O‘zbekiston | 09:00 / 29.11.2021
2873
2 daqiqa o‘qiladi

Chimboydagi «Muruvvat uyi»da qator kamchiliklar aniqlandi

Foto: Ombudsman matbuot xizmati

Chimboy tumanidagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyida vasiylikka olinganlarga yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganilgan. Monitoring ishlari Ombudsmanning Qoraqalpog‘istondagi vakili va Qoraqalpog‘iston Adliya vazirligi bilan birgalikda amalga oshirilgan.

 Tegishli tartibda tasdiqlangan kundalik taomnoma asosida oziq-ovqat mahsulotlarining berilayotganligi holati o‘rganilganida qator kamchiliklar aniqlangan. Jumladan, joriy yilning 10 noyabr kuni ikkinchi nonushtaga non, tvorog, smetana va qandli choy berilishi nazarda tutilgan bo‘lsa-da, vasiylikka olinganlarga faqatgina pechene va choy berilgan.

Bundan tashqari, internatda saqlanayotganlarga o‘z vaqtida tibbiy muolajalar ko‘rsatilmayotgani ham aniqlangan. Jumladan, joriy yilning 5-15 noyabr kunlari oralig‘ida massaj qilish uchun biriktirilgan internat xodimi J.A. tomonidan vasiylikka olinganlarga umuman massaj muolajalari olib borilmagan bo‘lsa-da, ularga massaj qilganligi to‘g‘risida tegishli jurnallar to‘ldirgan.

Shuningdek, aniq vaqt oralig‘ida qilinishi kerak bo‘lgan muolajalarni o‘tkazishi kerak bo‘lgan xodim ham ishga kelmaganligi va xizmat ko‘rsatilmaganligi ma'lum bo‘lgan. Shunga qaramay, tegishli jurnallarda vasiylikka olingan shaxs uchun dori vositasi sarflanganligi qayd qilingan.

Foto: Ombudsman matbuot xizmati

Internat xodimlari tomonidan vasiylikka olinganlarga kiyim-kechak, poyabzal, boshqa buyumlar va tasdiqlangan normalar bo‘yicha yumshoq anjomlarning tarqatilishi holati o‘rganilganida ham ularni rasmiylashtirishda omborxona mudiri tomonidan xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani, ba'zi hollarda olingan anjomlar tegishli tartibda vasiylikka olinganlarga tarqatilmagani aniqlangan.

Bundan oldin Ombudsmanning Qoraqalpog‘istondagi vakili 36 nafar xodimning 70 mln 763 ming 764 so‘m ustama pullari to‘lanmayotganini aniqlagandi.

Mavzuga oid