O‘zbekiston | 18:16 / 17.08.2023
20149
2 daqiqa o‘qiladi

Yangiyo‘l tumaniga hokim tayinlandi

Nurafshon shahri kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi rahbari vazifasida ishlab kelgan Odiljon Ataullayev Yangiyo‘l tumani hokimi etib tayinlandi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Odiljon Qosimovich Ataullayev Xalq deputatlari Yangiyo‘l tumani kengashining qarori bilan tuman hokimi etib tayinlandi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Odiljon Ataullayev 1980 yilda Surxondaryo viloyati Denov tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 2008 yil Andijon davlat universitetini tamomlagan.

Lavozimga tayinlangunga qadar Nurafshon shahri kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi rahbari vazifasida ishlab kelayotgandi.

Yangiyo‘l tumaniga 2020 yil fevralidan buyon rahbarlik qilib kelgan Ulug‘bek Yalgashev 2023 yil avgust oyi boshida prezidentning Toshkent viloyatiga tashrifi vaqtida o‘tkazilgan videoselektorda ishdan olingandi.

Xalq deputatlari Yangiyo‘l tumani kengashining 17 avgustdagi navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev qatnashib, hududni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga doir dolzarb masalalarga to‘xtaldi. Xususan, tumanda 7900 nafar ishsiz aholi borligi, 12 ming aholi xorijda migrant ekani qayd etildi.

Hokim nutqi davomida tuman hokimining birinchi o‘rinbosarini (Erali Abdurasulov)ni lavozimiga loyiq emas, deb hisoblashini bildirib, vazifasidan ozod qilishni tavsiya etdi.

«Yangiyo‘l tumani hokimligida o‘rinbosarlarni paypoqdek almashtirish urfga kirgan. Ikki yilda 7 ta qurilish bo‘yicha o‘rinbosar almashdi. Biroq qurilish sohasi shu bilan tartibga tushmadi. Bu juda og‘riqli holat», dedi Mirzayev.

Uning qayd etishicha, maktabgacha ta’limga bolalar qamrovi bo‘yicha tuman viloyatda oxirgi o‘rinda bormoqda. Shuningdek, tuman g‘alladan bo‘shagan yerlarni yoqib yuborish bo‘yicha eng oldinda ekani (171 gektar), hosildorlik ham rejadagidan pastligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mavzuga oid