O‘zbekiston | 08:17 / 03.12.2022
22235
4 daqiqa o‘qiladi

“Bu g‘ururimizni tahqirlaydigan holat” - siyosatshunoslar Rossiya davlat dumasi rahbarining O‘zbekistonga bergan maslahati haqida

Siyosatshunoslar Farhod Tolipov, Kamoliddin Rabbimov va iqtisodiy tahlilchi Abdulla Abduqodirov Kun.uz’ga bergan intervyusida Rossiya Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodinning Amerika bilan aloqa qilmaslik haqida O‘zbekiston rasmiylariga bergan maslahati davlatchilikka nisbatan haqorat ekani haqida gapirdi.

“Buni rus siyosatchisining bizning siyosatchilarga o‘qituvchiligi, ustozligi deymizmi? Umuman, qanday so‘zlar bilan ifodalamaylik, bu ular qutulolmayotgan neoimperiyachilik kayfiyatini ko‘rsatadigan harakatlar.

Ularning rahbariyati, elitasi, siyosiy partiyalar, ekspertlar va hattoki oddiy odamlari orasida imperiyachilik juda chuqur ildiz otgan. Bu ularda avloddan avlodga o‘tib kelyapti. Liberal g‘oyalarga o‘tisholmayapti.

Volodinning bu gaplari bizga nisbatan qilingan ilk hurmatsizlik emas. Bu shunchaki navbatdagisi. Bu anchadan beri davom etib kelayotgan tendensiya. Bu bo‘yicha misollar ko‘p. Masalan, o‘tgan yil dekabrda Rossiya Tashki ishlar vazirligi AQSh va NATOga g‘arb nafaqat Markaziy Osiyo, balki sobiq sovet respublikalarining birortasi bilan harbiy sohada hamkorlik olib bormasligi kerak, degan ultimatum bilan chiqqandi. Bu xuddiki sobiq sovet respublikalari nomidan aytilgan murojaatdek bo‘lib chiqqan. Xo‘sh, ular bizdan, Ozarboyjon yoki Qozog‘istondan istaklarimiz haqida so‘radimi?

Bu mustaqillikni, suverenitetni pisand qilmaslik. Shu ma’noda haqorat deb tushunishimiz ham mumkin.

Bugun men o‘zim o‘qitayotgan talabalar bilan ham bu masalani muhokama qildim. Ularning javoblaridan keyin menda talabalar tushungan narsani nahotki siyosatshunoslar tushunmasa, degan savol paydo bo‘ldi. Ya’ni talabalar aytyaptiki, xo‘p, Rossiyaning AQSh bilan aloqalari yaxshi emas ekan, bizning bunga nima aloqamiz bor? Ular AQShni yomon ko‘rsa, biz nega yomon ko‘rishimiz kerak? Yaxshi, ular hamkorlik qilmas ekan, biz nega hamkorlik qilmasligimiz kerak?

Bu – bosim. Bu – neoimperiyachilikning ko‘rinishi.

Volodinning bayonotida shuningdek, AQSh o‘zbek oilalari va qadriyatlarini buzishi mumkin, degan so‘zlar ham bor. Men talabalarimdan xo‘sh, AQSh qay biringizning oilangizni buzdi, deya so‘rayapman”, – dedi Farhod Tolipov mavzu haqida gapirib.

Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, Rossiya  Ukraina bilan urush sabab og‘ir bir vaziyatga tushib qolganki, uning yuzidagi barcha niqoblar yechilib bo‘lgan.

“Ya’ni Rossiyadan ko‘pchilik yetakchi davlatlar yuz o‘girib bo‘ldi. Hattoki, Xitoy ehtiyotkor munosabatda bo‘lmoqda. Hozir unda ochiqdan ochiq shantajdan boshqa chora qolmadi.  

Rossiya Ukraina urushidan avval Markaziy Osiyoga nisbatan geosiyosiy bosimni parvarishlab keldi. Bugun bu bosimlar qadrsizlandi. Shuning uchun ham shantajdan boshqa yo‘l qolmayapti”, – dedi tahlilchi.

Iqtisodiy tahlilchi Abdulla Abduqodirov esa Volodinning hurmatsizligiga o‘zbek siyosatchilarining o‘zi ham aybdor ekani haqida gapirdi.

Intervyuni to‘liq holda ushbu link orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Muhiddin Qurbonov.

Mavzuga oid