Jahon | 18:48 / 26.04.2023
22437
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli jonli suhbatni to‘xtatdi 

U oshqozon grippi bilan xastalanganini aytdi. 

Foto: gazetevatan.com

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an jonli efirda Kanal 7 va Ulker telekanallari jurnalistlarining 14 may kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovi bilan bog‘liq savollariga javob berarkan, o‘zini yomon his qildi. Efir boshlanganidan bir necha daqiqa o‘tgach, eshittirish 20 daqiqaga to‘xtatildi, deb yozdi Hürriyet.

Erdo‘g‘anga savol bergan boshlovchi birdan «reklama» deb o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. Efir to‘xtatilishidan bir necha soniya oldin «Ey, voh!» degan ovoz eshitildi va kameralar Erdo‘g‘anni ko‘rsatmasdan reklama roligi boshlanib ketdi. 

Efir qayta tiklanganidan keyin prezident jurnalistlarga «qorni qattiq shamollagani»ni aytdi. 

«Avvalo, sizga sihat-salomatlik tilayman. Kecha va bugun saylovoldi ishlari qizg‘in kechdi. Shu sababli oshqozon grippiga duchor bo‘ldim. Men hatto dasturni bekor qilish haqida o‘yladim. Lekin biz va’da berdik va keldik. Biz ham vaqti-vaqti bilan shunday muammolarga duch kelamiz, siz va tomoshabinlardan uzr so‘rayman», dedi Erdo‘g‘an. 

Efir davom ettirilganidan so‘ng jurnalistlar prezidentga bittadan savol berishdi, shundan so‘ng ko‘rsatuv tugadi. 

Keyinroq Turkiya vitse-prezidenti Fuat O‘qtay ijtimoiy tarmoqda «Tun-kun xalqqa xizmat qilgan Erdo‘g‘anning sog‘lig‘i, Allohga shukr, juda yaxshi», deb ishontirdi. Prezident matbuot kotibi Ibrohim Qalin «Prezidentning sog‘ligi yaxshi» deb qo‘shimcha qildi. Muxolifat partiyalari vakillari ham Erdo‘g‘anning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi. 

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Erdo‘g‘anda miokard infarkti qayd etilgan. Uning jamoasi prezidentning barcha saylovoldi chiqishlari va ommaviy tadbirlarini 3 mayga qadar bekor qilgan.

Turkiyada prezidentlik saylovlari 14 may kuni bo‘lib o‘tadi. Mamlakat aholisi nafaqat davlat rahbarini, balki 600 nafar parlament a’zosini ham saylaydi. Amaldagi prezident Erdo‘g‘anning asosiy raqibi – «Respublika ittifoqi» va muxolifatdagi «Xalq ittifoqi» partiyasidan yagona nomzod Kamol Qilichdoro‘g‘li.

Mavzuga oid