Hongkonglik moliyachi firibgarlarga 25 million dollar o‘tkazib berdi
Firibgarlar uni pul o‘tkazishga majburlash uchun kompaniya rahbariyati tasvirlangan dipfeyk videodan foydalanishdi.
Yanvar oyi o‘rtalarida firibgarlar dipfeyk yordamida transmilliy kompaniyaning Hongkongdagi filiali moliyachisini korporativ hisob raqamidan 25 million dollardan ortiq pul o‘tkazishga majburlagan. Bu haqda Hongkong politsiyasiga tayanib, South China Morning Post xabar berdi. Xodimning ismi va korporatsiya nomi oshkor etilmadi.
Dipfeyk – bu kompyuter yordamida yaratilgan video yoki audio kontent bo‘lib, unda bir shaxsning yuzi yoki ovozi juda ishonchli tarzda boshqa shaxsning yuzi yoki ovozi bilan almashtirilishi mumkin. Buning uchun sun’iy idrok texnologiyalari, jumladan, mashinani o‘qitish va neyron tarmoqlaridan foydalaniladi.
Hongkong politsiyasi boshlig‘i Baron Chan Shun-Chin so‘zlariga ko‘ra, firibgarlar birinchi navbatda moliyachiga kompaniyaning Buyuk Britaniyadagi bosh moliyaviy direktoriniki deb ko‘rsatilgan soxta elektron pochta xabarini yuborishgan. Unda ular 25,6 million dollarlik «maxfiy pul o‘tkazish»ni talab qilishgan.
Moliyaviy bo‘lim xodimi bundan shubhalanganda, firibgarlar uni «rahbariyat» va boshqa «hamkasblar» bilan videomuloqotga taklif qilishadi. Moliyachining so‘zlariga ko‘ra, u ushbu yig‘ilishda qatnashgan ayrim xodimlarni tanigan va ular haqiqiy hayotdagidek ko‘ringan. Bu suhbatdan keyin firibgarlar filial xodimi bilan yana bir necha kun elektron pochta, messenjer va videokonferensiya orqali muloqot qilishda davom etishadi. Natijada, ular uni turli hisoblarga 15 ta pul o‘tkazmasini amalga oshirishga ko‘ndirishadi. Moliyachi ularning jinoyatchi ekanini bir hafta o‘tgach, korporatsiyaning haqiqiy bosh ofisi bilan bog‘langanida tushunadi.
Politsiyaning ma’lum qilishicha, moliyachi bilan video uchrashuvlarda gaplashganlarning hammasi yuzi o‘zgartirilgan firibgar bo‘lgan. Dipfeyk yaratish uchun ular kompaniya xodimlarining ommaviy ochiq videolaridan foydalangan. Suhbat davomida ular muloqotga kirishmagan va faqat ko‘rsatmalar bergan. Shuningdek, firibgarlar shu yo‘l orqali boshqa xodimlarni ham pul o‘tkazishga undab ko‘rishgan, ammo muvaffaqiyatsiz.
Nashrning qayd etishicha, bu Hongkongda moliyaviy jinoyatlar uchun dipfeyk birinchi marta qo‘llanayotgani yo‘q. Biroq ilgari firibgarlar unchalik murakkab bo‘lmagan usullarni tanlashardi. Ko‘pincha jinoyatchilar dipfeyk orqali birovning nomidan kredit olishga urinishgan. Yanvar oyi boshida Hongkong politsiyasi shunday jinoyatlarda ayblangan 6 kishini hibsga olganini ma’lum qilgan edi.
Mavzuga oid
10:19 / 20.12.2024
O‘zbekiston va Hongkong o‘rtasida o‘zaro vizasiz tartib o‘rnatish masalasi muhokama qilinmoqda
18:25 / 13.12.2024
KXDR fuqarolari AQSh kompaniyalariga yollanib, soxta ismlar ortidan pul topgani ma’lum bo‘ldi
23:51 / 10.12.2024
Xitoy «Hongkong ishiga aloqador» AQSh fuqarolariga viza berishni chekladi
17:40 / 03.12.2024