O‘zbekiston | 17:28 / 23.02.2021
15408
2 daqiqa o‘qiladi

Migratsiya agentligi rahbari Uychi tumaniga hokim bo‘ldi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Muhammadzokir Mamatxonov Namangan viloyatining Uychi tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi. 

Foto: Namangan viloyati hokimligi

Bugun, 23 fevral kuni Xalq deputatlari Uychi tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada tumanni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishdagi muammolar muhokama qilindi va tashkiliy masala ko‘rildi. 

Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov tuman hokimligiga Muhammadzokir Mamatxonov nomzodini taklif qildi. Deputatlar va faollar nomzodni ma'qulladi.

Muhammadzokir Mamatxonov 1974 yilda Namangan viloyatining Pop tumanida tug‘ilgan. 2006 yilda Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti, 2012 yilda Prezident akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tamomlagan.

U 1998–2016 yillarda Pop, Chust, Norin tumanlari, Namangan shahri va Namangan viloyat davlat soliq inspeksiyalari, Namangan viloyati hokimligi va Uychi tumani hokimligida turli vazifalarda mehnat qilgan. 

2016–2017 yillarda Yangiqo‘rg‘on tumani hokimi bo‘lgan. 2018 yildan Namangan viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlagan. 

U 2020 yilning yozida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.

  • Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 fevral kuni Namangan shahrida xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Uychi tumani «to‘rtligi» ishdan olingandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, tuman iqtisodiy ko‘rsatkichlari yaxshilanmagani, topshiriqlarni bajarmagani uchun Uychi tumanining to‘rtta sektor rahbari - tumanga 2018 yil avgustidan buyon hokimlik qilib kelgan Muhammadayubxo‘ja Apaqov, shuningdek, tuman prokurori Ulug‘bek Nomanov, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Avazbek Xo‘jaxonov va davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Adhamjon Mahmudovni ishdan olishga ko‘rsatma bergandi.

Mavzuga oid