Jamiyat | 19:00 / 25.04.2024
6418
3 daqiqa o‘qiladi

Xalq bankining “Xazna” mobil ilovachi foydalanuvchilari 1 mln 400 mingga yetdi

2023 yilda ushbu ilova orqali yoshlarning “Xalqaro imtihon topshirish xarajatlarini qoplash” uchun 17 mlrd so‘mlik mablag‘ yo‘naltirilgan. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Foto: Xalq banki

24 aprel kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Xalq bankida 2023 yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, 2024 yil uchun belgilangan rejalar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda bankning 2023 yildagi natijalari va 2024 yil uchun dolzarb vazifalari muhokama qilindi.

Xalq banki Boshqaruvi Raisi birinchi o‘rinbosari Zafar Azimov 2023 yilda bankning transformatsiya jarayoni haqida ma’lumot berdi:

“2023 yilda Xalq bankini transformatsiya qilish jarayonining muhim davrini o‘tkazdik. Bu borada Osiyo taraqqiyot banki bilan strategiyani joriy qilish bo‘yicha bitim imzolanib, 10 ta xalqaro ekspert jalb etildi hamda 17 ta strategik yo‘nalishda hamkorlik qilish kelishib olindi.

Bundan tashqari, “Xazna” mobil ilovasini yuklab olgan jami foydalanuvchilar soni 1 mln 400 mingga yetdi. Ushbu ilova orqali Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda  respublikamiz yoshlariga “Xalqaro imtihon topshirish xarajatlarini qoplash” tizimidan foydalanish imkoniyati taqdim etildi. Mazkur xizmatdan foydalanib, istalgan vaqtda, bankka kelmasdan mablag‘ni bank kartasiga yuklab olish mumkin. 2023 yilda 9 654 nafar yoshlarning 17 mlrd so‘mlik mablag‘lari qoplab berildi”, - dedi u.

Matbuot anjumanida Xalq banki tizimida biznes jarayonlar optimallashtirilishi natijasida aholi va mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni avtomatlashtirish, ko‘lamini kengaytirish hamda sifat darajasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan va rejalashtirilgan ishlar muhokama qilindi.

Joriy yilda aholida moliyaviy savodxonlikni oshirish maqsadida shu mavzudagi kitoblarni nashr ettirish va kitobxonlarga taqdim etish uchun yangi loyihani yo‘lga qo‘ymoqda.

“Respublikamiz aholisida ham moliyaviy savodxonlik darajasini, ham kitobxonlikni oshirish maqsadida Xalq banki “Asaxiy Books” loyihasiga bilan birgalikda moliyaviy hamkorlik shartnomasini imzolaganmiz.

“Asaxiy Books”ning 20ta besseller asarlari Xalq banki homiyligida nashr etilishida homiylik qildi. Bu loyihaning davomi sifatida endilikda moliyaviy mazmundagi kitoblarni nashr etishda hamkorlikni rejalashtirganmiz.

Biz yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga, ular kitob bilan do‘st bo‘lishiga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada ko‘tarishga va moliyaviy savodxonligini oshirishga o‘z hissamizni qo‘shish istagidamiz”, - deya ta’kidladi bank Axborot xizmati rahbari Gulnoza Alimova.

Xalq banki tizimida biznes jarayonlar optimallashtirilishi natijasida aholi va mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni avtomatlashtirish, ko‘lamini kengaytirish hamda sifat darajasini oshirish bo‘yicha qator ishlarni amalga oshirish davom etmoqda.

Tadbirda jurnalist va blogerlar o‘z savollariga bank mutasaddilaridan javob olishdi.

Reklama

Mavzuga oid