AQSh vitse-prezidentligiga nomzodlar: Uolz va Vens o‘rtasida qanday farqlar bor?
Amerikada vitse-prezidentlikka nomzodlar qanday tanlanadi? Kamala Harris va Donald Trampning sheriklari Tim Uolz va Jyeyms Devid Vensning qarashlarida qanday farqlar bor? Kun.uz muxbiri shu kabi savollar bilan Illinoys universitetining siyosatshunoslik bo‘yicha doktoranti Ikromjon To‘xtasinovga murojaat qildi.
— AQShda prezidentlikka nomzodlar o‘z vitse-prezidentlarini qanday tayinlaydi?
— Prezidentlikka nomzodini qo‘ygan nomzodlar o‘zlariga vitse-prezidentlarni ham tanlaydi. Bu jarayon odatda norasmiy tarzda, uzoq muddat oladi. Nomzodlar o‘z ko‘z ostiga olib qo‘ygan ma’lum bir shaxslar bo‘ladi, mana shu shaxslar orasidan tanlab olishadi. Bu jarayonda vitse-prezidentlikka nomzod ular yuritayotgan siyosat, saylovoldi dasturlariga qanchalik foyda berishi mumkin, agar saylanganda prezidentlik davrida qanday birga ishlash mumkin va boshqa omillarni hisobga olishadi.
Masalan, Kamala Harris 6 ta nomzoddan 3 tasini qoldirib, yakunda Minnesota gubernatori Tim Uolzni tanladi. Donald Tramp ham oldida ko‘plab variantlar bo‘lgan holda Jyeyms Devid Vensni tanladi. Bu jarayon tez sodir bo‘lganga o‘xshab ko‘rinadi, ammo bu qarorga kelish ortida har bir nomzod ustida ancha bosh qotiriladi. Va bu tanlovlar ortida aynan strategik maqsadlar yotadi.
— Vitse-prezidentlikka demokratlar va respublikachilardan nomzod Uolz va Vens siyosatining farqlari nimada?
— Tim Uolz 60 yoshda, Vens esa 39 yoshda. Donald Trampning yoshi kattaligini hisobga oladigan bo‘lsak, ancha kichik yoshli vitse-prezidentni bejiz tanlamaganini tushunish mumkin, bu saylovoldi dasturini energiyaga to‘ldirish uchun va keyinchalik respublikachilar partiyasi kelajagini o‘ylab ham shunday qarorga kelingan deb o‘ylayman.
Kamala Harrisning nomzodiga keladigan bo‘lsak, u 12 yil davomida Kongressning Vakillar palatasida ishlagan. Ko‘p foydali islohotlarni amalga oshirgan. Hozirda Minnesota gubernatori sifatida faoliyat yuritmoqda.
Ikkala nomzod ham ijtimoiy-iqtisodiy holati bir-biriga yaqin oilalardan kelib chiqqan. Uolz Nebraskada tug‘ilib-o‘sgan, fermerlar oilasidan chiqqan. Devid Vens esa Kentukkidan, keyinchalik Ohayoda ham yashagan, ammo uning oilasida ijtimoiy-iqtisodiy muammolari yetarli bo‘lgan. Shu sababli Vens oddiy amerikaliklarni qiynaydigan muammolar: odamlarning ishini yo‘qotishi, kelajakka bo‘lgan umidlari pasayishi va migrantlar kelib, ularning ishlarini olib qo‘yishi kabilar haqida gapiradi.
Ularning fikrlashidagi qarama-qarshiliklar xuddi tarozining ikki tomoniga o‘xshaydi, ya’ni ular ideologiyaning ikki chetida turadi. Uolz juda progressiv g‘oyalarni ilgari suradi. Jyey Di Vens esa abortlarga qarshi, Amerikadagi ba’zi liberal erkinliklarga ham qarshi. U katolik sifatida erkak va ayol oila qurishi, farzand ko‘rishi tarafdori. Yaqinda ham uning oilasiz, er yoki farzandlari yo‘q ayollarning Amerika kelajagi uchun xavfi bor degan so‘zlari juda keng shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
— Tim Uolz o‘zi kim va u AQShda qanchalik taniqli?
