O‘zbekiston | 18:10 / 30.10.2021
73219
7 daqiqa o‘qiladi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xodimlari o‘z lavozimlarini ommaviy ravishda tark etmoqda. Nega?

Kun.uz manbasiga ko‘ra, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasidagi ichki kelishmovchiliklar sabab ko‘plab xodimlar o‘z lavozimlarini tark etishgan. Hozirgi paytda qo‘mitada 10ga yaqin rahbarlik lavozimi vakant.

Monopoliyalar har doim har qanday jamiyatda rivojlanishga va bozor iqtisodiyoti shakllanishiga to‘sqinlik qilib kelgan. Ular iste'molchilarni erkin hamda oqilona tanlov imkoniyatidan mahrum etadi.

Monopolist o‘zi ishlab chiqarayotgan mahsulotini sifatli qilib chiqarishga urinmaydi, chunki baribir uning mahsulotini sotib olishdan boshqa tanlov yo‘qligini biladi. Mahsulotga kam xarajat qilib qimmatroq sotish – har bir tadbirkorning istagi. Bu tabiiy. Ammo bu istak xalqning zarariga xizmat qilmasligi zarur, aksincha, mamlakat gullab-yashnashining omiliga aylanishi uchun raqobat kerak.

Shu sabab O‘zbekistonda raqobat muhitini rivojlantirish uchun prezidentning bir qator muhim farmon va qarorlari qabul qilindi. Ularda raqobat va monopoliyaga qarshi kurashish sohasida chora-tadbirlar va siyosat uyg‘unligini, erkin va raqobatbardosh bozorni shakllantirish bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishga bevosita Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi javobgar tashkilot sifatida belgilandi va 2019 yilda qayta tuzildi.

Ammo oxirgi paytlarda qo‘mitada amalga oshirilayotgan ishlar turli shubha va gumonlarni keltirib chiqarmoqda. Xususan, xodimlarning ommaviy ravishda o‘z lavozimlarini tark etishi.

Matbuot xizmati xodimlari to‘liq tarkibda ishdan ketgani haqida e'lon qilishdi, qo‘mita rasmiy saytida bir qancha bo‘lim va boshqarma boshliqlarining o‘rni vakantligidan ham ancha xodimlar ishdan ketganini sezish qiyin emas.

Bu ma'lumotlarni oxirgi olti oyda ko‘plab bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi yuzasidan Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Vacancy.argos.uz saytida joylashtirilgan sakkizta e'lon ham tasdiqlaydi. Aprel oyida prezidentning «Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining tuzilmasini maqbullashtirish va shtat birliklari sonini qisqartirish to‘g‘risida»gi qaroridan keyin qo‘mitada 62 nafar xodim ish o‘rni optimallashtirilishi kerak edi. Ammo shundan so‘ng ham tinimsiz vakant lavozimlar bo‘yicha tanlovlar e'lon qilinmoqda.

Kun.uz bog‘langan va nomi oshkor etilmasligini istagan qo‘mitaning sobiq mulozimi ushbu holatni quyidagicha izohladi:

«Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi oxirgi paytlarda qanaqadir jiddiyroq ish bilan shug‘ullanganini kuzatdingizmi? Avvallari biz boshqacha ishlardik. Ammo oxirgi paytlarda qo‘limizda ko‘plab vakolatlar bo‘lishiga qaramay, undan foydalanib, bizga bildirilgan ulkan ishonch va mas'uliyatni bajarishga harakat qilmadik.

Ishdan ketishim moddiy jihatga bog‘liq emas, sababi avvalgi rahbariyat davrida 2,5 mln so‘m oylikka ham ishlaganmiz. Aprel oyidan keyin, markaziy apparatdagi ichki nizolar sabab ko‘plab xodimlar o‘z lavozimlarini tark etishdi. Hozirgi paytda qo‘mitada 10ga yaqin rahbarlik lavozimi vakant», deydi u.

Ma'lumot uchun, qo‘mitaning avvalgi raisi Najmiddinxo‘ja Sharipov 2021 yilning martida lavozimidan ozod etilgan, uning o‘rniga esa Shohrux Shorahmedov tayinlangandi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi nima ishlar bilan shug‘ullanyapti?

