O‘zbekiston | 13:25 / 31.07.2023
11020
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyatida 4 ta tarixiy obyektga 9 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi

Urgut tumanidagi «To‘lqirtepa-1» arxeologiya yodgorligining bir qismi maxsus texnikada kovlab olingan, qolganlari esa qisman buzilgan. Holatlar yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Illyustrativ foto

Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi «To‘lqirtepa-1» arxeologiya yodgorligiga katta miqdorda zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berishicha, tumanning Mingtepa mahallasida joylashgan «To‘lqirtepa-1» arxeologiya yodgorligining 163 metr kub hajmdagi yer maydoni maxsus texnika yordamida kovlab olingan. Buning oqibatida tarixiy obektga 4 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlangan.

Shuningdek, tumanning Quyiqishloq mahallasida joylashgan o‘rta asrlarga oid «Teshiktepa», Dehqonobod mahallasidagi «Qulqishloqtepa-2» va Ogahiy mahallasidagi «Mozortepa» arxeologiya obektlari qisman buzilishi oqibatida jami 5 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

Tekshirishlar natijasiga ko‘ra jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokuraturaning eslatishicha, mazkur jinoiy ishlar qonunchilikka asosan og‘ir jinoyat hisoblanib, aybdor shaxslarga nisbatan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin.

Oldinroq Buxoroda 5 ta tarixiy yodgorlikka qariyb 300 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlangandi.

Mavzuga oid