Jahon | 14:09 / 10.11.2023
8611
3 daqiqa o‘qiladi

WSJ: Rossiya eksport qilingan harbiy texnikani qaytarishga urinmoqda

Ukrainada harbiy texnika bo‘yicha yo‘qotishlar sababli Rossiya jangovar vertolyotlar uchun allaqachon eksport qilingan dvigatellarni qaytarib sotib olishga urinmoqda, deb yozadi WSJ.

Foto: ITAR-TASS/D. Sorokin

Rossiya Pokiston, Misr, Belarus va Braziliyaga avval eksport qilgan jangovar vertolyotlardan dvigatellarni qaytarib olishga harakat qilmoqda - shu yo‘l bilan Moskva Ukraina bilan urushdagi katta yo‘qotishlari sababli qurol-yarog‘ taqchilligini qoplamoqchi, deb xabar berdi The Wall Street Journal.

«Rossiya qurol savdosini rivojlantirish uchun o‘nlab yillar sarfladi. Endi ruslar yashirincha o‘z mijozlariga qaytib, sotgan narsalarini qaytarib olishga harakat qilmoqda», - deydi nashr manbalaridan biri.

Shu tariqa, o‘tgan bahorda Rossiya rasmiylari delegatsiyasi Qohiraga tashrif buyurib, Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisidan Rossiyaning Mi-8 va Mi-17 vertolyotlari dvigatellarini qaytarishni so‘ragan. Uch manbaning WSJ'ga aytishicha, Misr bunga rozi bo‘lgan va 150 ga yaqin vertolyot dvigatellarini yetkazib berish dekabr oyida boshlanishi mumkin. Qohira rasmiylari WSJ'ga bu ma’lumotga izoh berishdan bosh tortdi.

Nashrning yozishicha, Rossiya rasmiylari, shuningdek, avvalroq Pokistonga sotilgan Mi-35M jangovar vertolyotlaridan kamida to‘rtta dvigatel so‘ragan. Pokiston Tashqi ishlar vazirligi bunday so‘rov olinganini rad etdi. Moskva Braziliyadan Mi-35M'dan yana 12 ta dvigatel sotib olishga uringan. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bu so‘rovni bajarishdan bosh tortganini, chunki urishayotgan tomonlardan biriga qurol-yarog‘ yuborilishiga qarshi ekanini bildirdi. Bundan tashqari, Belarus hukumati Moskvaga Mi-26 og‘ir vertolyotlari uchun oltita dvigatelni sotishga rozi bo‘ldi, deb yozadi WSJ manbalarga tayanib.

Armaniston uchun mo‘ljallangan qurollar Ukraina bilan urushga yuborilgan

Boshqa hollarda, Rossiya Ukrainadagi janglarni davom ettirish uchun qurol eksporti biznesini qurbon qildi: masalan, Hindiston va Armaniston uchun mo‘ljallangan qurollar front chizig‘iga yo‘naltirildi, deb yozadi WSJ.

Armaniston, xususan, «Grad» va «Uragan» kabi bir nechta raketa tizimlari uchun oz miqdordagi o‘q-dorilarni oldi, deyiladi materialda. Natijada sentabr oyida Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘da maxsus operatsiya o‘tkazganida arman kuchlarida qurol-yarog‘ yetishmovchiligi kuzatildi.

Mavzuga oid