O‘zbekiston | 19:07 / 13.10.2023
12057
2 daqiqa o‘qiladi

«Vaqf» fondiga yangi rahbar saylandi

Ziyovuddin domla Mirsodiqov o‘z arizasi bilan fond rahbari lavozimidan ozod etildi.

Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

«Vaqf» xayriya jamoat fondiga yangi rahbar saylandi. Bu haqda fond axborot xizmati xabar berdi.

13 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazarov raisligida «Vaqf» xayriya jamoat fondi Vasiylik kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkiliy masala ko‘rildi. «Vaqf» xayriya jamoat fondi raisi vazifasida mehnat qilayotgan Ziyovuddin domla Mirsodiqov o‘z arizasiga binoan egallab turgan vazifasidan ozod etilib, fond rahbari lavozimiga ushbu yo‘nalishda katta tajribaga ega bo‘lgan Isaxon Abdullayev kengash a’zolari tomonidan saylandi.

Isaxon Abdullayev Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutini tamomlagan. U 25 yillik ish malakasiga ega bo‘lib, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, xayriya jamg‘armalarini boshqarish va yordamchi xo‘jaliklar faoliyatini tartibga solish borasida katta natijalarga erishgan. Jumladan, u mehnat faoliyati davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi, Maxsus jamg‘arma raisi hamda Muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish xayriya jamg‘armasi ijrochi direktori kabi muhim lavozimlarda samarali faoliyat yuritgan. Tayinlovga qadar «Vaqf» xayriya jamoat fondi raisi o‘rinbosari vazifasida ishlayotgan edi.

Shuningdek, yig‘ilishda fond faoliyatini rivojlantirish borasidagi kelgusidagi rejalar muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Ziyovuddin domla Mirsodiqov muqaddam Toshkent viloyatidagi «Tursunmat qori», «Eski Toshkent», Andijon viloyatidagi «Jiddai Muborak», Toshkent shahridagi «Yunusobod-Oq tepa» kabi jome masjidlarda imom-xatib vazifalarida ishlagan. Shuningdek, «Sayyid Muhyiddin Maxdum» va «Ko‘kaldosh» madrasalari mudiri vazifalarida mehnat qilgan. 2023 yil yanvarida fond rahbarligiga tayinlangandi.

Mavzuga oid