O‘zbekiston | 10:19 / 06.11.2020
15487
3 daqiqa o‘qiladi

Anvar Alimov Sog‘liqni saqlash vaziriga o‘rinbosar bo‘ldi

Sog‘liqni saqlash vaziriga yana bir o‘rinbosar tayinlandi.

«Prezidentimizning tegishli qarori bilan Akademik Yo.X.To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori vazifasida ishlab kelgan Alimov Anvar Valiyevich Cog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari – Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida. 

Anvar Valiyevich Alimov 1955 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1978 yilda O‘rta Osiyo pediatriya tibbiyot institutini (Toshkent pediatriya instituti rektori) tamomlagan, mutaxassisligi «bolalar shifokori-anesteziolog, reanimatolog».

Tibbiyot fanlari doktori, professor Anvar Alimov 2000-2009 yillarda Toshkent pediatriya tibbiyot institutida rektor bo‘lgan, 2009-2012 yillarda Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari, 2012-2016 yillarda Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimlarida ishlagan.

U 2016 yil dekabridan buyon Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori lavozimida ishlab kelayotgandi.

2020 yilda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi» faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

  • Eslatib o‘tamiz, 3 noyabr kuni boshida Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov lavozimini tark etdi va uning o‘rnini vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Abduhakim Hojiboyev egalladi.
  • O‘z navbatida, prezident maslahatchisi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov Abduhakim Hojiboyevning o‘rniga sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.
  • Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasiga 2019 yil iyunidan rahbarlik qilgan Botirbek Isabekov 2020 yil avgust oyida lavozimidan ozod etilgandi. O‘shandan buyon boshqarma rahbari lavozimi bo‘sh qolayotgandi. 2020 yilning 2 oktyabrida prezidentning «Sog‘liqni saqlash sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi va unga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari — Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimi joriy etildi.

Mavzuga oid