«KGB ota-onamga jim yurishni aytib, tahdid qilgan»: aviahalokatdan so‘ng 5 ming metrdan qulab tushgan qiz qanday tirik qolgandi?
1981 yilda Uzoq Sharqda An-24 yo‘lovchi samolyoti Tu-16K harbiy samolyoti bilan to‘qnashib ketadi. Oqibatda har ikki samolyot yerga qulab tushgach portlab ketadi. Qutqaruvchilar hodisa joyida halok bo‘lganlarning jasadlarini yig‘ishtirib olayotganda tirik qolgan qizni topishadi. O‘shanda KGB halok bo‘lganlarning va qizning ota-onasiga hodisa haqida hech qayerda gapirmaslikni aytib tahdid qiladi. Halokat tafsilotlari SSSR parchalangandan so‘ng oshkor bo‘ladi.
1981 yil 24 avgust. Yosh oila Larisa va Volodya to‘y sayohatidan ortga qaytishardi. Ular uyga yetib olish uchun Komsomolsk-Amur-Blogoveshensk yo‘nalishida parvoz qilayotgan An-24ga chiqishadi.
Parvozdan biroz o‘tib Larisa va Volodya o‘tirgan samolyotga nimadir zarb bilan uriladi. An-24ning bir qismi uzilib ketib, qulay boshlaydi.
Shu paytda Larisaning esiga italiyalik kinoijodkorlar suratga olgan «Mo‘jizalar davom etadi» filmi tushadi. Film qahramoni 17 yoshli qiz samolyot halokatga uchragan paytda o‘rindiqlar orasiga kirib oladi va tirik qoladi.
Larisa ham samolyot qulab tushayotganda film qahramoniday yo‘l tutadi. U o‘rindiq suyanchig‘ini pastga tortib o‘zini himoyalaydi va 5 ming metrdan qulab tirik qoladi.
Sovet fuqaro aviatsiyasi tarixida yuz bergan turli halokatlar orasida 1981 yilda sodir bo‘lgan hodisa alohida o‘rin egallaydi. Uzoq Sharqda sodir bo‘lgan bu halokatda yo‘lovchi va harbiy samolyotlar o‘zaro to‘qnashib ketadi.
Oqibatda har ikki samolyotning uchuvchilari va yo‘lovchilari halok bo‘lishadi. Faqat bir qiz mo‘jiza tufayli tirik qoladi.
Hodisadan bir necha oy avval turmushga chiqqan 20 yoshli qiz harbiy samolyot bilan to‘qnashgan An-24 yo‘lovchi samolyotida eri bilan birga uchayotgandi.
Halokat sodir bo‘lgan joy uzoq Tayga o‘rmonlarida bo‘lgani uchun qutqaruvchilar samolyotlar qulab tushgan joyga bir sutka deganda yetib borishadi. Qutqaruv ishlarining uchinchi kunida samolyot bo‘laklari orasidan tirik qolgan qizni topib olishadi.
Halokat
1981 yil 24 avgust kuni soat 15:00 va 15:01 da SSSR harbiy-havo kuchlariga qarashli ikkita Tu-16K samolyoti Uzoq Sharqda ob-havoni o‘rganish uchun harbiy aerodromdan havoga ko‘tariladi.
O‘sha paytda Komsomolsk-Amur – Blagoveshensk qatnovi bo‘yicha parvoz qilgan An-24 ham osmonda edi.
Harbiy samolyotlar soat 15:07 da dispetcher bilan aloqaga chiqib uchayotgan joylarining koordinatalarini ma’lum qilishadi. Keyin esa dispetcherlarning so‘roviga javob bermay qo‘yishadi.
Ikkita Tu-16 15:18 da 4500 metrdan 6 ming metrgacha ko‘tariladi. Oradan uch minut o‘tib soat 15:21 da ulardan biri An-24 samolyoti bilan to‘qnashib ketadi.
An-24 va Tu-16 havoning o‘zida bir necha bo‘laklarga bo‘linib, bir-biridan ming metr uzoqlikda, o‘rmonga qulab tushadi. Qutqaruv guruhi joylashgan vertolyot An-24 qulagan joyni qariyb bir sutka o‘tgandan so‘ng, 25 avgust kuni ertalab topadi.
Samolyot parchalarini ko‘rgan qutqaruvchilar halokatda An-24 da bo‘lgan 32 kishi, Tu-16 da bo‘lgan 6 kishining barchasi halok bo‘lgan deb o‘ylashadi.
Biroq samolyot bo‘laklari orasidan jasadlarni yig‘ishtirib olish jarayonida uchinchi kuni kutilmaganda jarohatlangan holda yotgan tirik qizni topib olishadi. U 20 yoshli Larisa Savitskaya edi.
Larisa Savitskaya
Garchi Larisa Savitskayaning mo‘jizali tirik qolishi 1981 yilda sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, u haqda omma SSSR parchalanib ketganidan so‘ng xabar topadi. Sovet davrida Larisa va u bilan sodir bo‘lgan hodisa ommadan yashirilgan. Halokat haqida hech qayerda yozilmagan, gapirilmagan.
1961 yilda tug‘ilgan 20 yoshli qiz halokatdan biroz avval turmushga chiqqan, o‘sha kuni eri Vladimir bilan to‘y sayohatidan qaytayotgan edi.
Halokat sodir bo‘lgan paytda Larisa uxlayotgan bo‘lgan. U kuchli zarbadan uyg‘onib ketadi. Bu paytda samolyotning bir qismi uzilib tushgan va salonda harorat +30 daraja issiq -30 daraja sovuq bilan almashgan edi.
Larisa tezda samolyotning o‘rta qismiga qarab yuradi va bo‘sh o‘rindiqlardan biriga o‘tiradi. So‘ng o‘zini himoya qilish maqsadida o‘rindiq suyanchig‘ini o‘ziga bosadi. Qulab tushish paytida An-24 bir necha bo‘laklarga bo‘linib ketadi.
Larisa o‘tirgan bo‘lak qalin qayinzor ustiga tushadi. Daraxtlar samolyot bo‘lagini yerga juda qattiq zarb bilan urilishidan saqlab qoladi. Natijada yumshoq o‘rindiq orasida bo‘lgan Larisa tirik qoladi.
Qiz ko‘zini ochganda yonidagi o‘rindiqda joni uzilgan holda yotgan eriga tushadi. Larisa tirik qolgani bilan bir necha joyidan jarohat olgan edi.
Keyinchalik bergan intervyusida Larisa halokatni shunday eslagandi:
«Hodisa sodir bo‘lgan paytda yonimda o‘tirgan erimga qaradim. Uning yuzi qon, joni uzilib bo‘lgandi. O‘sha paytda birdaniga mendagi qo‘rquv yo‘qoldi. O‘rnimdan turib samolyotning ichkarirog‘iga qarab yurdim. So‘ng o‘rindiqqa joylashib uning suyanchig‘ini ustimga bostirdim. Keyin yerga borib urilishimizni kuta boshladim. Daraxtzor ustiga tushganimiz uchun zarba uncha kuchli bo‘lmadi. Shunda ham ko‘p joyimdan jarohatlandim».
Qiz tirik qolish uchun jarohatlanganiga qaramasdan harakatlanadi va atrofdagi samolyot bo‘laklari hamda o‘rindiq qoplamalaridan o‘ziga kichik boshpana yasaydi. Shu tariqa yomg‘irli sovuq havoda jon saqlaydi.
«O‘zimga yomg‘irdan pana joy qilib olgach juda chanqadim. Shundan so‘ng biroz harakatlandim va samolyot bo‘laklari orasidan idishda suv topib oldim. Och qolgach yon-atrofimda nima bo‘lsa yeyishga majbur bo‘ldim. Uch kun ichida atrofda uchayotgan vertolyotning ovozini bir necha bor eshitdim, biroq baqirib yordam so‘rashga menda kuch qolmagan edi. Uchinchi kun qutqaruvchilar meni topib olishdi», degan edi qiz keyinchalik bergan intervyularida.
Halokat yuzasidan surishtiruv
Halokat sodir bo‘lgandan so‘ng uni o‘rganish uchun hukumat komissiyasi tuziladi. O‘rganish davomida Tu-16 samolyotlarining parvozlarini nazorat qilishi lozim bo‘lgan Zavitinsk aerodromi harbiy dispetcherlari yo‘nalish belgilashda xatoga yo‘l qo‘ygani aniqlanadi.
Bundan tashqari, Uzoq Sharqda joylashgan aeroport va aerodromlarda o‘zaro ma’lumot almashish qoniqarsiz bo‘lgani, oqibatda fuqaro aviatsiyasi hamda harbiy samolyotlar parvozi vaqtida turli anglashilmovchiliklar yuzaga kelayotgani ma’lum bo‘ladi.
Aynan halokat sodir bo‘lgan kuni o‘zaro ma’lumot almashilmagani uchun harbiy dispetcherlar va uchuvchilar An-24ning parvozi haqida umuman ma’lumotga ega bo‘lmagan.
Garchi surishtiruvlar davomida kamchilikka yo‘l qo‘ygan insonlarning kimligi aniq bo‘lsa-da, hodisa harbiylar bilan bog‘liqligi uchun hech kim jazolanmaydi.
Larisa o‘shanda o‘zi o‘tirgan samolyot nega qulab tushganini 2000-yillar boshida biladi. Ungacha hodisa tafsilotlarini bilmaydi.
«Surishtiruv natijalarini menga hodisadan 20 yil o‘tgach berishdi. Hozir hodisada hech kimni ayblamayman», deydi u.
Hodisaning yashirilishi va Larisaning keyingi taqdiri
Qizni shifoxonaga yetkazishganda uning bironta tishi qolmagan, umurtqa pog‘onasi va qo‘l-oyog‘i bir necha joydan singan, miyasi chayqalgan holda bo‘ladi.
Larisa ancha payt davolansa ham ishga yaroqsiz bo‘lib qoladi. Biroq unga nogironlik guvohnomasi berishmaydi. Oradan olti yil o‘tib, 1986 yilda Larisa farzandli bo‘ladi. Shundan so‘ng u bolasiga beriladigan nafaqa hisobiga yashaydi.
Ikkita samolyot to‘qnashuvi oqibatida 37 kishi halok bo‘lgan bo‘lsa-da, o‘sha paytda sovet ommaviy axborot vositalarida bu haqda hech qanday xabar berilmaydi.
KGB halok bo‘lganlarning yaqinlariga hodisa haqida hech qayerda gapirmaslik va dafn marosimini imi-jimida o‘tkazish bo‘yicha topshiriq beradi. Aks holda jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkinligini aytib tahdid qilishadi.
«Bir necha kundan so‘ng ota-onamga qo‘ng‘iroq qilib shifoxonada ekanimni aytganimda yig‘lab yuborishdi. Ular allaqachon mening dafn marosimimga tayyorgarlik ko‘rishayotgan ekan. O‘shanda ota-onam hodisa haqida hech kimga gapirib yurmasligimni tayinlashdi. Ularning aytishicha, uyimizga KGB xodimlari borgan va ota-onamga jim yurishlari lozimligini, aks holda jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkinligini aytib tahdid qilishgan», degan edi Larisa o‘z intervyularida.
Hodisadan to‘rt yil o‘tib, 1985 yilda «Sovetskiy sport» gazetasida osmondan qulab tirik qolgan Larisa Savitskaya haqida qisqa xabar beriladi.
Biroq xabarda hodisa tafsilotlari tamomila boshqacha talqin qilinadi. Unda ikkita samolyotning to‘qnashuvi haqida lom-lim deyilmaydi. Larisa Savitskaya qo‘lbola tayyorlangan uchuvchi apparatdan yiqilib tushgani aytiladi.
Shuningdek, qiz yiqilib tushgan balandlik ham ming metr deb ko‘rsatiladi. Hodisaning asl tafsilotlari SSSR parchalanib ketganidan so‘ng oshkor bo‘ladi.
SSSR parchalangandan so‘ng Larisa birdaniga ommaviy axborot vositalari uchun bosh qahramonga aylanadi. 1990-yillar boshida bir nechta telekanallar undan intervyu olishadi.
Ana shu ko‘rsatuvlardan so‘ng Larisaning halokatdan keyingi og‘ir hayot kechirayotgani haqida xabar topgan odamlar unga yordam berishadi.
Shundan so‘ng ayol Moskvaga ko‘chib keladi va davolangach shu yerda o‘z firmasini ochadi. Shu tariqa uning hayoti izga tushib ketadi.
Larisa ikkita yo‘nalish bo‘yicha Rossiya rekordini o‘rnatgan. U 5 ming metrdan qulab tirik qolgan va aviahalokatda tirik qolib 75 rubl tovon puli olgan inson sifatida Rossiyada chop etilgan Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan. (O‘sha paytda «Gosstrax» normativlariga ko‘ra aviahalokatda vafot etganlarning oilasiga 300 so‘m, tirik qolganlarga 75 so‘m to‘lab berilgan)
Ma’lumot uchun, o‘sha paytda Larisaga to‘langan pul 100 AQSh dollariga teng bo‘lgan.
Ayni kunlarda 62 yoshga kirgan Larisa Savitskaya eri bilan Moskva shahrida yashamoqda. 2020 yilda Larisaning hayoti haqida badiiy film suratga olina boshlandi.
Film rejissyori Larisani suratga olish jarayoniga taklif etib, undan masalahatchi sifatida foydalangan. «Yolg‘iz» deb nomlangan film 2022 yilda katta ekranlarga chiqarilgan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
12:37 / 14.12.2024
Fuqaro aviatsiyasi tarixidagi eng yirik halokatlar
14:37 / 08.12.2024
KGB boshlig‘idan davlat rahbariga aylangan shaxs – qattiqqo‘l Andropov suiqasd qurboni bo‘lganmi?
15:29 / 25.11.2024
Vilnyus aeroporti yaqinida yuk tashuvchi Boeing qulab tushdi
11:56 / 02.11.2024