O‘zbekiston | 14:15 / 25.01.2023
28037
2 daqiqa o‘qiladi

Sho‘rchi tumaniga ham yangi hokim tayinlandi

Surxondaryo viloyatida yana bir tuman hokimi o‘zgardi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Xalq deputatlari Sho‘rchi tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.

Sessiyada shu kunga qadar tuman hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Baxtiyor Haitovich Xudoyberganov vazifasidan ozod etildi. Tuman hokimi lavozimiga Ulug‘bek Xurramovich Zokirov tasdiqlandi.

Ulug‘bek Zokirov 1974 yil 3 dekabrda Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. 1995 yil Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, 2004 yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tugatgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi biologiya o‘qituvchisi, iqtisodchi.

U.Zokirov 1997-2022 yillarda tijorat banklari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qishloq qurilish invest, Markaziy bank boshqarmasida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

2022 yildan buyon Respublika Markaziy bank departament direktori o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Ma’lumot uchun, Baxtiyor Xudoyberganov 2019 yil sentabrida Sho‘rchi tumani hokimi etib tasdiqlangandi.

Shu tariqa, Surxondaryo viloyatining sobiq hokimi To‘ra Bobolov hokimligi davrida tuman hokimligiga tayinlanganlar ishdan olinmoqda. Bugun viloyatning Angor, Termiz, Muzrabot va Jarqo‘rg‘on tumanlarida ham yangi hokimlar ish boshladi.

Mavzuga oid