Iqtisodiyot | 16:18 / 19.03.2021
5374
2 daqiqa o‘qiladi

Tovar va moliya bozoridagi monopoliyalarning qariyb 87 foizida davlat ishtiroki mavjudligi ma'lum qilindi

4 million aholiga nisbatan iste'molchilik huquqlariga zid harakatlar aniqlangan. Shuningdek, ayrim turdagi monopol tovarlar narxlari kamaytirilgan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farrux Qoraboyevning ta'kidlashicha, bugungi kunda tovar va moliya bozoridagi monopoliyalarning qariyb 87 foizida davlat ishtiroki mavjud. Bu haqda u AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilgan.

«Qo‘mita tomonidan 753 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari o‘rganildi. Ulardan 37 foizida raqobatga zid normalar aniqlandi. Shuningdek, Davlat boshqaruvi va mahalliy hokimlik organlari tomonidan qabul qilingan 334 ta qarorda raqobatga zid normalar mavjud bo‘lgan», dedi Farrux Qoraboyev.

Mutaxassisning ma'lum qilishicha ayrim turdagi monopol tovarlar narxlari kamaytirilgan. Xususan, formalin narxi 20 foiz, polietilen 40 foiz, polipropilen narxi esa 15 foizga pasaytirilgan.

Savdolar va davlat xaridlari jarayonida raqobatni ta'minlash maqsadida 4 200 ta tender va davlat xaridlari jarayonlari o‘rganilib, shundan 50 foizdan ortig‘ida raqobatni cheklovchi omillarning oldi olingan.

Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida suyultirilgan gaz savdolarida 432 mingdan ortiq qonunbuzilish holati kuzatilgan.

Bundan tashqari, 4 mln aholiga nisbatan iste'molchilik huquqlariga zid harakatlar sodir etilgan.

«Agar bozorda 5 tadan ortiq xususiy korxona mavjud bo‘lsa, davlat ishtirokida korxonalarni ta'sis etish taqiqlanadi», deya ta'kidladi Farrux Qoraboyev.

Avvalroq, 2021 yilning 15 iyunidan boshlab monopol va davlat ishtirokidagi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan ayrim turdagi tovarlar faqat birja savdolari orqali sotilishi ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid