Jahon | 20:34 / 25.07.2023
29244
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya bug‘doyi Qozog‘istonniki niqobi ostida O‘zbekistonga yetkazilgani aniqlandi

Qozog‘istonda Rossiya bug‘doyini noqonuniy eksport qilish kanali to‘xtatildi. 

Foto: TASS

25 iyul kuni Qozog‘iston Moliyaviy monitoring agentligi (MMA) Rossiya bug‘doyini mamlakat hududiga noqonuniy olib kirish sxemasi aniqlangani bo‘yicha tergov nihoyasiga yetganini ma’lum qildi. 

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchi 2021-2022 yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlariga (Afg‘oniston, Tojikiston va O‘zbekiston) kelib chiqishi Qozog‘istondan ekanini tasdiqlovchi soxta hisob-fakturalar bilan qiymati bir milliard tengedan (26 mlrd so‘m) ortiq bo‘lgan 26 ming tonna rus bug‘doyini eksport qilgan. Uning ismi-sharifi xabarda keltirilmagan. 

MMA versiyasiga ko‘ra, sudlanuvchi xalqaro tranzit tarifi bo‘yicha tashish uchun jami 460 million tengelik to‘lovlardan bo‘yin tovlagan. 

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yildan 2023 yil mayigacha Shimoliy Qozog‘iston viloyatiga Rossiyadan 450 ming tonnadan ortiq bug‘doy import qilingan. Keyinchalik ushbu bug‘doy Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga rasmiylashtirilgan. Hujjatlashtirilgandan so‘ng mahsulotlar Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan mahsulot sifatida O‘zbekiston, Afg‘oniston va Tojikistonga eksport qilingan.

MMA qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi bir yarim yil ichida Pavlodar viloyatida 5,4 milliard tengedan ortiq soxta hisob-fakturalarni rasmiylashtirgani uchun besh kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan. 

Mavzuga oid