12084
5 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar organlari xodimlari ham niqobsiz yurishga oid ma'muriy ishlarni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘ldi

Kuni kecha “O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun qabul qilindi.

Ushbu Qonun bilan MJtK 248-moddasining birinchi qismiga qo‘shimcha kiritilib, unga ko‘ra, ichki ishlar organlari ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan ma'muriy huquqbuzarliklar ro‘yxatiga epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish(MJtK 54-modda) ham kiritildi.

Bu nimani anglatadi?

Ma'lumki, MJtK 54-moddasi ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismda karantin sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish uchun javobgarlik nazarda tutilgan.

Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzishga oid huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqishga ichki ishlar organlarini vakolatli etib belgilash shundan dalolat beradiki, endilikda ichki ishlar organlari xodimlari fuqarolarning jamoat joylarida niqobsiz yurish holati bilan bog‘liq ma'muriy ishlarni ham davlat sanitariya nazorati organlari xodimlarining ishtirokisiz, o‘zlari mustaqil ko‘rib chiqa oladi.

Kodeksga kiritilgan so‘nggi qo‘shimchalardan shuni anglash mumkinki, ichki ishlar organlarining quyidagi toifadagi xodimlari karantin qoidalarini buzishga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga va ma'muriy jazo qo‘llashga vakolatli etib belgilandi:

  • tumanlar, shaharlar, shaharlardagi tumanlar ichki ishlar bo‘limlarining (boshqarmalarining) boshliqlari yoki  boshliq o‘rinbosarlari, shuningdek, transportda xavfsizlikni ta'minlash boshqarmalarining (bo‘limlarining) boshliqlari;
  • metropolitenni muhofaza qilish bo‘yicha ichki ishlar bo‘limining boshlig‘i yoki boshlig‘i o‘rinbosarlari;
  • temir yo‘l vokzallari va aeroportlardagi bo‘linmalarning, ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarining (boshqarmalarining) boshliqlari va boshliq o‘rinbosarlari;
  • ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika katta inspektorlari va inspektorlari;
  • yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining (Bosh boshqarmasining) boshlig‘i, uning o‘rinbosarlari, yo‘l-patrul xizmatini hamda ma'muriy amaliyotni tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘limining boshlig‘i, muhim topshiriqlar bo‘yicha bosh inspektor, inspektor (ma'muriy amaliyot bo‘yicha), ma'muriy amaliyot bo‘linmasining (bo‘limining) boshlig‘i, ma'muriy huquqbuzarliklar materiallarini ko‘rib chiqish bo‘yicha bosh inspektor, katta inspektor (inspektor), yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limining (bo‘linmasining) boshlig‘i, davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining katta inspektori va yo‘l harakati xavfsizligi guruhining ma'muriy amaliyot bo‘yicha inspektori, ular yo‘qligida esa ichki ishlar bo‘limining boshlig‘i yoki uning o‘rinbosari;
  • yo‘l-patrul xizmati brigadasi (bataloni, divizioni, otryadi, safarbar guruhi) komandiri yoki komandirining o‘rinbosari;
  • yo‘l-patrul xizmatining katta inspektori (inspektori) va yo‘l harakati qoidalariga hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashga oid boshqa normativ hujjatlarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi boshqa xodimlar.

Bunga qadar ushbu turdagi huquqbuzarliklarga oid ishlar davlat sanitariya nazorati organlari xodimlari tomonidan ko‘rib chiqilardi.

Shuningdek, Kodeksning 291-moddasiga ham o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, unga ko‘ra, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi munosabati bilan tegishli hududlarda yoki obektlarda cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etilgan sharoitlarda transport vositalari haydovchilari tomonidan ushbu Kodeks 54-moddasining ikkinchi qismida (transport vositalarining harakatlanishiga cheklovlar buzilishi qismida) nazarda tutilgan ma'muriy huquqbuzarliklar sodir etilganda, transport vositalarini ushlab turish ichki ishlar organlari tomonidan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rilguniga qadar amalga oshirilishi belgilandi.

Bunda bir jihatga e'tibor qilish lozim bo‘ladi: transport vositalarini ushlab turish ichki ishlar organlari tomonidan faqatgina ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rilguniga qadar amalga oshirilishi mumkin. Ya'ni ichki ishlar xodimi ma'muriy ishni ko‘rib bo‘lib, ma'muriy jazo chorasini tayinlash to‘g‘risida qaror chiqarganidan so‘ng, transport vositasi qo‘yib yuborilishi lozim bo‘ladi.

Mavzuga oid