Jamiyat | 11:44 / 06.05.2021
3499
2 daqiqa o‘qiladi

Urgutda 100 yoshga yaqinlashgan urush faxriysiga tug‘ilganlik guvohnomasi topshirildi

Samarqand viloyati Urgut tumanida 100 yoshga yaqinlashayotgan urush faxriysiga tug‘ilganlik guvohnomasi topshirilgan. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Urgut tumani Ispanza qishlog‘ida yashovchi 98 yoshli urush faxriysi Bo‘ron bobo Gadoyevda shu paytgacha tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma bo‘lmagan. 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan uni tabriklash uchun xonadoniga borgan Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi, Urgut tuman Davlat xizmatlari markazi hamda 1-son FHDYo bo‘limi xodimlari otaxonga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani rasmiylashtirib berishgan.

Bo‘ron bobo Gadoyev 1942 yilda frontga safarbar etilgan. 2-Belarus fronti 91-brigadasida injyener-sapyor bo‘lgan. 6 oy komandirlar tayyorlash guruhida o‘qigach frontga jo‘natilgan. U kishi o‘sha yillarni shunday eslaydi:

– Urushga 17 nafar yosh, zabardast urgutlik do‘stlarim bilan birga ketganmiz. Shundan 4 nafarimizga uyga qaytish nasib qildi. Uch yil urushning qaynoq o‘choqlarida bo‘ldim. Ikki joyimdan o‘q yeganman. G‘alabadan keyin yana ikki yil harbiy xizmatda qoldim. 1947 yilda vatanga qaytib, salkam ellik yil maktabda o‘qituvchilik qildim, – deydi Bo‘ron bobo.

Ma'lumot uchun, Ikkinchi jahon urushida Urgutdan 13 ming kishi qatnashgan. Ulardan 6 ming nafari qaytib kelgan. Hozirgi paytda tumanda urush faxriylaridan faqat Bo‘ron bobo Gadoyev hayot.

Mavzuga oid