O‘zbekiston | 11:41 / 05.07.2023
4444
2 daqiqa o‘qiladi

Muruvvat uyidagi ko‘p yildan beri hujjatsiz qolayotgan nogiron ayollarga ID karta rasmiylashtirib berildi

Ayollar bungacha ushbu masala yuzasidan ko‘p idoralarga  murojaat qilishgan. Ammo bu murojaatlardan hech qanday natija bo‘lmagan.

Foto: Zo‘r TV

Buxoro Muruvvat nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyida salkam 35 yildan buyon ushbu yashab kelayotgan 5 nafar ayolning na tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi va na shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lgan. Ayollarning shu kunga qadar shaxsini tasdiqlovchi hujjat olish masalasi bir necha marotaba ko‘tarilgan bo‘lsa-da ijobiy natija bo‘lmagan.

Aniqlanishicha, imkoniyati cheklangan ushbu shaxslar 1995 yillarda tibbiy varaqa orqali Muruvvat uyiga qabul qilingan. Mazkur masala Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili nazoratiga olindi. 6 oylik o‘rganishlardan so‘ng FHDYo organlari ushbu ayollarning tug‘ilganlik faktini belgilash uchun hujjatlar yetarli bo‘lmagani sabab shaxsni tasdiqlovchi hujjat berish masalasini ko‘rib chiqishni rad etdi. Shundan so‘ng nogironligi sabab ularning layoqatsizligi hisobga olinib, ombudsman tomonidan fuqarolikni belgilashni so‘rab fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudiga ariza kiritildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur masala Muruvvat uyida sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi. Sud tomonidan 5 nafar fuqaro manfaatida kiritilgan ombudsman arizasi to‘liq qanoatlantirildi. Barcha tegishli hujjatlar asosida fuqarolarga ID kartalar rasmiylashtirildi va egalariga topshirildi.

Mavzuga oid