O‘zbekiston hukumati qanday o‘zgardi? Asosiy ma’lumotlar
O‘zbekistonda hukumatning yangi tarkibi tasdiqlandi. Bir kunda 32 ta yangi tayinlov amalga oshirildi. Avvalgi hukumatdagi vazirlardan 11 nafari lavozimini tark etdi. Ularning bir qismi boshqa vazirliklarga o‘tgan bo‘lsa, bir qismi o‘z rahbarligidagi vazirliklar boshqa vazirliklar bilan qo‘shib yuborilishi oqibatida vazir o‘rinbosari bo‘lib qolgan.
O‘zbekistonda 2022 yil oxirida hukumat tarkibi sezilarli darajada yangilandi va o‘zgartirildi. Prezident hujjatlari bilan yangi lavozim tayinlovlari amalga oshirildi.
Bosh vazir o‘rinbosarlari
Bosh vazir o‘rinbosarlari soni ikki barobarga qisqartirildi —Ochilboy Ramatov, Jamshid Qo‘chqorov, Jamshid Xo‘jayev va Zulayho Mahkamova bosh vazir o‘rinbosari lavozimlarini saqlab qoldi. Shuhrat G‘aniyev, Aziz Abduhakimov va Jo‘rabek Mirzamahmudov esa ortiq bosh vazir o‘rinbosarlari hisoblanmaydi. Bosh vazirning ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari o‘rni Behzod Musayev SSV rahbarligiga o‘tkazilganidan buyon vakant qolayotgandi.
Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimi tugatilgan, endi Ochilboy Ramatov hukumatda shunchaki hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunal soha, qurilish va transport masalalari majmuasi rahbari bo‘lib qolgan.
Prezident farmoniga ko‘ra bosh vazir o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida boshqa rahbarlik lavozimlarida ishlashi mumkin emas. Shunga ko‘ra, Jamshid Qo‘chqorovdan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri lavozimi olingan, u endi makroiqtisodiy rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgartirishlar masalalari majmuasi rahbari hisoblanadi.
Shuningdek, Jamshid Xo‘jayev Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligidan ketgan, u investitsiyalar va tashqi savdo majmuasi rahbari bo‘lib qoladi.
Aziz Abduhakimov bosh vaziri o‘rinbosarligidan ham, turizm vazirligidan ham ketgan, u endi tabiat resurslari vaziri lavozimiga o‘tkazilgan.
Bosh vazirning yoqilg‘i-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan Jo‘rabek Mirzamahmudov bu lavozim tugatilgani tufayli faqat energetika vazirligi rahbarligini o‘zida saqlab qolgan.
Agrosanoat, qishloq va suv xo‘jaligi, oziq-ovqat va iste’mol mollari komplekslari masalalari majmuasi rahbari bo‘lgan Shuhrat G‘aniyevning ham lavozimi tugatilgan, uning keyingi faoliyati haqida hozircha ma’lumot yo‘q.
Bosh vazir o‘rinbosarlaridan yana biri Zulayho Mahkamova ham Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi lavozimini tark etgan.
Vazirliklar
Vazirliklar soni 25 tadan 21 taga qisqargan. Bu vazirliklarning bir qismi bir-biriga qo‘shib yuborilishi hisobiga amalga oshirildi. Avvalgi hukumatda vazir lavozimida bo‘lganlarning 11 nafari o‘z lavozimini tark etdi, bular — Jamshid Xo‘jayev, Jamshid Qo‘chqorov, Aziz Abduhakimov, Vladimir Norov, Baxtiyor Saidov, Behzod Musayev, Timur Ishmetov, Abduqodir Toshqulov, Nozim Husanov, Sherzod Hidoyatov va Agrippina Shin.
1. Xalq ta’limi vazirligi negizida tashkil etilgan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining yangi rahbari Hilola Umarova bo‘ldi. U bungacha prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori lavozimida edi.
Yangi vazirlik huzurida Maktabgacha ta’lim agentligi tashkil etilgan. O‘z navbatida, sobiq maktabgacha ta’lim vaziri bo‘lgan Agrippina Shin Hilola Umarovaning birinchi o‘rinbosari lavozimida ish boshladi.
2. Sobiq xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov tashqi ishlar vazirligi rahbarligiga o‘tkazildi. O‘zbekistonning Xitoydagi sobiq elchisi bo‘lgan Saidov so‘nggi sakkiz oy davomida TIVni boshqargan Vladimir Norovning o‘rnini egalladi. Norovning keyingi faoliyati haqida ma’lumot yo‘q.
3. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi negizida tashkil etilgan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligini sobiq innovatsiya vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshqaradi. Oliy ta’lim vazirligining sobiq rahbari Abduqodir Toshqulov esa prezident administratsiyasiga ishga o‘tgan — prezident maslahatchisi o‘rinbosari sifatida.
