Jamiyat | 08:17 / 05.03.2023
10216
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda mahalla raisi 30 mln so‘mdan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilgani aytilmoqda

Taxiatosh tumanidagi mahallardan birining raisi 31 mln so‘mdan ortiq pulni talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda. U bir martalik moddiy yordam pullarini asossiz to‘lagani aniqlangan.

Foto: Reuters

Qoraqalpog‘istonning Taxiatosh tumanidagi mahallada rais 30 mln so‘mdan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilgani xabar qilindi. Respublika prokuraturasi holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, U.Y.ning “Taxiatosh” mahallasida yuz berayotgan qonunbuzilishlar yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qilish hamda nazorat organlariga yo‘llagan murojaatiga asosan tekshirish ishlari olib borilgan.

Tekshirishda fuqarolar yig‘inida Vazirlar Mahkamasi qaroriga zid ravishda 3 ta holatda 2 million 632 ming so‘mlik bir martalik yordam puli ortiqcha to‘langani aniqlangan.

Bundan tashqari, 2022 yil may oyidan 2023 yil 31 yanvar kuniga qadar 37 ta holatda jami 31 million 169 ming so‘mlik bir martalik moddiy yordam pullari asossiz to‘langani aniqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Taxiatosh tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish ishlari olib borilmoqda. Natijasiga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanishi ma’lum qilindi.

Mavzuga oid