Jahon | 08:06 / 18.10.2022
8248
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya FVV Yeyskda Su-34 qulashi oqibatida jabrlanganlar sonini ma’lum qildi

Yeyskdagi to‘qqiz qavatli turar joy binosiga Su-34 qulashi oqibatida jabrlanganlar soni 22 kishini tashkil etdi, ulardan 3 nafari halok bo‘ldi, deb xabar berdi Rossiya FVV va SSV.

Videodan kadr

Krasnodar o‘lkasining Yeysk shahridagi to‘qqiz qavatli turar joy binosiga Su-34 qiruvchisi qulashi va yuz bergan yong‘indan keyin jabrlanganlar soni 22 kishini tashkil etdi. Bu haqda 18 oktyabr, seshanba kuni ertalab Rossiya FVV rahbari Aleksandr Kurenkov ma’lum qildi. Rossiya SSV ham shunga o‘xshash raqamlarni e’lon qildi. «Jami 22 kishi tan jarohati oldi, ulardan 3 nafari halok bo‘ldi», — deyiladi idora xabarida.

Kurenkovning so‘zlariga ko‘ra, Su-34 qulaganidan keyin hech qanday portlash sodir bo‘lmagan. FVV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yong‘inga yonilg‘ining to‘kilishi sabab bo‘lgan.

Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratev Telegram'da harbiy samolyot qulagan joyda favqulodda holat rejimi joriy etilgani haqida yozdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, yong‘in o‘chirilgan.

Shu bilan birga, Krasnodar o‘lkasi Fuqarolik mudofaasi va favqulodda vaziyatlar vazirligi 17 oktyabr kuni kechqurun Telegram'da 25 kishi jarohatlangani, ulardan to‘rt nafari halok bo‘lgani haqida xabar berdi. 6 kishi aloqaga chiqmagan va bedarak yo‘qolgan.

250 kishi evakuatsiya qilindi, ulardan 40 nafari bolalar. Hamma fuqarolar oltita mehmonxona va pansionatga joylashtirildi.

Yeyskdagi yong‘inda jabrlanganlarning to‘rt nafari Krasnodarga yetkazildi, deya ma’lum qildi Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Mixail Murashko. Uning qo‘shimcha qilishicha, jami 15 kishi shifoxonalarda qolmoqda.

Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, baxtsiz hodisa Janubiy harbiy okrug harbiy aerodromidan o‘quv parvozi uchun ko‘tarilayotganda sodir bo‘lgan.

Katapulta vositasida irg‘ib chiqib parashyut bilan o‘zini pastga tashlagan uchuvchilarning xabariga ko‘ra, hodisaga uchish vaqtida dvigatellardan birining yonishi sabab bo‘lgan.

Ayni paytda, guvohlar samolyotdagi o‘q-dorilar portlaganini taxmin qilishgan. «Komsomolskaya pravda» harbiy muxbiri Aleksandr Kotsning so‘zlariga ko‘ra, 277-bombardimonchi aviatsiya polkining samolyoti snaryadlar olib ketayotgan bo‘lgan, qulash paytida ularning portlashi eshitilgan.

Yong‘in maydoni taxminan 2000 kvadrat metrni tashkil etdi. Navbatchi dispetcherlik xizmatida «Interfaks»ga ma’lum qilinishicha, yong‘in uy yo‘laklaridan birini to‘liq qamrab olgan. «To‘qqizinchi qavatdan beshinchi qavatgacha bo‘lgan shiftlar qulab tushdi. Butun kirish yo‘lagi yonib ketgan, 45 ga yaqin xonadonga u yoki bu darajada zarar yetgan», — deyiladi xizmat xabarida.

Voqea kechki payt sodir bo‘ldi, bu payt ko‘plab fuqarolar ishdan qaytgan edi, uy shahardagi eng baland uylardan biri hisoblangan.

Qurbonlar soni ortishi kutilmoqda. Voqea uchun javobgar shaxslar aniqlanmoqda.

Mavzuga oid