Majburiy tibbiy ko‘rik uchun o‘qituvchilardan pul undirilmoqda. Bu qonunga zid
Yarim millionga yaqin o‘qituvchi davlat bepulligini kafolatlagan xizmat uchun o‘z yonidan 150 ming so‘m atrofida pul to‘lashga majbur bo‘lmoqda. Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Sog‘liqni saqlash va Moliya vazirligiga murojaat bilan chiqdi.
Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi hududlarda o‘qituvchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha Sog‘liqni saqlash va Moliya vazirligiga murojaat qildi. Bu haqda Kun.uz'ga kengash raisi o‘rinbosari Isroil Tillaboyev ma'lum qildi.
O‘qituvchilar majburiy tibbiy ko‘rikning pulli ekanidan norozi
Murojaatda aytilishicha, XTV tizimidagi pedagog xodimlar necha yillardan buyon har yilgi majburiy tibbiy ko‘rik uchun o‘z yonlaridan pul to‘lab o‘tishayotganidan norozilik bildirishmoqda. Jamoatchilik kengashiga 100 nafardan ortiq o‘qituvchi shu masalada murojaat yo‘llagan.
“Qonun hujjatlari bilan pedagog xodimlar uchun davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tish (davlat ta'lim muassasalari va tashkilotlari uchun) belgilanganiga qaramasdan, hududiy sog‘liqni saqlash boshqarma va bo‘limlari tomonidan noqonuniy ravishda pul talab qilish holatlari kuzatilmoqda.
Bunga sabab sifatida, hududiy moliya boshqarmalari tomonidan tibbiy ko‘rik uchun tegishli mablag‘ ajratilmagani kabi vajlar keltirilmoqda. Aslida bu mablag‘ joylardagi hududiy moliya boshqarmalari tomonidan qoplab berilishi lozim.
Pedagog xodimlarning amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq, bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tishi borasidagi muammolarning barham topishida amaliy yordam berishingizni so‘raymiz”, – deyiladi murojaatda.
Sudda o‘qituvchilar yutib chiqqan
Tillaboyevning ma'lum qilishicha, respublikadagi davlat maktablarida qariyb 500 ming nafar o‘qituvchi faoliyat yuritadi va ularning har biri, har o‘quv yili avvalida tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun o‘z yonidan 150 ming so‘m atrofida pul to‘lashga majbur bo‘ladi.
Yana bir ma'lumot, bir yil avval Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida 6 nafar o‘qituvchi tuman tibbiyot birlashmasini ayni shu masalada sudga bergan va sudda yutib chiqqan. Natijada faqat o‘sha 6 nafar o‘qituvchining tibbiy ko‘rigi bepul amalga oshirilgan, xolos.
Vaholanki, Mehnat kodeksining 214-moddasiga ko‘ra, umumta'lim maktablarida bevosita bolalarga ta'lim-tarbiya berish bilan mashg‘ul bo‘lgan pedagog va boshqa xodimlarini ish beruvchi mehnat shartnomasi tuzish chog‘ida dastlabki tarzda va keyinchalik (ish davomida) vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil qilishi shart.
Tibbiy ko‘riklardan o‘tilishi munosabati bilan xodimlar chiqimdor bo‘lmaydilar.
Shuningdek, “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonunning 45-moddasida, pedagog xodimlar davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tish (davlat ta'lim muassasalari va tashkilotlari uchun) huquqiga ega ekani ko‘rsatilgan.
Sog‘liqni saqlash va Moliya vazirliklarining murojaatga javoblari kutilmoqda.
Ma'lumot uchun, Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi – Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov, bloger Xushnud Xudoyberdiyev, “Milliy tiklanish” DP fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov, Ekologik partiya raisi Narzulla Oblomurodov, Korzinka.uz savdo tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov kabi taniqli a'zolarga ega.
O‘qituvchilarga oid qonunni qabul qilish paysalga solinyapti
O‘qituvchilar majburiy mehnatdan ozod qilingani so‘nggi yillardagi ijobiy islohotlardan biri sanaladi.
Kun.uz respublikadagi qator maktablar o‘qituvchilari bilan suhbatlashib, ayni masala yuzasidan ularning fikrlari bilan qiziqdi. Ma'lum bo‘lishicha, ko‘p yillardan buyon o‘qituvchilarning tibbiy ko‘rigi pullik bo‘lib kelgan va bu o‘tuvchining gardaniga tushadi. Ayrimlarining tibbiy ko‘rik uchun xodim chiqimdor bo‘lmasligidan xabari ham yo‘q. Bu ular uchun odatiy holga aylanib qolgan.
O‘qituvchilarning jamiyatda tutgan roli va mavqeyini oshirishga qaratilgan islohotlar jarayonida bu kabi ko‘zga ko‘rinmasdek tuyulgan, aslida jiddiy e'tibor qaratilishi lozim bo‘lgan muammo ham tez kunlarda barham topishiga umid qilib qolamiz.
Jamoatchilik kengashining murojaatiga Sog‘liqni saqlash va Moliya vazirligi tomonidan javob berilganidan so‘ng mavzuga yana qaytamiz.
Kezi kelganda eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019 yilning yanvar oyidayoq “O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida” qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi.
2020 yil noyabrida esa “Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilingandi. Loyihalarda o‘qituvchilar mavqeyini oshirishga qaratilgan yangiliklar ko‘zda tutilgan edi, lekin ular loyihaligicha qolib ketdi.
Mavzuga oid
17:14
Qamoqqa olingan shaxs uchun majburiy tibbiy ko‘rik joriy etilishi mumkin
12:08 / 21.12.2024
Zagrebdagi maktabda pichoqli hujum: bir bola halok bo‘ldi, yaralanganlar bor
19:39 / 19.12.2024
Namanganda maktab direktori xizmat xonasini qimorxonaga aylantirdi
16:56 / 13.12.2024