Xorazmda deyarli barcha maktablarda bepul tushlik tarqatilmoqda, Qoraqalpog‘istonda esa bu amaliyot hali boshlanmagan
Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi maktablarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul tushlik tarqatish bo‘yicha vazifa ijrosini ta’minlashda kamchiliklar aniqlangan.
Joriy o‘quv yilidan boshlab Xorazm viloyatida keytering usulida bepul ovqat berish 94 foiz maktablarda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘istonda tender tanlovlarini o‘tkazish davom etayotganligi bois ushbu amaliyot hali boshlanmagan. Bu haqda «Yuksalish» umummilliy harakati xabar bermoqda.
«Yuksalish» sentabr oxirida Davlat dasturining 211-bandiga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida tajriba-sinov tariqasida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash vazifasini joyiga chiqqan holda o‘rgangan. Monitoring davomida mazkur amaliyotni yo‘lga qo‘yishda qator muammo va kamchiliklar mavjudligi aniqlangan.
Harakat vakillarining qayd etishicha, bepul ovqat bilan ta’minlash o‘z vaqtida tashkil etilmaganining asosiy sabablari sifatida hukumat qarori kech qabul qilingani va tasdiqlangan taomnomaga muvofiq har bir o‘quvchiga ajratilgan mablag‘ miqdori tadbirkorlarda kam qiziqish uyg‘otganini keltirish mumkin.
«Shuningdek, mahsulotlar sifati, ularni saqlash va sanitariya talablariga rioya etish bilan bog‘liq qator muammolar mavjudligini qayd etish lozim. O‘tgan o‘quv yili davomida muddati o‘tgan mahsulotlar tarqatilgani holatlari aniqlangan va bu ota-onalarning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lgan», deyiladi tashkilot xulosasida.
Qo‘shimcha qilinishicha, mintaqa maktablarida zarur infratuzilma mavjud emasligi ham amaliyotni to‘liq tatbiq etish imkonini bermayapti. Hozirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati xalq ta’limi tasarrufida jami 1 275 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalari mavjud bo‘lib, ularning 856 tasida oshxonalar (472 ta oshxona va 384 ta bufet) mavjud. Mavjud oshxonalarning 289 tasi ta’mirtalab, 419 ta maktabda esa oshxona yoki bufet mavjud emas.
Mavzuga oid
08:20 / 21.12.2024
Qoraqalpog‘istonda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi
16:13 / 20.12.2024
Yigirmaga yaqin bolani 1,5 ming km masofaga tashiyotgan uchta Damas ushlandi
11:31 / 27.11.2024
Qoraqalpog‘istonda 3 bosh Buxoro bug‘usini o‘ldirgan shaxs 3,3 mlrd so‘mlik zarar yetkazdi
17:03 / 16.11.2024