Nuqtayi nazar | 16:45 / 15.05.2023
360781
3 daqiqa o‘qiladi

Geosiyosiy jihatdan, O‘zbekistonga kim ma’qul?

Turkiyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi bo‘ladi. O‘zbekistonning geosiyosiy manfaatlaridan kelib chiqib, Turkiyadagi saylovlarda kimning yutgani ma’qulroq?

Foto: Umit Turhan Coskun/NurPhoto/picture alliance

Erdo‘g‘an – ko‘p qutblilik nomzodi, islomiy konservatizm va turkiy birlik tarafdori.

Qilichdoro‘g‘li – dunyoviy liberal-demokratiya nomzodi, g‘arb bilan yaqinlashish, Rossiya va Xitoydan masofalanish tarafdori.

U Turkiy birlikdan voz kechmaydi, lekin turkiy birlikka Erdo‘g‘anga nisbatan biroz kamroq e’tibor berishi mumkin.

Xo‘sh, O‘zbekiston uchun, kim ma’qul?

Ko‘p qutblilik – kerakli narsa. Dunyo bir qutblilikdan ancha charchadi. Lekin, muammo shundaki, ko‘p qutblilikning asosiy ijodkorlari – bizning yonimizdagi ikki imperiya – Rossiya va Xitoy hisoblanadi.

Ko‘p qutblilik kuchayishi – Markaziy Osiyoning shu ikki imperiya tomonidan yutilishini anglatadi.

Dunyoga ko‘p qutblilik kerak bo‘lsa, bizning mintaqaga Moskva va Pekinni tiyib turuvchi global tizim kerak.

Demak, ikkala nomzoddan har birining biz uchun ijobiy va salbiy jihatlari bor ekan. Erdo‘g‘an kelsa, ko‘p qutblilik tezlashadi. Lekin, Erdo‘g‘an bu ko‘p qutblilikni “turkiy birlik” orqali kompensatsiya qilishi mumkin.

Qilichdoro‘g‘li kelsa, Rossiya va Xitoyni tiyib turuvchi tizim kuchayib boshlaydi. Lekin, ma’lum vaqt turkiy birlik pauzada bo‘ladi yoki bu loyihaga ehtiyoj pasayadi.

Aslida, hammasi mintaqa davlatlariga, elitalariga va jamiyatlariga bog‘liq. Turkiya qancha yordam qo‘lini cho‘zmasin, mintaqa tashqi tahdidlar qarshisida falaj qolaversa – hech kim yordam bera olmaydi.

Markaziy Osiyo mintaqasining o‘zi tashabbus ko‘rsatishi va o‘zining global sub’yektligini oshirishi kerak bo‘ladi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

  • Kun.uz “Nuqtayi nazar” rukni ostida hajmi 500 ta so‘zdan oshmaydigan, muallif nuqtayi nazari ifodalangan ixcham mulohaza-maqolalarni berib boradi. Kelgusida rukn faoliyatini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid