Jahon | 11:44 / 22.06.2024
9492
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya hukumati valuta tushumlarini sotish bo‘yicha talabni yumshatdi

Rossiya hukumati eksport qiluvchilar uchun valuta tushumlarini sotish chegarasini 80 foizdan 60 foizgacha pasaytirdi va buni «milliy valuta kursining barqarorlashuvi» bilan izohladi.

Rossiya hukumati 21 iyun, juma kuni eksportchilar tomonidan valuta tushumlarini majburiy sotish talabini yumshatdi.

Ilgari Rossiyaning yirik eksportchilari tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha olingan xorijiy valutaning kamida 80 foizini vakolatli banklardagi hisobraqamlariga o‘tkazishlari shart edi. Hukumatning Telegram-kanaliga ko‘ra, endi bu chegara 60 foizga tushirildi.

«Qaror milliy valuta kursini barqarorlashtirish va valuta likvidligining yetarli darajasiga erishishni hisobga olgan holda qabul qilindi», — deyiladi hukumat xabarida. Valutani majburiy repatriatsiya qilish va xorijiy valutadagi tushumlarni sotish talabi 2023 yil oktyabrda prezident qarori bilan joriy etilgan va 2025 yil 30 aprelgacha uzaytirilgan edi. 

Mazkur chora yoqilg‘i-energetika kompleksi, qora va rangli metallurgiya, g‘allachilik, kimyo va o‘rmon xo‘jaligi tarmoqlarida faoliyat yurituvchi eksportyorlarga nisbatan qo‘llanadi. «Interfaks» agentligining eslatishicha, hukumat valuta tushumlarini majburiy sotish muddatini uzaytirish zarurligini ta’kidlab, ushbu chora «valuta bozoridagi vaziyatni barqarorlashtirishda o‘z samaradorligini ko‘rsatgani»ni bildirgan. Shu bilan birga, Markaziy bank raisi Elvira Nabiullina majburiy sotish rubl kursi dinamikasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmasligi va ko‘proq psixologik omil ekanligini qayd etdi. 

Moskva birjasiga qarshi sanksiyalar

12 iyun kuni AQSh Moliya vazirligi Moskva birjasiga sanksiyalar kiritdi, bu esa dollar va yevro bilan savdoning to‘xtatilishiga sabab bo‘ldi. Rubl kursini belgilashda avval birja savdolari natijalaridan foydalangan Markaziy bank bank hisobotlari va birjadan tashqari savdolar haqidagi ma’lumotlarga asoslangan hisoblash usuliga o‘tdi. 

Markaziy bank ushbu tartibni «normal» amaliyot deb atadi. «Xalqaro valuta bozorida ham, aksariyat mamlakatlarning ichki valuta bozorlarida ham birjadan tashqari valuta savdosi milliy valuta konvertatsiya qilinishi, chet el valutasi va erkin bozor kursi uchun zaruriy shart emas», - deya ma’lumot berdi regulyator.

Mavzuga oid