Jamiyat | 15:10 / 03.10.2019
110939
7 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar xodimlari paxtaga bormaydimi?

So‘nggi kunlarda virtual olamda eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri ichki ishlar xodimlarining paxta yig‘im-terimiga jalb qilinishi va ularning noroziliklari aks etgan videolavhalar bo‘ldi. Muhokamalarda har doimgidek turli-tuman fikrlar bildirildi.

Videolavhalarning barchasi mazmunan bir xil. Ulardan birida saf tortib turgan ichki ishlar xodimlariga yuqori martabali shaxs paxtaga safarbarlik e'lon qiladi. Odatda buyruqlarni jim turib eshitadigan va so‘zsiz amal qiladigan ichki ishlar xodimlari e'tiroz bildira boshlaydilar (ta'kidlash joiz, ayrim ovozlar lavhaga montaj qilingani haqida ham taxmin mavjud, ammo bu bo‘yicha ekspertiza o‘tkazilmagan, rasmiy xulosa bildirilmagan).

Ikkinchisida tor yo‘lakda ko‘plab xodimlarning g‘ala-g‘ovur qilib yurishgani, navbati bilan paxtaga jo‘natishdan norozilik bildirishlarini ko‘rish mumkin.

Uchinchi videolavhada esa vazirlikning malaka oshirish markazi hovlisidagi chim ustida to‘planib olgan ichki ishlar xodimlari majburiy mehnatga barham berishni so‘rashadi, paxtaga borishga tayyor emasliklari, ularning maoshidan 800 ming so‘m ovqat puli ushlab qolinayotgani, qishgacha terimda yurish talab qilinayotgani haqida so‘zlashadi.

Ta'kidlash joiz, bu videolavhalar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan, ammo izoh qoldiruvchilarning aksariyati ichki ishlar xodimlarining bu noroziliklarini qoralagan. Aksariyat fikr bildiruvchilar uzoq yillar davomida shifokorlar, o‘qituvchilar va budjetning boshqa vakillari paxta terimiga jalb qilinganlarida indamay yurgan, aksincha, nazoratchi vazifasini o‘tab bergan ichki ishlar xodimlarining o‘zlari endi bunday talab oldida e'tiroz bildirayotganlarini qabul qila olishmagan.

Qonunchilik nuqtai-nazaridan bu xodimlarning talabi to‘g‘riligiga shubha yo‘q. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda majburiy mehnatga qarshi keskin kurash ketmoqda. Ayniqsa, paxta yig‘im terimi davrida budjet xodimlarini jalb qilmaslik bo‘yicha qator qarorlar qabul qilingan.  

Bugun, 3 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi masala bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.

«Keyingi kunlarda ichki ishlar organlari xodimlarini boshlang‘ich tayyorlash va malaka oshirish markazlarining tinglovchilari paxta yig‘im-terimiga jalb etilishidan noroziligi haqidagi videolavhalar internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqaldi.

Mazkur videolavhalar o‘quv markazlariga joriy yilning 11 sentyabridan boshlab, bir oylik malaka oshirish o‘quv yig‘iniga kelgan ayrim tinglovchilar tomonidan tasvirga olinib, tarqatilgan.

Ushbu qisqa muddatli o‘quv yig‘inlarida tahsil olayotgan tinglovchilarni paxta yig‘im-terimiga jalb etish bo‘yicha biror topshiriq berilmagan, bugungi kunda barcha tinglovchilar bilan rejalashtirilgan o‘quv mashg‘ulotlari olib borilmoqda. Mashg‘ulotlar 11 oktyabrgacha davom etib, shundan so‘ng tinglovchilar tegishli viloyatlarga o‘z xizmat joylariga qaytarib yuboriladi.

Tarqatilgan videolavhalarda tinglovchilar o‘quv maskanlari hududida ekanligi va paxta terimi bilan bog‘liq bo‘lgan hech qanday holatlar aks ettirilmaganligi ko‘rinib turibdi. Bundan tashqari, ushbu lavhalar ayrim tinglovchilarning asoslanmagan fikrlariga ko‘ra atayin tayyorlanib, ichki ishlar organlarini obro‘sizlantirish, xodimlar sha'niga putur yetkazish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilganini anglash qiyin emas.

Ayni paytda o‘quv markazlarida yuqorida qayd etilgan holatlar bo‘yicha ichki surishtiruv ishlari o‘tkazilmoqda.

Ichki ishlar organlari xodimlari uchun har qanday holatda o‘z qasamyodiga sodiq qolgan holda, eng avvalo, el-yurt ravnaqi yo‘lida xizmat qilish oliy burch hisoblanadi.

Qayd etish joizki, bugungi kunda ichki ishlar organlari xodimlari boshqa tadbirlar qatorida paxta yig‘im-terim mavsumida jamoat tartibini saqlash, paxta hosilining nes-nobud bo‘lishi va talon-toroj qilinishining oldini olish, terimga jalb etilgan hasharchilarni tashish vaqtida xavfsizlikni ta'minlash va boshqa ommaviy tadbirlarda amaldagi nizom va buyruqlar asosida faol ishtirok etishmoqda.

Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirligining matbuot xizmati turli ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan tasdiqlanmagan axborotlarga ishonib, ortiqcha ehtiroslarga berilmasdan, vazirlikning rasmiy ma'lumotlariga tayangan holda fikr yuritishlarini so‘raydi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq har qanday xabar yoki ma'lumotlar bo‘yicha vazirlikning vakolatli organlari tomonidan rasmiy munosabat bildirib boriladi», deyiladi vazirlik xabarida.

Biz ichki ishlar tizimida ko‘p yillar ishlagan, rahbariyat strukturasiga kirmagan xodimlar bilan mavzu yuzasidan suhbatlashganimizda ularning aksariyati izoh berishdan bosh tortishdi. O‘z fikrlarini bildirganlar ham shaxsi sir qolishini shart qilib qo‘yishdi.

«Paxta boshlanishi bilan ichki ishlar ham «usilenniy» rejimga o‘tadi. Bu azaldan shunday bo‘lgan. Xodimlarning ko‘pchiligi terimga jo‘natiladi. Ular odatda paxta terishmaydi, tartibni nazorat qilishadi. Teradiganlarining ko‘pi ham normani bajara olmaydi, yo sotib oladi, yo amallab gap tekkizmaydigan qiladi» - dedi ayni paytda nafaqada bo‘lgan militsiya zobiti.

«Kursantlar har doim paxta terishgan. Bizda kunlik normani bajarish shart, boshqacha bo‘lmaydi. Malaka oshirishga kelganlar o‘zlaridan (o‘z ish hududlaridan-tahr.) chiqishardi, endi ogohlantirmay olib ketamiz deyishganiga norozi bo‘lishgandir-da. Lekin bizdan ham ko‘pchilik ketgan, Sirdaryoga, Jizzaxga, viloyatga (Toshkent viloyati-tahr.) borishdi shekilli. Bir hisobdan paxtayam yaxshi, bir ikki oy toza havoda dam olib kelishadi. Bu yerda ish og‘ir», – deya fikr bildirdi ayni paytda tuman bo‘limida ishlayotgan xodim.

Ma'lumotlarga qaraganda, Toshkent shahar IIBBning ayrim yosh xodimlari ham joylarga paxta terimiga jalb qilingan. Ammo boshqarmaning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bunday xabarlarni rad etdi.

Mavzuga oid