O‘zbekiston | 16:26 / 12.02.2022
41226
2 daqiqa o‘qiladi

Rahmat Mamatov Samarqand viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlandi

Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan Rahmat Mamatov Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Foto: Samarqand viloyati hokimligi

Samarqand viloyati hokimligi xabariga ko‘ra, Shavkat Rahmonov boshqa ishga o‘tganligi bois viloyat IIB boshlig‘i lavozimidan ozod etildi.

Rahmat Mamatov 1967 yilda Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy, huquqshunos, polkovnik harbiy unvoniga ega. U Qarshi davlat pedagogika instituti hamda IIV akademiyasini tamomlagan.

R.Mamatov Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari, Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, Navoiy viloyati Xalq qabulxonasi mudiri, Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, Respublika mahallalar kengashi raisining birinchi o‘rinbosari – “Mahalla” xayriya jamoat fondi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Rahmat Mamatov 2020 yil fevralidan buyon Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri lavozimida ishlagan.

Shavkat Rahmonov / Samarqand viloyati hokimligi

2017 yildan 2019 yilga qadar Xorazm viloyati IIB rahbari bo‘lgan Shavkat Rahmonov 2019 yilning iyunida Samarqand viloyatiga «bosh militsioner» bo‘lgandi. Uning keyingi faoliyati haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

  • 11 fevral kuni prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida Namangan viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik Odil Otaxo‘jayev lavozimidan ozod etilgandi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘i Shuhrat Sotvoldiyevga qat’iy ogohlantirish berilgan, Andijon va Samarqand viloyatlari YHXB boshliqlari ishdan olingan.
  • Bundan oldinroq, polkovnik Muhiddin Jo‘rayev Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi. 2019 yil yozidan buyon Farg‘ona viloyati IIBga boshliq bo‘lgan Doniyor Toshxo‘jayev qaysi ishga o‘tkazilgani haqida ma’lumot yo‘q.

Mavzuga oid