O‘zini Bosh prokuratura xodimi sifatida tanishtirgan haydovchining guvohnomasi qalbaki ekani ma’lum qilindi
Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“O‘zbekiston-24” telekanalining “Vaziyat-24” ko‘rsatuvida efirga uzatilgan lavhada Bosh prokuratura xodimi hujjatlarsiz avtomashina boshqarib kelgani haqida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, 13 dekabr kuni Chilonzor tumani Kichik halqa avtomobil yo‘li – Foziltepa chorrahasida “Spark” rusumli transport vositasi Toshkent shahar IIBB YHXB inspektorlari tomonidan to‘xtatilib, haydovchidan hujjatlar taqdim qilinishi so‘ralganida, u o‘zini Bosh prokuratura xodimi sifatida tanishtiradi. Haydovchi so‘zlarini tasdiqlash uchun xizmat guvohnomasini ko‘rsatadi. Haqiqiyligi shubha uyg‘otgan hujjat xolislar ishtirokida tegishli tartibda rasmiylashtirib, olib qo‘yiladi.
“Mazkur holat Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilganida, haydovchi O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari tizimida xizmat qilmacligi va u tomonidan taqdim qilingan guvohnoma qalbaki ekani aniqlangan”, deya xabar berdi Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsiddinov Telegram-kanalida
Ta’kidlanishicha, holat bo‘yicha Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “b” bandi hamda 3-qismi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlariga kirishilgan.
Chilonzordagi voqea haydovchilarning prokuratura organi soxta xizmat guvohnomasi bilan qo‘lga tushgan birinchi holat emas. Shu yilning mart oyida ham poytaxtning Bektemir tumanida yo‘l harakati qoidalarini mensimay harakatlanayotgan vaqtida to‘xtatilgan va o‘zini Bosh prokuratura xodimi sifatida tanishtirgan Malibu haydovchisi Toshkent shahar IIBB va DXXning Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan maxsus tadbirida qo‘lga olingandi.
2019 yili Sirdaryoda ham soxta prokuror ushlangan va qator firibgarlik jinoyatlari uchun sud tomonidan 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.
Mavzuga oid
17:03 / 15.12.2024
Buxoroda haydovchi mast holda avtobus boshqarib, odam tashiyotganda ushlandi
13:39 / 08.12.2024
Avtohalokat tufayli kelib chiqqan mojaro bir inson umriga zomin bo‘ldi
10:06 / 24.11.2024
Halollik mukofoti: yo‘ldan topilgan 5 ming dollarni egasiga qaytargan haydovchi haqida hikoya
12:02 / 22.11.2024