O‘zbekiston | 21:49 / 15.11.2022
51995
2 daqiqa o‘qiladi

Tursinxan Xudaybergenov yana boshqa ishga o‘tkazildi

Prezidentning Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etilgan.

Tursinxan Aydarovich Xudaybergenov prezidentning Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari buyicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati rahbari xabar bermoqda.

Shu munosabat bilan u prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etildi.

U mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri vazifasini bajaruvchisi lavozimidagi faoliyatini davom ettiradi.

Tursinxan Xudoyberganov 1951 yilda Toshkent viloyati Chinoz tumanida tug‘ilgan. 1974 yilda Toshkent pedagogika institutini, 1982 yilda Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tamomlagan. 1974-1999 yillarda O‘zbekiston IIVda turli lavozimlarni egallagan, 1999-2001 yillarda Xorazm viloyati IIB boshlig‘i bo‘lgan, 2001-2006 yillarda O‘zbekiston prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi bo‘lgan, 2006-2010 yillarda Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan.

U 2010 yildan 2016 yilgacha Favqulodda vaziyatlar vaziri sifatida ishlagan, 2016 yil dekabrida prezidentning Fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangan. U 2018 yil aprelida yana FVV rahbarligiga qaytarilgan, shu bilan birga prezident maslahatchisi lavozimini saqlab qolgan.

U 2022 yil martida esa yana FVV rahbarligidan ketib, boshqa lavozimga - mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri vazifasini bajaruvchisi sifatida tasdiqlangandi.

Mavzuga oid