Faqat dehqonchilik bilan kun ko‘radigan mamlakat bo‘lib qolmasligimiz kerak - Shavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev 14 iyul kuni bo‘lib o‘tgan inauguratsiya marosimida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda, ishlab chiqarish industriyasi kuchli darajada rivojlangan davlatga aylanishi kerakligini aytdi.
Prezident ekologiya va atrof-muhitni asrash, suv taqchilligining oldini olish bundan buyon ham dolzarb vazifa bo‘lib qolishini qayd etdi.
«Biz, hech shubhasiz, ekologik muvozanat, musaffo havo, toza suv, bezavol tabiat tarafdorimiz. Bu masala biz uchun boshqalarga qaraganda nihoyatda dolzarb va muhimdir. Nega deganda, biz dunyodagi eng katta ekologik ofat — Orol fojiasini bevosita o‘z boshidan kechirayotgan xalqmiz. Shuning uchun hozirgi vaqtda respublikamizda bebaho ekotizimni saqlash va mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli dasturlar, jumladan, «Yashil makon» umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Biz kelgusida bu ishlarni yanada jadal davom ettiramiz», dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev yangi quriladigan sanoat korxonalari loyihalarida bu masala bo‘yicha qattiq nazorat o‘rnatilishini aytdi. Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik vaziyatni yaxshilash uchun ham barcha zarur chora-tadbirlar ko‘riladi.
«Ayni paytda biz faqat dehqonchilik bilan kun ko‘radigan mamlakat bo‘lib qolmasligimiz kerak. Biz atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda, ishlab chiqarish industriyasi kuchli darajada rivojlangan davlatga aylanishimiz zarur», dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda bugun mavjud bo‘lgan sanoat salohiyati dunyodagi ko‘pgina davlatlarda yo‘qligini ta’kidladi.
«Biz mana shunday noyob salohiyatimizni yanada rivojlantirish, yurtimizni qudratli industriya makoniga, yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, jahon bozorida raqobatbardosh bo‘lgan sifatli mahsulotlar ishlab chiqaradigan zamonaviy mamlakatga aylantirish bo‘yicha katta-katta dasturlar qabul qilganmiz va ularni albatta amalga oshiramiz.
Biz nafaqat mohir paxtakor va bog‘bonlar o‘lkasi, balki yuqori malakali IT mutaxassislar, injyener va energetiklar, konchi va metallurglar, fizik va kimyogarlar mamlakati bo‘lishimiz kerak.
O‘zbekistonimizning yerosti va yerusti boyliklari ko‘p. Lekin bizning eng katta kuchimiz, bebaho boyligimiz — bu yagona, ahil oila bo‘lib yashayotgan ko‘p millatli xalqimizdir», dedi prezident.
So‘nggi yangiliklar
-
Moderna aksiyalari narxi 21 foizga tushib ketdi
Jahon | 00:36
-
Toshkentda BYD’ning qo‘pol qoidabuzarligi ortidan ikki piyoda jarohat oldi
Jamiyat | 23:44 / 13.01.2025
-
New Gleen raketasi parvozi startga 15 daqiqa qolganda bekor qilindi
Jahon | 23:29 / 13.01.2025
-
“Pandora qutisi ochildi” - Dunyo imperializm davri ostonasidami?
Jahon | 22:59 / 13.01.2025
Mavzuga oid
23:15 / 04.01.2025
Tramp saylovdagi g‘alabasidan keyin donorlardan qariyb 200 mln dollar to‘pladi
17:38 / 25.12.2024
Mirziyoyev MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi
15:59 / 25.12.2024
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon samolyoti halokati yuzasidan hamdardlik bildirdi
00:30 / 25.12.2024