O‘zbekiston | 09:34 / 02.04.2023
28561
3 daqiqa o‘qiladi

Xorazm viloyatiga yangi rahbar tasdiqlanishi ortidan to‘rt tumanga yangi hokimlar tayinlandi

Qo‘shko‘pir, Urganch, Bog‘ot va Tuproqqal’a tumanlarida yangi rahbarlar ish boshladi. 

1 aprel kuni xalq deputatlari Qo‘shko‘pir tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tumanning yangi hokimi ma’lum bo‘ldi.

Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov Qo‘shko‘pir tumani hokimi lavozimiga Boburbek Davlatnazarovich Egamov nomzodini tavsiya etdi. Muzokarada so‘zga chiqqanlar nomzodni yakdillik bilan qo‘llab- quvvatladi, ovoz berish natijalariga ko‘ra Boburbek Egamov Qo‘shko‘pir tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Boburbek Egamov

Egamov bungacha iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi «Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi» DUK direktori o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan.

  • Ma’lumot uchun, Qo‘shko‘pir tumaniga 2019 yildan buyon hokimlik qilib kelgan Jo‘rabek Rahimov 2022 yil dekabrida Xorazm viloyati hokimi v.b etib tayinlanganidan keyin tuman hokimligi lavozimi bo‘sh qolayotgandi. 31 mart kuni Rahimov prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi sessiyada viloyat hokimligiga tasdiqlandi.

1 aprel kuni Xorazm viloyatida yana uch tumanda — Urganch, Bog‘ot va Tuproqqal’a tumanlarida tuman kengashlarining navbatdan tashqari sessiyalari bo‘lib o‘tdi va yangi hokimlar tasdiqlandi.

Xususan, G‘ayratjon Po‘latovich Sultanov Urganch tumani hokimi lavozimiga ma’qullandi.

G‘ayratjon Sultanov

G‘ayratjon Sultanov bunga qadar O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

  • Urganch tumaniga 2018 yil noyabridan buyon Frunze Sharipov hokimlik qilib kelayotgandi.

Bog‘ot tumaniga Jahongir Bahromovich Nazarov yangi hokim etib tasdiqlandi.

Jahongir Nazarov

U bunga qadar Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

  • Tumanga 2020 yil dekabridan buyon hokimlik qilib kelgan Shavkat Quramboyevich Yaxshiboyevning keyingi faoliyati haqida ma’lumot berilmagan.

Shuningdek, Tuproqqal’a tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Shuhrat Qurvondurdiyevich Ahmedov Tuproqqal’a tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Shuhrat Ahmedov

Sh.Ahmedov bungacha Xorazm viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Mavzuga oid