4. Supervazirlik maqomini olgan Iqtisodiyot va moliya vazirligi — Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish hamda Moliya vazirliklari negizida tashkil etildi, Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi ham shu vazirlik tarkibiga kirib ketdi. 2020 yildan moliya vazirligini boshqarib kelgan Timur Ishmetov yangi vazirlik rahbarligida qola olmadi — u ham Toshqulov kabi prezident maslahatchisiga o‘rinbosar bo‘lib ketdi. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi rahbari bo‘lgan Jamshid Qo‘chqorov ham yuqorida aytilganidek, bosh vazir o‘rinbosari sifatida boshqa vazirlikka rahbarlik qilolmasdi. Natijada yangi vazirlikni DSQ rahbari Sherzod Qudbiyev boshqaradigan bo‘ldi.
Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov o‘z joyida qoldi — Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi raisi lavozimida. Hozircha soliq qo‘mitasining yangi rahbari kim bo‘lishi ma’lum emas.
5. Sog‘liqni saqlash vazirligiga so‘nggi bir yil davomida rahbarlik qilib kelgan Behzod Musayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi va uning o‘rnini birinchi o‘rinbosari Amrullo Inoyatov egalladi.
6. Uchta vazirlik – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi negizida tashkil etilgan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi rahbarligi SSVdan ketgan Behzod Musayev boshqaruviga o‘tdi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi sobiq rahbari Nozim Husanov unga o‘rinbosar etib tayinlandi. 2022 yil martidan mahalla vaziri bo‘lgan Tursinxan Xudaybergenov noyabr oyida prezidentning Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga o‘tkazilgandi.
7. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi negizida tashkil etilgan Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri lavozimiga Laziz Qudratov tayinlandi. U bungacha Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayevning birinchi o‘rinbosari edi.
Ushbu vazirlik tarkibiga SSVdan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi qo‘shib berilgan. Ushbu agentlik rahbari Sardor Kariyev «Dok-1 MAKS» dorisidan bolalar o‘limi qayd etilishi ortidan ishdan olindi.
8. Qurilish vazirligi va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi negizida tashkil etilgan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga shu vaqtgacha qurilish vaziri bo‘lib kelgan Botir Zokirov rahbarlik qiladi. Shu vaqtgacha Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri sifatida ishlagan Sherzod Hidoyatov endi Zokirovning birinchi o‘rinbosari bo‘ladi.
9. Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Madaniyat vazirligi negizida tashkil etilgan Madaniyat va turizm vazirligiga sobiq madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov rahbarlik qiladi.
Bungacha Turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosari bo‘lgan Ulug‘bek A’zamov madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
10. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi negizida tashkil etilgan tabiat resurslari vazirligi rahbarligini sobiq bosh vazir o‘rinbosari va sobiq turizm vaziri Aziz Abduhakimov oldi. Qo‘mitaning sobiq rahbari Narzullo Oblomurodov unga o‘rinbosarlik qiladi.
O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi O‘rmon xo‘jaligi agentligi sifatida ushbu vazirlik tarkibiga kiritilgan, qo‘mita raisi bo‘lib kelgan Nizomiddin Bakirov endi agentlik direktori sifatida faoliyat yuritadi.
11. Sportni rivojlantirish vazirligi negizida tashkil etilgan Yoshlar siyosati va sport vazirligiga sobiq sport vaziri Adham Ikromov tayinlandi.
Yoshlar ishlar agentligi ushbu vazirlik tarkibiga kirgan, agentlikning sobiq rahbari Alisher Sa’dullayev endi Ikromovning birinchi o‘rinbosari – Yoshlar ishlari agentligi direktori lavozimida bo‘ladi.
12. Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi negizida Tog‘-kon va geologiya vazirligi tashkil etilgan. Yangi vazirlikka qo‘mitaning sobiq rahbari Bobur Islomov rahbarlik qiladi.
Baxtiyor G‘ulomov vazirlik huzuridagi Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligi nazorat inspeksiyasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
13. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi negizida tashkil etilgan Raqamli texnologiyalar vazirligiga AKT rahbari bo‘lib kelgan Sherzod Shermatov tayinlandi - ya’ni amalda u o‘z lavozimini saqlab qoldi.
14. Energetika vazirligini Jo‘rabek Mirzamahmudov boshqarishda davom etadi. Yuqorida aytilganidek, u endi bosh vazir o‘rinbosari emas.
Vazirlik huzuridagi ikkita inspeksiya birlashtirilgan: Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi hamda Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi negizida Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etildi.
Adliya vazirligi (Akbar Toshqulov), Ichki ishlar vazirligi (Po‘lat Bobojonov), Mudofaa vazirligi (Bahodir Qurbonov), Favqulodda vaziyatlar vazirligi (Abdulla Qo‘ldoshev), Transport vazirligi (Ilhom Mahkamov), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (Aziz Voitov) va Suv xo‘jaligi vazirligida (Shavkat Hamroyev) o‘zgarishlar yo‘q. Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuriga o‘tkazilgan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi lavozimiga Bahromjon Norqobilov tayinlangan.
Mavzuga oid
12:40 / 19.12.2024
Jizzax viloyatiga yangi hokim tayinlandi
17:52 / 11.12.2024
Timur Ishmetov Markaziy Bank raisi etib tayinlandi
15:57 / 10.12.2024
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziriga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi
18:28 / 06.12.2024