Jahon | 11:44 / 18.12.2023
5314
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: 900 dan ortiq rossiyalik harbiy xizmatchi kasalxonalarni sudga berdi

«Vestka» ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon 900 dan ortiq harbiy xizmatchi jarohatlar va xizmatga loyiqlik toifalarini oshirib ko‘rsatishdan bosh tortgan shifoxonalardagi tibbiy komissiyalar qaroridan shikoyat qilgan.

Foto: Sergei Malgavko/Tass/picture alliance

«Verstka» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon 900 dan ortiq rossiyalik harbiy xizmatchi shifoxonalar ustidan da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Ular tibbiy muassasalarning harbiy xizmatni davom ettirish uchun jarohatlar to‘g‘risidagi ma’lumotnoma berishdan bosh tortgani va yaroqlilik toifalarini oshirib ko‘rsatayotganidan shikoyat qilmoqda, deb yozadi «Verstka» garnizon sudlarining 2022 yil martidan 2023 yil dekabrigacha bo‘lgan statistik ma’lumotlariga tayanib.

«Ba’zi harbiy xizmatchilar shifokorlar ularning jarohatini yengil deb baholagani va jarohati to‘g‘risida ma’lumotnoma bermaganidan norozi - bu hujjatsiz harbiylar davlatdan pul tovonini ololmaydi. Boshqalar esa jangovar harakatlarni davom ettirish uchun o‘zini yaroqsiz, deb hisoblaydi», - deya tushuntiriladi materialda.

Shu bilan birga, qarorlar qabul qilgan shifoxonalarga nisbatan 866 ta da’voning atigi 35 tasi qanoatlantirilgan, deyiladi ma’lumotda. Unga ko‘ra, ommaviy shikoyatlar berish 2022 yil avgustida boshlangan va umumiy safarbarlik boshlanganidan keyin yanada ortib, 2023 yil o‘rtalarida eng yuqori cho‘qqiga yetgan. 

AQSh: Rossiyadan 315 ming kishi halok bo‘ldi va yaralandi 

Rossiya Ukrainaga qarshi urushda halok bo‘lganlar va yaralanganlar oshkor etmayapti. Oxirgi marta Rossiya Mudofaa vazirligi yo‘qotishlar haqida 2022 yil sentabrida 6 mingga yaqin harbiy xizmatchi halok bo‘lgani yuzasidan xabar e’lon qilgan edi. Ayni paytda, Amerika razvedkasining dekabr oyi boshida oshkor qilingan hisobotiga ko‘ra, urush paytida Rossiyaning Ukrainadagi umumiy yo‘qotishlari halok bo‘lgan va yaralanganlar soni bo‘yicha 315 ming harbiy xizmatchini tashkil etgan. 

Urushni o‘rganish instituti (ISW) tahlilchilari ushbu ma’lumotlarga asoslanib hisob-kitob qilishicha, so‘nggi ikki oy ichida Ukrainaning Donetsk viloyatidagi Avdiyivkani egallashga urinayotgan Rossiya armiyasi 13 mingga yaqin askar va zobitini yo‘qotgan, ular halok bo‘lgan yoki yaralangan. Shu bilan birga, RF 11,1 kvadrat kilometr hududni egallab olgan. Shu tariqa, Rossiya Federatsiyasining yo‘qotishlari 1 kvadrat kilometr uchun 1000 dan ortiq kishini tashkil etdi.

Mavzuga oid