Medvedev Moldovaga «Ukraina taqdiri bilan» tahdid qildi
Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari, sobiq prezident shu orqali moldovalik spikerning chaqirig‘iga javob qaytardi.
Moldova hukumati 1940 yillarda yuz bergan ocharchilik borasidagi ayblovni Sovet Ittifoqi zimmasiga yuklasa, respublikani Ukraina taqdiri kutishi mumkin. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari, sobiq prezident Dmitriy Medvedev ma’lum qildi. U bu orqali Moldova parlamenti spikeri Igor Grosuning mamlakatda urushdan keyin yuz bergan ocharchilikni genotsid deya tan olishga chaqirgan so‘zlariga izoh berdi.
«Ukrainada 2006 yilda ‘ocharlik ertaklari’ni tegishli qonun ko‘rinishida shakllantirish yo‘li 2014 yilda birinchi natsistlar bataloni, keyinroq esa ‘Azovʼ polki va brigadasini tuzishga 10 yildan kamroq muddatni talab etdi», — deb yozadi Medvedev «VKontakte»dagi sahifasiga.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «mamlakatni fashistlashtirish va jamiyatda nafrat muhitini yaratish zanjirining bir halqasi». «Barchasi tarix bilan o‘ynashishdan. Oxir-oqibat yangi urush domida qolmaslik uchun u bilan o‘ylamasdan o‘ynashish kerak emas. Yoki Moldova rostdan ham Ukraina taqdiriga sherik bo‘lmoqchimi?» — deydi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari.
O‘tgan yilning oxirlarida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov G‘arb Rossiyaga qarshi gibrid urushga Ukrainadan keyin Moldovani «navbatdagi qurbon» sifatida tayyorlayotganini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga Lavrov Moldova «qurbonlar» ro‘yxatida oxirgi emasligiga shama qilgan. «Hozirda g‘arb vakillari, fondlari va nodavlat tashkilotlari faollashgan har bir davlat mulohaza qilib ko‘rishi kerak», — degandi u. TIV rahbari Ukrainada «Rossiyaga qarshi urush maydonini» yaratish uchun 2014 yilda davlat to‘ntarishi va Donbassda sakkiz yil jangovar harakatlarni amalga oshirish talab etilganini eslatib o‘tgan.
Moldova hukumati bo‘lsa, avvalroq, Moskvani mamlakatda davlat to‘ntarishini amalga oshirish niyati borligida ayblagandi. Respublika prezidenti Mayya Sandu Rossiya Ukrainaga «Moldovaga qadar yerusti harbiy koridorini yaratish, bu orqali konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik bilan almashtirish va davlatchilikni yo‘q qilish» niyatida bostirib kirganini ta’kidlagan.
Mavzuga oid
20:32 / 16.12.2024
“Yo deport bo‘lasan, yo armiyaga qo‘shilasan deyishdi” – Moskvaga o‘qishga borib, urushda qatnashgan talabaga hukm o‘qildi
20:50 / 14.12.2024
Moldova Roman Abramovichni saylovlarga aralashishda aybladi
10:00 / 13.12.2024
Moldova Rossiya gazi tufayli favqulodda holat e’lon qildi
13:49 / 18.11.2024