Qo‘mitaning oxirgi paytlardagi pozitsiyasi va harakatlari jang maydoniga qurolsiz kirgan va nima qilishini bilmayotgan askarni eslatadi. Asosiy qilinadigan ishlar chetga surilib, qo‘mita xodimlari bor e'tiborini hududlardagi raqobat muhitining buzilishiga qaratgan.

13 sentabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qo‘mita raisiga UzAuto’ning ichki bozordagi monopol mavqeyi sabab e'tirozlar ko‘payib borayotgani va qo‘mita bu borada yana qandaydir o‘rganishlar olib borishi imkoniyati haqida savol berilgandi. Javob esa quyidagicha:

«Bu masalada sud qarori kuchga kirgach, biz bu qarorni ijro etishga majburmiz. Lekin ish to‘xtab qolmadi. Kompaniya tomonidan ham ishlar olib borilmoqda, xususan, kompaniya transformatsiya to‘g‘risida ma'lum qildi. Biz ular bilan aloqadamiz. Hozircha kompaniya biz xohlagan yo‘nalishda ish olib bormoqda. O‘zbekistonda boshqa zavodlar ham ishga tushishi rejalashtirilmoqda, mashinalar importi osonlashtirildi.

Ikki tomonlama ish olib borilmoqda, transformatsiya boshlangan, ikkinchidan, boshqa zavodlar ochilgan. Biz tomondan ham o‘rganishlar olib borilmoqda», degandi rais.

Lekin qanday o‘rganishlar olib borilayotgani haqida bir og‘iz ham aniq javob berilmadi. Qo‘mitaning so‘nggi vaziyatlarga munosabati ham «taklif berildi» yoki «o‘rganish olib borilyapti» degan javobdan nariga o‘tmayapti.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi oldin ham shunday tashkilot edimi?

Yangi tashkil etilganidan keyingi davrda Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi tomonidan bir qancha samarali ishlar olib borildi. Xususan, 2020 yilning kuzida qo‘mitaning maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar UzAuto Motors kompaniyasi avtomobil narxlarini 3 million so‘mdan 19 million so‘mgacha asossiz oshirganini tasdiqlagan, narxlarning asossiz oshirilgan qismlarini bekor qilib, avtomobillarni kamaytirilgan narxlarda sotish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan edi. Keyinchalik qo‘mitaning shikoyati sudda qanoatlantirilmagan bo‘lsa-da, qo‘mita oxirigacha o‘z pozitsiyasida mustahkam turib, O‘zbekistondagi eng katta monopol tashkilotga qarshi kurash olib bordi.

Shuningdek, qo‘mita «O‘zeltexsanoat» uyushmasining davlat bojidan ozod qilinishi yuzasidan sud qaroriga, chigitni bir viloyatdan boshqa viloyatga olib chiqish taqiqlanishiga, Orol dengizining barcha qismi yagona davlat unitar korxonasiga berilishiga, «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan mahalliy neftni qayta ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida benzin mahsuloti importiga aksiz solig‘ini 5 foizdan 20 foizga oshirish yuzasidan bildirilgan taklifiga qarshi chiqib, uni yetarlicha iqtisodiy asoslantirilmagan deb topgandi.

Bundan tashqari, qo‘mita Surxondaryo viloyati hokimining qarorini bekor qilgan, fuqaro Otabek Nuriddinovning murojaatiga asosan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli korxonalar ustidan o‘rganishlar olib borgan.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyati avvallari ham ideal darajada emasdi, ammo dolzarb masalalar yuzasidan o‘z pozitsiyasini bildirib kelgan. Oxirgi bir necha oydan beri esa OAVda qo‘mita o‘rganishlari xususida birorta jo‘yali maqola va ma'lumotlar berilgani yo‘q. Manbalarga ko‘ra, qo‘mitaning passivlashishi va xodimlarning ommaviy ravishda bo‘shab ketishi rahbariyat o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid