Jahon | 10:09 / 15.04.2023
6964
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya texnik retsessiyaning oldini olishga muvaffaq bo‘ldi

2023 yilning birinchi choragida Germaniya iqtisodiyoti 0,1 foizga o‘sdi. Shu tariqa, Germaniya ketma-ket ikki choraklik yalpi ichki mahsulot pasayishining oldini olishga muvaffaq bo‘ldi.

Foto: Getty Images

14 aprel, juma kuni Germaniya Iqtisodiyot vazirligi oylik hisobotida aytilishicha, 2023 yil birinchi choragida Germaniya yalpi ichki mahsuloti 0,1 foizga oshdi. Shu tariqa, Germaniya texnik turg‘unlik deb ataladigan vaziyatdan, ya’ni yalpi ichki mahsulotning har chorakda ketma-ket ikki marta pasayishidan qochishga muvaffaq bo‘ldi. 2022 yil oxirgi choragida Germaniya iqtisodiyoti 0,2 foizga qisqardi. Texnik tanazzul iste’molning uzoq muddatli qisqarishi va ishchi kuchiga bo‘lgan talabning pasayishini anglatadi.

Iqtisodiyot vazirligi «yil boshida bozor sharoitlari nuqtayi nazaridan muvaffaqiyatli start» haqida gapirgandi. Qishning yumshoq o‘tgani va gaz omborlari to‘laligi Germaniya va Yevropada gaz taqchilligining yo‘qligi hamda bu energiya narxining pasayishiga olib keldi. Idora mutaxassislari fikriga ko‘ra, energiya narxining eng yuqori cho‘qqisi allaqachon bosib o‘tilgan.

Shu bilan birga, vazirlik nuqtayi nazaridan, iqtisodiy o‘sishga iste’mol bozorida dinamizm yo‘qligi, qurilish sektoridagi ahvolning yomonlashuvi, ayrim moliya institutlaridagi muammolar va Rossiyaning Ukrainaga hujumi bilan bog‘liq geosiyosiy noaniqlik to‘sqinlik qilmoqda. Xalqaro valuta jamg‘armasi so‘nggi prognozida Germaniya iqtisodiyotining 2023 yil oxirigacha 0,1 foizga tushishini kutayotganini bildirdi.

Mavzuga oid