— Demokratlar partiyasidan bo‘lgan bu nomzod progressiv g‘oyalar muallifi hisoblanadi. Minnesota gubernatori sifatida faoliyat yuritganda, 2020 yil Jorj Floydning o‘limiga qarshi namoyishlarni bostirish jarayoniga rahbarlik qilgan. Bunda respublikachilar Uolzni milliy gvardiyani juda kech ishga solganlikda ayblashadi, demokratlar esa Uolzni juda qattiqqo‘l bo‘lganlikda ayblaydi. Lekin ko‘pchilik u bu namoyish-g‘alayonlarda yaxshi strategiya qo‘llagan deb hisoblaydi.
Uning Amerika milliy federal siyosatida ham o‘ziga xos o‘rni bor. Chunki birinchi navbatda gubernatorlar kengashi a’zosi, keyinchalik demokrat gubernatorlar kengashi raisi bo‘lgan, bu – juda muhim lavozimlardan biri. Shu sababli ham Amerika siyosatchilari orasida alohida ahamiyatga ega shaxs hisoblanadi.
— Uning vitse-prezidentlikka tanlanishi demokratlarga qanday ustunlik beradi, uning boshqa ehtimoliy nomzodlardan ustunligi nimada edi?
— 2021 yilda Kamala Harrisning mediadagi chiqishlari turli bahslarga sabab bo‘lgandi (bir gapni qayta-qayta takrorlayverishi, migrantlar mavzusi unga yuklatilganda chegaraga bormasdan turib u yerga bordim deb intervyu bergani), natijada Bayden hukumati uni mediadan biroz bo‘lsa ham cheklagan edi. Kamala Harrisning yo‘qotgan obro‘yini tiklashda Tim Uolz unga ko‘maklashmoqda deyish mumkin. Menimcha, Uolzdan ham kuchliroq, qudratliroq boshqa nomzod ham bor edi. Bu Pensilvaniya shtati gubernatori Josh Shapiro. Ko‘pchilik u Kamala Harrisning vitse-prezidenti bo‘lib tanishtirilishini kutayotgan edi, lekin Harris Uolzni tanladi. Bunga sabab Shapiro ikkinchi shaxs bo‘lishga ko‘nmaydigandek tuyulishi bo‘lsa kerak. Ya’ni vitse-prezident prezidentning vazifasini bajaryapti degan fikr odamlar orasida bo‘lmasligi uchun ham munosib nomzod tanlanishi kerak. Masalan, odamlar orasida Bayden o‘z prezidentlik vazifasini bajarmayapti degan fikrlar ham bor, ya’ni bu vazifani Baydenning o‘rniga Barak Obama yoki Baydenning xotini bajarmoqda degan gaplar ham tarqalgan. Kamala Harris bilan ham shunday narsa sodir bo‘lmasligi uchun Uolz tanlangan, menimcha.
Bundan tashqari, Uolz o‘rtahol oiladan kelib chiqqan va Amerika siyosati bu jihatdan ham Tim Uolzni qo‘llamoqda degan fikrlar ham bor. Kamala Harris o‘z siyosatida Amerikaning o‘rta sinf vakillarini qo‘llab-quvvatlashni ilgari suradi. Aholi bilan hissiy yaqinlik va bog‘liqlikni yaratish uchun, saylovoldi jarayonida Uolzni yosh amerikaliklarga “sizning tog‘angiz” deb tanishtirishmoqda.
— Tim Uolz bir muddat Xitoyda ham faoliyat yuritgan. Uning vitse-prezident bo‘lishi Qo‘shma Shtatlar va Xitoy o‘rtasidagi munosabatda qanday rol o‘ynashi mumkin?
— Bu juda ajoyib holat, ya’ni Oq uyga Xitoy bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqasi bor odam kelish ehtimoli AQSh va Xitoy aloqalari uchun yaxshi holat. Chunki muhim tashqi siyosiy masalalar hal qilinayotganda vitse-prezident ham shu stoldan joy egallaydi. Kelajakda Kamala Harris prezident bo‘lsa, Xitoy masalalarini hal qilishda Tim Uolz muhim rol o‘ynashi mumkin. Ammo respublikachilar uning bu jihatini tanqid qilmoqda. Agar Kamala Harris prezident bo‘ladigan bo‘lsa, Xitoyni tiyib turish siyosatiga erkinlik berib, unga yon bosish siyosatini qo‘llashi mumkin degan fikrlarni aytishmoqda. Lekin, menimcha, bunday bo‘lmaydi, chunki Uolz o‘z chiqishlarida Xitoyni keskin tanqid qiladi. Va AQSh va Xitoy uchun ham birdek xizmat qiladigan siyosat yuritilishiga hissa qo‘shishi mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.